date
views 321

Hamma kutayotgan super o‘yin yoxud Babayan va Shatskix qarama-qarshiligi haqida

Hamma kutayotgan super o‘yin yoxud Babayan va Shatskix qarama-qarshiligi haqida

Superliganing 16-turida ko‘pchilik tomonidan “yil o‘yini” deya ta’riflanayotgan uchrashuv bor. Namanganda “Navbahor” “Paxtakor”ni qabul qiladi. Bu ikki nomning o‘zi ortiqcha anons yoki reklamaga ehtiyoji yo‘q. Shundoq ham 10 avgust kuni “Navbahor” markaziy stadioni muxlislar bilan to‘lib-toshadi. Chempionlik kurashida bir-biriga asosiy raqobatchilarning o‘zaro o‘yini hamma vaqt e’tibor markazida bo‘lib kelgan.

Markaziy to‘qnashuvga klublar ochko yo‘qotishlar bilan yetib keldilar. Ayniqsa, “Paxtakor”dagi vaziyat murakkabroq. Boisi, o‘tgan turda o‘z maydonida “Neftchi”ga 0:1 hisobida yutqazib qo‘ydi. Undan oldin esa sensatsion tarzda O‘zbekiston Kubogi musobaqasidan chiqib ketdi. 1\8 final bosqichida pro liga vakili Samarqandda “Dinamo”ga qarshi uchrashuvda “Paxtakor” 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi va musobaqani barvaqt tark etdi. Ketma-ket ikkita mag‘lubiyat “Paxtakor” muxlislarini g‘azablantirib yubordi. Bosh murabbiy Maksim Shatskix va ayrim futbolchilar tomon tanqid toshlari otilyapti.

Albatta, “Navbahor” ham o‘tgan turda qimmatli ikki ochkoni yo‘qotdi. Bekobodda “Metallurg”ga qarshi bellashuvda 1:1 hisobi kuzatildi. Chempionlik uchun kurashda yo‘qotilgan har bir ochko keyinchalik o‘z so‘zini aytishi aniq. Ayni paytda turnir jadvalida “Navbahor” 15 o‘yinda 33 ochko bilan 1-o‘rinda boryapti. “Paxtakor” esa bitta kam o‘yin o‘tkazgan holda 31 ochko bilan 3-pog‘onadan joy egallab turibdi.

Bo‘lajak uchrashuv qanday haroratda va qanday murosasizlik ruhi ostida o‘tishini oldindan tasavvur qilish qiyin emas. “Navbahor” bosh murabbiyi Samvel Babayanning faoliyatida “Paxtakor” alohida ahamiyat kasb etishi barchaga yaxshi ayon. Ayniqsa, bu bahs chempionlik yo‘lida muhim o‘yin ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, Babayan ham namanganlik ishqibozlar qarshisida qanday bo‘lmasin uch ochkoni qo‘lga kiritib turnir jadvalidagi o‘rnini yanada mustahkamlab, chempionlik uchun kurashda muhim qadamni tashlamoqchi.

“Paxtakor” haqida boya to‘xtaldik, “Sherlar” uchun orqaga yo‘l yo‘q. Bosh murabbiy Maksim Shatskix “Neftchi” bilan bahsda hakamga e’tiroz bildirgani uchun qizil kartochka bilan maydondan chetlatilgan. Namangandagi uchrashuvda Shatskix murabbiylar shtabida o‘tira olmaydi. “Paxtakor” esa yana vodiy yetakchilaridan biriga qarshi o‘ynaydi.

Ikkala jamoaning o‘yinlar tarixi ham muxlislar uchun qiziq. Chempionat doirasida ular 65 bor maydonda to‘qnash kelishgan. Katta ustunlik “Paxtakor” tomonida. Boisi, “Navbahor” 13 marta, “Paxtakor” esa 40 marotaba g‘alaba qozongan. Yana 12 ta bellashuvda kuchlar teng kelgan. Shunga yarasha to‘plar nisbatida ham tafovut katta. Namanganliklar 50 ta gol urgan bo‘lsa, “Paxtakor”da bu raqam 107 tani tashkil qilmoqda.

Yana bir gap: “Navbahor” uchun “Paxtakor”ga qarshi so‘nggi yillardagi o‘yinlar u qadar kutilgan natijani bermayapti. Chunki namanganliklar o‘z maydonida bu raqibini oxirgi bor 2018 yilning 28 iyul kuni yenggan. O‘shanda 1:0 hisobi tabloda porlagan. Yodingizda bo‘lsa, bu yil birinchi davrada Toshkentdagi uchrashuvda “Paxtakor”ning qo‘li baland kelgan – 2:1.

Xullas, “Navbahor” “Paxtakor”ga qarshi oxirgi yillardagi g‘alabasiz seriyasiga bu safar barham berishga qodirmi? Bu borada ularda imkoniyat yetarli, eng yaxshi o‘yinchilar ham “Navbahor”da. “Paxtakor esa Kubok bahsida “Dinamo”dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin nokaut holatiga tushib qolgandek. Ha, Shatskix avvaliga Abramovga, keyin Levchenkoga taslim bo‘ldi. Endi esa yo‘lida Babayan turibdi.

Shuhratbek Jo‘rayev.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hamma kutayotgan super o‘yin yoxud Babayan va Shatskix qarama-qarshiligi haqida