Superliga 16-turi doirasida "Paxtakor"ga qarshi o‘yindan keyin "Navbahor" bosh murabbiyi Samvel Babayan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
O‘yin haqida
- Chempionatdagi eng asosiy o‘yin haqida nima ham deyish mumkin. Muxlislarimiz oldida mag‘lubiyat uchun uzr so‘rayman. Birinchi bo‘lim biz uchun "proval" tarzda o‘tdi. Bir qancha futbolchilar o‘z vazifasini bajara olmadi, kurashlarda mag‘lub bo‘ldi. Bularning fakti o‘tkazib yuborilgan ikki gol. Ikkinchi bo‘limda nimalarnidir to‘g‘rilay oldik. Ha, balki, o‘yinda oldindan o‘ylangan hech nima qilingani yo‘q, deb bemalol aytsam bo‘ladi.
- O‘yinda asosan hissiyotlar birinchi o‘rinda turdi. Gol urdik, vaziyatdan chiqib ketishimiz uchun yana vaziyatlar bo‘ldi. Albatta, mag‘lubiyatga loyiq emasdik. Ochiq aytaman, ikkinchi o‘yinda ham durangga loyiq bahs bo‘ldi. Toshkentda ham, bu yerda ham omad kelmadi. Ikkita durangga mos o‘yinda biz raqibga mag‘lub bo‘lyapmiz. Chempionlik uchun kurashni biroz qiyinlashtirdik. Biroq oldinda hali 10ta o‘yin bor. Barchasini tahlil qilgan holda jamoani tayyorlaymiz.
- Afsuski, o‘yindan keyin bunday emotsiyalar bo‘lishini istamagandik. Endi bu holatni to‘g‘rilashimiz kerak. O‘yin oldidan bo‘lgan ajiotaj va atmosferaning barchasi ayni damda "Navbahor" sharafini himoya qilayotgan futbolchilar sababli. Ha, bugun o‘xshamadi. Sabablarini hali ko‘rib chiqishimiz kerak. Yigitlar juda ko‘p ishlashadi, mehnat qilishadi. Ammo Bekobodda so‘nggi daqiqada g‘alabani qo‘ldan chiqardik. Afsuski, futbolda shunday "proval" holatlar ham bo‘lib turadi. Biroq takrorlayman, bu yerda ruhi tushmaydigan, sha’ni uchun kurashadigan futbolchilar yig‘ilgan.
- Jamoaning g‘alabasiz o‘yinlari seriyasi ikkitaga yetdi. Bu OCHL o‘yinidan oldin xavotirli emasmi? OCHL bahsiga alohida rejalar tuzilganmi?
- OCHL o‘yiniga qadar Kubok bahsini o‘tkazishimiz kerak. Xalqaro maydon uchun tayyorgarlikni Kubok o‘yinidan keyin boshlaymiz. Hozir bizda sensatsion natijalar ko‘paydi. Shu sababli biz ham Nukusda kurashishimiz kerak. Oddiy o‘yinlar yo‘q, u yerda ham asosiy tarkibimiz bilan o‘ynaymiz.
- "Navbahor" ushbu mavsum grand jamoalarni mag‘lub eta olmadi. Bunga nima sabab bo‘lmoqda?
- Haqiqatdan ham bu muammo. Kuchli to‘rtlikdan tashqari qolgan barcha jamoalarni mag‘lub etdik. Barchasi ruhiy tayyorgarlikka bog‘liq. Navbatdagi o‘yinga qadar ishlar to‘g‘rilanadi va kelasi bahsda barchasi ko‘rina boshlaydi.
- "Navbahor" o‘yindan oldin "Paxtakor"ning uch himoyachi bilan o‘ynashiga tayyorlanganmidi yoki to‘rt himoyachi?
- Professional savol. To‘g‘risini aytsam, tayyorgarlikda bu inobatga olinmaydi. Odamlar jamoalarda 5-6 xil uslub bo‘lishi kerak deb hisoblashini eshitganman. Ammo o‘tgan 3-4 yil davomida jamoalarda ko‘plab murabbiylar o‘zgardi. Bu yerda muammo butun bir sxemada yoki rejada emas. Butun bir jamoani birgina inson olib chiqib ketishi mumkin - bu jamoa sardori. U jamoani barcha vaziyatdan olib chiqib ketmoqda. Buni bilardik, ammo u bugun ham gol urdi va asosiy figuraga aylandi. U jamoaning asosiy devori. Cheransiz "Paxtakor"ni Samarqandda ko‘rdik. Birinchi bo‘limning o‘zida jamoa uchta gol o‘tkazib yubordi. Shu sababli tan olish kerak, Cheranning yetakchilik salohiyati sababli "Paxtakor" bir necha yillardan buyon natija qilib kelmoqda.
- Cheran kabi legioner "Navbahor"ga nega yetishmayapti?
- Bizdagi barcha legionerlarning saviyasi normal darajada. Hujum chizig‘imizda esa faqatgina bir futbolchi bor - Toma Tabatadze. Hujumkor futbolchilarimizning barchasi terma jamoada o‘ynashadi. Jamoaga legioner olib kelishdan mantiq ko‘rmayapman. Bugun O‘runov jarohat oldi va almashtirildi. Qolgan hujumkor futbolchilar ham o‘z darajasidan pastroq o‘ynadi. Shu sababli hujum chizig‘ini kuchaytirishdan ma’ni yo‘q deb hisoblayman. Tabatadze bugun gol urdi. U jamoamiz uchun muhim futbolchi.
- Futbolchilar maydonda xato qilishdan qo‘rqib o‘ynagandek tuyuldi?
- "Navbahor" futbolchisida doimo bosim bor va bo‘ladi, har qanday holatda. Muxlislarga to‘la stadionni xursand qilish uchun barchada katta ishtiyoq bo‘lishi kerak. Bu esa futbolchilarimizga ta’sir o‘tkazishi kerak. Shu boisdan barcha futbolchilar bosimni his qilib turishadi.
- "Navbahor" mana ikkinchi mavsumdirki, qanot himoyachilari bo‘lmagan futbolchilarni qanotda o‘ynatmoqda. Siz o‘zingizga kerakli qanot himoyachilarini topa olmayapsizmi yoki boshqa sabab bormi?
- Bugungi o‘yindagi asosiy muammo - birinchi golda chap qanot himoyasidagi qoniqarsiz o‘yin. Bu fakt. "Paxtakor"da Cheran kabi muhim bo‘lgan Alijonov chap qanotimizni yondirib ketdi. Ha, aynan qanotlar sababli raqiblar ko‘plab hujumlar qilishdi. Davron Hoshimov jarohati sababli o‘yinda ishtirok eta olmadi. Bu ham biz uchun muammo bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!