date
views 1 310

Raneri: Shomurodov o‘ynamasligi kerak edi!

Raneri: Shomurodov o‘ynamasligi kerak edi!

Nihoyat, o‘zbekistonlik ko‘plab muxlislar kutganidek, O‘zbekiston  milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov “Kalyari”dagi faoliyatini rasman boshladi.

Klaudio Raneri shogirdlari Italiya kubogida katta qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, “Palermo” jamoasini 2:1 hisobida yengib, musobaqadan chiqarib yubordi. Asosiy vaqtda hisob ochilmadi va barcha gollar qo‘shimcha taymlarda kiritildi.

Eldor Shomurodov 83-daqiqada maydonga tushirildi va o‘yin oxirigacha harakat qildi.

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Klaudio Raneri bellashuv haqida o‘z fikr mulohazalarini bildirdi.

Murakkab o‘yin haqida

Biz juda kuchli jamoaga qarshi ancha qiyin o‘yinni o‘tkazdik. Raqib o‘ziga xos xususiyatlari bor jamoa edi. Uchrashuvning birinchi qismida maydondagi kurashlarda biz ustunlik qildik, lekin raqib darvozasini ishg‘ol qila olmadik. Ikkinchi bo‘limni “Palermo” yaxshi boshladi. Keyinroq biz vaziyatni o‘nglab oldik. Durang bo‘lib turgan pallada biz g‘alaba to‘pini kiritdik.

Jamoa birdamligi haqida

Mavsumning dastlabki rasmiy uchrashuvini o‘tkazdik. Men ayrim yigitlar 120 daqiqa faol o‘ynay olishini kutmagan edim. Buyog‘iga ularning o‘yini qanday o‘zgarib borishini sinchkovlik bilan kuzatib borishimizga to‘g‘ri keladi. A Seriyada ba’zi xatolarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Nikolas Viola haqida

Violaning ahvoli yaxshi, u mashg‘ulotlarda qatnashdi, hammasi joyida. Men jamoani qabul qilib olganimda uning holati ko‘ngildagidek emasdi. U o‘z pozitsiyasini yaxshi his qiladigan kuchli futbolchi.

“Kalyari” taslim bo‘lmasligi haqida

Jamoamiz hali eng yaxshi formasiga chiqqani yo‘q. Lekin “Kalyari” bunaqa faol o‘ynaydi, deb o‘ylamagandim. Biz hali 100 foiz tayyor emasmiz. Biroq futbolchilar o‘z vazifasini uddaladi.

Yangi o‘yinchilar haqida

Men hamma yangi o‘yinchilarning harakatlaridan mamnunman. Biz bu futbolchilar chempionat davomida yangi imkoniyatlar taqdim qila olishiga ishonib, ularni o‘z safimizga qo‘shib olganmiz. Gaetano Oristanio va Ibrohim Sulemana yuqori divizionda o‘ynash bo‘yicha tajribalari yetishmasligiga qaramay, bu uchrashuvda juda yaxshi o‘ynadi.

Qanot hujumchilari haqida

Qanotlarda o‘ynayotgan futbolchilar hujumkor xarakteristikaga va hujumni kuchaytirish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Ular qiyinchiliklarni o‘z zimmasiga olishga, ba’zan xotirjam o‘ynashga tayyor turishi shart. Nima bo‘lgan taqdirda ham ular taslim bo‘lmasligi kerak. Chunki A Seriya xato va kamchiliklarni kechirmaydi.

Eldor Shomurodov haqida

Reja bo‘yicha Eldor Shomurodov bu uchrashuvda qatnashmasligi kerak edi. Lekin men Leonardo Pavolettining o‘yindan chiqib qolganini ko‘rganimdan keyin o‘zbekistonlik legionerni maydonga tushirishga majbur bo‘ldim.

Shomurodov o‘zining optimal formasini hali 50-60 foizga ham tiklab olgani yo‘q. Ana shu holatda ham muxlislarga o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, “Kalyari” Italiya kubogini muvaffaqiyat bilan boshladi. Endi sardiniyaliklar 1/16 finalda yana bir kuchli raqib – “Udineze”ga to‘qnash keladi.

“Kalyari” futbolchilari A Seriyadagi ishtirokini 21 avgust kuni boshlaydi. Klaudio Raneri shogirdlari chempionatning birinchi uchrashuvini Turinda “Torino” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Raneri: Shomurodov o‘ynamasligi kerak edi!