A Seriyaning navbatdagi turida “Kalyari” futbolchilari yettinchi turda “Fiorentina” mehmoni bo‘ladi. Joriy mavsumda bu ikki jamoa ikki maqsad uchun kurashmoqda.
Florensiyaliklar Yevrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritmoqchi va hozircha, xalqaro maydonga yo‘l ochadigan yettinchi pog‘onani egallab turibdi.
Sardiniyaliklar esa, A Seriyadagi joyini saqlab qolish harakatida. Biroq hali birorta g‘alaba qozonmagan "Kalyari” so‘nggi pog‘onaga tushib qolgan.
“Kalyari” bosh murabbiyi Klaudio Raneri 2 oktyabrga belgilangan uchrashuvga bag‘ishlangan matbuot anjumanida quyidagi ma’lumotlarni berdi.
Jamoa birligi haqida
Biz turli xatolarga yo‘l qo‘yavermasdan, jamoa sifatida yanada o‘sishimiz kerak. Xatolar bu ligada juda qimmatga tushadi. Bizga g‘alaba yetishmayapti. Lekin muxlislarimiz biz A Seriyada qolish uchun bor kuchimizni sarflayotganimizni bilishlarini istardim.
“Milan”ga qarshi o‘yin haqida
“Milan”ga qarshi bahs, biz yaxshi o‘yin o‘tkazdik, degan taassurotlarni qoldirdi. Lekin natija kutilgandek bo‘lmadi. Bellashuvda hisob 3:1 ko‘rinishga kelgan bo‘lsa-da, biz umuman taslim bo‘lganimiz yo‘q. Muxlislarimiz oxirigacha kurashganimizni qo‘llab-quvvatladi. Ikkinchi bo‘limda o‘yinga mo‘ljallagan rejalarimizni tadbiq qila oldik, hisobni o‘zgartirish uchun bosim qildik.
Tanqidlar haqida
Natija yo‘qligida tanqid qilishayotgani normal holat. Biz yo‘limizda davom etamiz. Men bu jamoaning qanday ekani va yigitlar nima bera olishini yaxshi bilaman. Men jamoa kurashayotganini ko‘rib turibman. Har bir mashg‘ulotda ham bu namoyon bo‘lmoqda. Hammamiz burilish nuqtasi kelishini intizorlik bilan kutib turibmiz.
“Fiorentina” haqida
“Fiorentina” — zo‘r jamoa. Ular o‘z tarkibida yuqori sifati o‘yinchilarni jamlagan va juda yaxshi o‘ynaydi. Bizning yigitlar har bir uchrashuv katta imtihon ekanini yaxshi biladi. “Fiorentina”ga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib o‘ynashimizga va hujumga hujum bilan javob berishimizga to‘g‘ri keladi. Raqib hujum qilishni yaxshi biladi.
Jamoa himoyasi haqida
Himoya chizig‘idagi trio qanday o‘ynayotgani menga ma’qul kelyapti. Ba’zan ular keng maydon bo‘ylab harakat qilmoqda. Himoyachilarimizdan A Seriyada qoladigan darajada ko‘proq va yaxshiroq o‘ynash talab etiladi.
Hujumchilar haqida
Zito Luvumbo biroz toliqib qolgan, chunki oxirgi ikki uchrashuvda juda ko‘p yugurdi. Hozirgacha safga Marko Mankosu va Yakub Yankto qaytgani yo‘q.
Eldor Shomurodov ikkinchi hujumchi hisoblanadi. Men undagi o‘sishdan mamnunman. Mashg‘ulotlarda holati tobora yaxshilanayotganini ko‘rib turibman. Albatta, Eldorga qo‘shimcha imkoniyat beriladi. Leonardo Pavoletti birinchi hujumchi sifatida jamoaga yordam bera olsa-da, men Eldor Shomurodovga imkoniyat berishni ma’qul ko‘raman. Chunki menga maydonda tezkor futbolchi o‘ynagani yaxshi. Shomurodov “Jenoa”da ko‘rsatgan darajasiga chiqmoqda va mening Eldordan umidim katta.
Ta’kidlash joizki, Italiya futbolini kuzatib borayotgan ayrim mutaxassislar, jurnalistlar, muxlislar Eldor Shomurodovning gol ura olmayotganini tanqid qila boshlagan bo‘lsa-da, Klaudio Raneri legionerimizning harakatlariga ijobiy baho bermoqda. Bu kutilmagan, lekin yoqimli holat, albatta.
“Fiorentina” va “Kalyari” o‘rtasidagi uchrashuv 2 oktbyar kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:45da boshlanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring