Italiyalik futbol mutaxassislari “Kalyari” jamoasining A Seriyadagi imkoniyatlarini tahlil qilish jarayonida klubning transfer bozoridagi faolligi va yangi o‘yinchilar imkoniyati haqida ham fikr bildirmoqda.
Bu gal www.tuttocagliari.net sayti jurnalistlari 1986 yili Diyego Maradona bilan birga “Napoli”ning Italiya chempioni bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan sobiq futbolchi Salvatore Banining fikr-mulohazalariga qiziqdi.
Futbolchilik faoliyati davomida “Karpi”, “Perudja”, “Inter”, “Napoli” va “Avellino” jamoalari sharafini himoya qilgan Bani keyinchalik ham millionlar o‘yinidan uzoqlashgani yo‘q. U ekspert va sharhlovchi sifatida futbol o‘yinlarini sharhlab kelmoqda.
Salvatore futbol jamoatchiligi orasida xorijlik o‘yinchilarning salohiyatini to‘g‘ri baholay olishi bilan e’tibor va e’tirof qozongan. Hozir ham futbol menejeri va transferlar bo‘yicha maslahatchi sifatida ish yuritmoqda.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol muxlislari e’tiboriga Salvatore Banining Eldor Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olgan “Kalyari”ning A Seriyadagi imkoniyatlari haqidagi intervyusini havola etadi.
- Janob Salvatore, “Kalyari”, nihoyat A Seriyaga ko‘tarildi. Nima deb o‘ylaysiz, jamoa musobaqa jadvalida 10-11-o‘rinlar atrofidagi pozitsiyalardan joy olishga qodirmi?
- “Kalyari” yuqori divizionga o‘tish o‘yinining so‘nggi soniyalarida Pavolettining “Bari”ga urgan goli evaziga A Seriyaga chiqdi. Ayni paytda klub rahbariyati bosh murabbiy Klaudio Raneri g‘oyalari asosida barqaror jamoa shakllantirishga harakat qilmoqda.
Aytish joizki, ular hozirga qadar Italiya va xorijda nomi chiqqan futbolchilarni olishga e’tibor qaratdi. Bu o‘yinchilar bizning ligamizda yoki boshqa kuchli chempionatlarda sinovdan o‘tgan. Asosiy e’tibor ko‘p xarajat qilmagan holda, yaxshi saviyadagi ijrochilar evaziga tarkibni kuchaytirishga qaratildi.
Murakkab tomoni shundaki, bu harakatlar ancha kech, iyun oyidagi pley-off finallaridan keyin boshlandi. Agar siz A Seriya turnir jadvalining o‘rtalarida yuradigan jamoa tuzmoqchi bo‘lsangiz, transfer bozorida kamida bir yil davomida o‘yinchilarni zimdan kuzatib borishingiz va ularning imkoniyatlarini chamalab ko‘rishingiz kerak bo‘ladi. “Kalyari”da bunday imkoniyat bo‘lmadi.
Vaziyatdan chiqish uchun Sardiniya klubi tajribali, sinovdan o‘tgan va taniqli o‘yinchilarni o‘z tarkibiga qo‘shib olishga kirishdi.
Futbol olamida “Kalyari”ni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan va hali hech kim tanimaydigan o‘yinchilar ko‘p. Lekin klub rahbariyatida ularni qidirib topish va imkoniyatlarini baholash uchun vaqt bo‘lgani yo‘q. Shu tufayli ular Borxa Mayoral, Petanya, Sulemana, Yankto, Augello kabi taniqli o‘yinchilarga e’tibor qaratdi.
- “Kalyari”ning hujum chizig‘iga olgan hozircha yagona futbolchisi – Eldor Shomurodov haqida nimalar deya olasiz?
- Eldor, albatta, o‘zining yuqori darajasiga chiqishi shart. Rimda va La Spetsiyada faoliyati yaxshi chiqmadi, deymiz. Yoki bo‘lmasa, Shomurodov “Roma” va “Spetsiya”da salohiyatiga loyiq o‘yin ko‘rsatmadi, deb baholashimiz to‘g‘riroq bo‘ladi.
Klaudio Raneri Shomurodovga ishonayotgani aniq. Lekin 28 yoshli o‘zbek legioneri A Seriyada asosiy rollarda bo‘lishi uchun o‘yin sifati va gollari sonini muntazam oshirib borishi talab etiladi.
Hozir transfer bozorida juda qiziqarli nomzodlar ko‘p. Ularni xarakteristikasidan kelib chiqib, tanlab olishadi. Agar “Kalyari” fevral-mart oylariga borib, musobaqa jadvalining o‘rtalariga ko‘tarila olsa, ularda keyingi mavsum uchun tarkibni to‘liq shakllantirib olish va kuchaytirish uchun vaqt yetarli bo‘ladi. Takroran aytaman, hamma narsa birinchi navbatda, vaqtga, imkoniyatga va tanlovga bog‘liq bo‘ladi.
- Bosh murabbiy Klaudio Ranerida taktik sxemalarni o‘zgartirish uchun o‘yinchilar va imkoniyatlar yetarlimi?
- Klaudio juda tajribali murabbiy va u o‘yinlar davomida futbolchilarning xarakteristikasiga tayanish kerakligini juda yaxshi biladi. Mavsumning ayrim qismida ba’zi o‘yinchilar o‘zini yaxshi ko‘rsata olmasligi mumkin. Murabbiy bunday paytda ayrim uchrashuvlarda taktik sxemalarni o‘zgartirishni o‘ylaydi. Lekin Raneri boshqargan jamoalarga samara keltirgan fundamental konsepsiya futbolchilarning texnik sifatlariga tayanadi. O‘yinchilarning maydondagi joylashuvi aniq bir o‘yin, holat va ehtiyojdan kelib chiqib amalga oshiriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!