06:50 / 30.08.2023
255

Jamshid Saidov: "Paxtakor" yaratgan 3 vaziyatidan foydalanib ketdi"

Jamshid Saidov: "Paxtakor" yaratgan 3 vaziyatidan foydalanib ketdi"

“Qizilqum” jamoasi bu turda o‘zi uchun juda noqulay bo‘lgan “Paxtakor”ni qabul qildi. Bu safar ham navoiyliklar ushbu raqibiga mag‘lubiyatga uchradi. “Qizilqum”ning turnir jadvalidagi holati qoniqarli emas. Uchrashuvdan keyin esa mezbonlar bosh murabbiyi Jamshid Saidov fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Bugungi uchrashuv haqida nima ham deyishim mumkin? Futbolchilarga u qadar katta e’tirozim yo‘q. Biz uchta vaziyatda muvozanatni yo‘qotdik. Natijada “Paxtakor” uchta vaziyat yaratdi va uchalasidan foydalanib ketdi. Biz esa o‘zimiz yaratgan imkoniyatlarimizdan yetarlicha foydalana olmadik. Bu borada bir qator vaziyatlarga ega bo‘lgandik. Nima ham derdim, yana? Yigitlarga minnatdorchilik bildiraman. Ular oxirigacha kurashishdi. Boya aytganimdek, ularga katta e’tirozim yo‘q. Agar yomon o‘ynaganimizda e’tiroz bildirishim mumkin edi. Ammo unday emas. Biz oxirgi turgacha harakat qilamiz. Albatta, g‘alaba qozona olmaganimiz uchun muxlislarimizdan uzr so‘raymiz. Ular bizni juda yaxshi qo‘llab turdilar. Ularning ishonchini oqlashga harakat qilamiz.

- Muhammadali G‘iyosovni Marko Simonovskiyning o‘rnida boshlang‘ich tarkibda sinab ko‘rilsa bo‘lmasmikin?

- Ko‘rib chiqamiz. Har doim imkoniyat bo‘ladi va har bir o‘yinchiga o‘sha imkoniyatni beryapmiz. O‘yinchilarni o‘ziga yarasha funksional jihatlari bor. Yana ko‘ramiz.

- “Qizilqum” ko‘p ham ikkita hujumchi bilan o‘ynamagan. Bunday taktikani ko‘rib chiqish kerakmikin?

- Har bir o‘yinda ikki xil taktika qo‘llayapmiz. Bizda himoyaviy va hujumkor taktika bor. Biz darhol sxemani o‘zgartirishimiz mumkin. O‘ylashimcha, bu normal holat.

- Akmal Muzaffarov xususida nima deya olasiz?

- Akmal navoiylik yosh va iqtidorli futbolchi. Undan umidimiz katta. Yaxshi o‘yin ko‘rsatishga intilyapti. Unga imkoniyat beryapmiz va ikkinchi o‘yinida maydonga tushdi. U bilan yana ishlashda davom etamiz.

- Jamoaning namoyish etayotgan o‘yini chakki emas. Biroq muxlislar natijadan norozilar. Ayniqsa, oxirgi o‘rindaligi ularga yoqmayapti. Agar omadli o‘yinni yo‘lga qo‘ya olsangiz, hammasi iziga tushadi...

- Bu borada shuni aytmoqchimanki, har o‘yinni ko‘rib chiqamiz. Aytyapmanku, futbolchilarga jiddiy e’tirozlar yo‘q. Jamoamiz qarshi hujum va pozitsion hujumlar orqali vaziyatlarga ega bo‘lib boryapti. Bir qator holatlarda darvozabon jamoasini gollardan qutqarib qoldi. Bilasizmi, jamoamizda jiddiy muammolar yo‘q. Albatta, muxlislarni to‘g‘ri tushunib turibman, ular haq gapni aytishyapti. Chunki biz chindan oxirgi o‘rindamiz. Yigitlarni o‘zlari ham har bir uchrashuvning ahamiyatini yaxshi his qilib turishibdi. Turnir jadvalidagi holatimiz hammasini aytib turibdi. Har bir uchrashuv biz uchun oxirgi imkoniyatdek. Jamoani g‘alabalarga yetaklash uchun maksimal darajada harakat qilyapmiz. Faqat qayerdadir omadimiz chopmayapti. O‘yinlarimizni ko‘ring, qancha imkoniyatlarni yaratyapmiz, lekin gol ura olmayapmiz. Penalti orqali bir nechtasini kiritdik. Ha, penaltidan foydalanayotganimiz ham yaxshi, lekin o‘yindan gol urishda qiynalyapmiz. Vahobovda ikkita qulay vaziyat bo‘ldi. Hozirgi holatda ruhiy bosim bor. Turnir jadvalidagi holatdan kelib chiqib muxlislar va rahbariyat natija talab qilishyapti va bunga haqlilar. Xudo xohlasa, hali imkoniyatimiz bor, oxirigacha kurashamiz.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jamshid Saidov: "Paxtakor" yaratgan 3 vaziyatidan foydalanib ketdi"