date
views 688

Fransiyada oson bo‘lmaydi: Abduqodir Husanov eng kam - 19 daqiqa o‘ynadi

Fransiyada oson bo‘lmaydi: Abduqodir Husanov eng kam - 19 daqiqa o‘ynadi

Yangi mavsumdan e’tiboran, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Fransiya chempionatini alohida e’tibor bilan kuzatadi. Avvallari, hamyurtlarimizning aksariyati Lionel Messi, Neymar, Kilian Mbappe kabi jahon futboli yulduzlari uchun Liga1 o‘yinlarini tomosha qilgan bo‘lsa, endi hammamiz “Lans” tarafdoriga aylanamiz.

Chunki o‘tgan mavsumda PSJdan atigi bir ochko ortda qolib, vitse-chempion maqomini olgan “Lans” O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. 19 yoshli Abduqodir kuchli beshlik ligalariga kiruvchi Fransiya yuqori divizioniga yo‘l olgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida tarixga kirdi.

Boshlanayotgan mavsumda “Lans” o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ygan. Ular milliy birinchilikda chempionlik va Yevropa Chempionlar ligasida yuqori natija ko‘rsatishni istayapti. Shu bois, transfer bozorida ancha faol ishlashdi. Ketganlar ham, kelganlar ham ko‘p bo‘ldi.

Yarim himoyachilardan Morgan Gilavogi, Andi Diuf hamda himoyachi Abduqodir Husanov transferlariga lansliklar pul sarfladi. Yana to‘rt nafar yarim himoyachi ham “Lans” bilan hamkorlik o‘rnatdi.

“Lans” o‘z yetakchilaridan bir nechtasini sotib yubordi. Jan Onana “Beshiktosh”ga, Seko Fofana “An-Nasr”ga, Loi Openda “Leypsig”ga transfer qilindi. Yana besh nafar o‘yinchi klub bilan xayrlashib, o‘ziga boshqa jamoa topishiga to‘g‘ri keldi.

Mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida bosh murabbiy Frank Xeyz jamoaning o‘yin amaliyotini oshirishga alohida e’tibor qaratdi. “Lans” futbolchilari jami yettita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Natija chakki emas: ikkita g‘alaba, to‘rtta durang va bitta mag‘lubiyat.

“Lans” vakillari Fransiya jamoalaridan  “Sosho”ni 3:0, “Dijon”ni 2:0 hisobida yengdi. Uy uchrashuvlaridan “Dyunkerk” hamda “Amen”ga qarshi bahslar 4:4 hamda 2:2 hisobida yakunlandi. Italiyaning “Torino”si bilan bo‘lgan o‘yinda hisob ochilmadi. Shuningdek, jamoa Germaniyadan “Volfsburg” bilan 1:1 hisobidagi durang bilan qaytdi.

So‘nggi – “Old Trafford”dagi o‘yinda “Manchester Yunayted” futbolchilari “Lans” ustidan 3:1 hisobida zafar quchdi.

“Lans” safiga oxirigi bo‘lib qo‘shilgan Abduqodir Husanov faoliyatida ilk bor kuchli beshlik ligalarida o‘ynayotgan katta jamoalarga qarshi to‘p tepdi. 19 yoshli himoyachimiz “Volfsburg”, “Torino” va “Manchester Yunayted” futbolchilariga bilan bellashdi.

Biroq, iste’dodli yosh futbolchimiz “Lans” vakillari orasida o‘rtoqlik bellashuvlarida vaqt hisobida eng kam harakat qilgan o‘yinchi bo‘ldi.

“Lans” klubi faoliyatini muntazam yoritib kelayotgan manbalardan biri - https://le11hdf.fr sayti ekspertlari o‘rtoqlik uchrashuvlarda qatnashgan futbolchilarning maydonda o‘tkazgan vaqtlarini hisoblab chiqdi. Eng ko‘p o‘ynagan o‘yinchi sifatida 392 daqiqa harakat qilgan Endi Diuf qayd etilgan. Bu borada eng kamtar ko‘rsatkich Husanovda – 19 daqiqa.

Shunga qaramay, bosh murabbiy Frank Xeyz o‘zbek legioneri juda kam o‘ynagan bo‘lsa-da, salohiyati yuqori ekanini ko‘rsata olganini alohida e’tirof etgani ahamiyatli.

“Lans” futbolchilarining maydonda o‘tkazgan vaqti statistkasi quyidagicha ko‘rinish oldi:

  1. Endi Diuf: 392 daqiqa
  2. Djonatan Gradit: 382 daqiqa
  3. Adrien Tomasson: 377 daqiqa
  4. Florian Sotokava Kevin Danso: 376 daqiqadan
  5. Andjelo Fuldjini: 358 daqiqa
  6. Bris Samba va Fakundo Medina: 348 daqiqadan
  7. David Pereyra da Koshta: 330 daqiqa
  8. Morgan Gilavogi: 310 daqiqa
  9. Pshemislav Frankovski: 296 daqiqa
  10. Salis Abdul Samed: 293 daqiqa
  11. Steyn Spirings: 287 daqiqa
  12. Deyver Machado: 273 daqiqa
  13. Jyulen Le Kardinal: 270 daqiqa
  14. Massadio Xaydara: 252 daqiqa
  15. Nil El-Aynaui: 213 daqiqa
  16. Jan-Lui Leka va Asanda Sishuba: 182 daqiqadan
  17. Uesli Said: 166 daqiqa
  18. Nolan Bonte: 163 daqiqa
  19. Fode Silla: 155 daqiqa
  20. Ismaelo Ganiu: 123 daqiqa
  21. Oskar Kortes: 117 daqiqa
  22. Yannik Pandor: 65 daqiqa
  23. Lukash Poreba: 25 daqiqa
  24. Abduqodir Husanov: 19 daqiqa

Fransiya oliy divizioniga 11 avgust kuni “Nitssa” va “Lill” o‘yini bilan start beriladi. “Lans” birinchi tur uchrashuvini 13 avgust kuni safarda “Brest” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fransiyada oson bo‘lmaydi: Abduqodir Husanov eng kam - 19 daqiqa o‘ynadi