10:03 / 09.09.2023
117

Xivada Xalqaro etnosport festivali boshlandi, prezident ishtirokchilarga tabrik yo‘lladi

Xivada Xalqaro etnosport festivali boshlandi, prezident ishtirokchilarga tabrik yo‘lladi
Foto: Yoshlar siyosati va sport vazirligi

Xorazm viloyati, Xiva shahridagi «Ichon Qal’a» majmuasida Xalqaro etnosport festivali ochildi. Tadbir doirasida etnosport turlarini rivojlantirish va yanada ommalashtirish bo‘yicha forum, osh pishirish musobaqasi, qovun sayli, hunarmandchilik mahsulotlari hamda san’at asarlaridan ko‘rgazma, «Bahodirlar o‘yini» musobaqasi, 6 ta sport turi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar, 12 ta milliy xalq o‘yinlari bo‘yicha ko‘rgazmali o‘yinlar tashkil etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev festival ishtirokchilariga qutlov so‘zini yo‘lladi.

«Mamlakatimizda milliy xalq o‘yinlarini targ‘ib etish va ommalashtirish, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda bu borada qator qarorlar, jumladan, Etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Ayniqsa, milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli musobaqalar tizimi tashkil etilgani, Toshkent shahrida har yili bir marta etnosport turlari bo‘yicha respublika festivali, Xiva shahrida esa ikki yilda Xalqaro etnosport festivalini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi muhim amaliy qadamlarimizdir», deyiladi tabrikda.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda har bir tuman va shaharning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini ommalashtirish va rivojlantirish, sport musobaqalarini tashkil etish bo‘yicha hududiy dasturlar qabul qilinganini ta’kidladi.

Yosh avlod o‘rtasida milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini ommalashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. Ushbu yo‘nalishda malakali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar olib borish masalalari ham e’tibor markazida ekanini aytdi.

«Fursatdan foydalanib, ushbu festivaldagi ishtirokingiz uchun siz, azizlarga, xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga samimiy minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan bu festival dunyodagi nufuzli sport anjumanlari qatoridan munosib o‘rin egallaydi. Festival doirasida o‘tkaziladigan sport musobaqalari, xalqaro turnir, jahon chempionatlari va konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman», deyiladi tabrik yakunida.

Etnosport festivali 10 sentabrgacha davom etadi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xivada Xalqaro etnosport festivali boshlandi, prezident ishtirokchilarga tabrik yo‘lladi