O'zbekiston milliy terma jamoasi oktyabr oyida Cian (Xitoy Xalq Respublikasi) shahrida o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazadi. Srechko Katanec boshqaruvidagi jamoamiz yig'in doirasida 13 oktyabr kuni Vetnam, 16 oktyabr kuni esa Xitoy milliy terma jamoasiga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.
Bo'lajak yig'indan avval terma jamoamiz ustozi Srechko Katanecga ochiq xat yozmoqchiman.
Mister Katanec, terma jamoamiz JCH-2026 saralashi va Osiyo kubogiga tayyorgarlik doirasida oktyabr oyida Xitoyda ikkita o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazadi. Mazkur yig'inga terma jamoamiz lideri, to'purari va sardori Eldor SHomurodovni chaqirmaslik menimcha to'g'ri qaror bo'lardi. Sabablarini quyida keltiraman:
Birinchidan, yuqorida aytganimdek SHomurodov terma jamoamiz sardori va eng yaxshi to'purari. Jarohat xalal bermasa uning Osiyo kubogida ishtirok etishi aniq.
Ikkinchidan, avgust oyi boshida "Kalyari"ga ko'chib o'tgan hujumchimiz hamon yangi klubiga to'liq moslashib keta olmayapti. Sababi Eldor sentyabr oyida terma jamoamiz safida AQSHdagi yig'inda ishtirok etdi. Uzoq safardan keyin o'z klubiga qaytib, yana iqlimga moslashish jarayonini boshdan kechirdi. Xitoyga borsa yana shunday muammoga duch kelishi aniq.
Uchinchidan, SHomurodov sentyabr oyidagi FIFA kunlaridan keyin Italiyada shamollab qolgan va bir necha kun davolanish jarayonini boshdan kechirgan.
To'rtinchidan, Eldorning mushaklaridagi kichik og'riqlar tufayli suniy maydonda o'tgan Meksikaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida shifokorlar tavsiyasiga ko'ra ishtirok etmadi.
Beshinchidan, oktyabr oyidagi yig'inda SHomurodovning o'rnida boshqa hujumchilarni sinab ko'rsa bo'ladi. Eldor qanchalik professional bo'lsa ham, inson organizmi ko'plab parvozlardan keyin baribir charchaydi.
Srechko Katanec uchun hujumchilar ro'yxati:
Igor Sergeev ("Patum Yunayted", Tailand) - Tailand klubiga ko'chib o'tgan hujumchimiz aslida o'tgan oydagi yig'inga ham chaqiruv olgandi, biroq kichik jarohat tufayli AQSHga bora olmagandi. Xitoy va Tailand davlatlari orasidagi masofa qisqaligini ham yoddan chiqarmaslik kerak.
Bobir Abdixoliqov ("Ordabasi", Qozog'iston) - Birinchi mavsumdayoq deyarli Qozog'iston chempioni bo'lgan Bobir oktyabr oyida Meksikaga qarshi bahsda milliy terma jamoa tarkibidagi debyut golini urdi va o'zidan yaxshi taassurot qoldirdi. Bo'lajak yig'inga ham Abdixoliqovni chaqirib, sinab ko'rsa bo'ladi.
Azizbek Amonov ("Nasaf", O'zbekiston) - Ushbu hujumchi 2021 sentyabr oyidan 2022 iyun oyiga qadar Katanec qo'l ostida 7 marta terma jamoada maydonga tushgan, yani mister Srechko uning imkoniyatlarini biladi. Erondagi faoliyatini yakunlab, yurtimizga qaytganidan keyin hozircha Azizbek terma jamoaga chaqirilmagandi. Superliga va OCHLdagi o'z o'yinlari orqali yig'inga chaqiruv olishga haqli ekanini isbotladi menimcha.
Zabihillo O'rinboev ("Metallurg", O'zbekiston) - Agar O'zbekiston pasporti bo'lgan hammaga terma jamoa eshiklari ochiq bo'lsa Katanec hech bo'lmasa bir marta Zabihillo O'rinboevni sinab ko'rishi kerak deb hisoblayman. Bir necha yil davomida turli yoshdagi terma jamoalarimizda o'ynagan, uchta Jahon chempionatida (Meksika-2011, Turkiya-2013, Yangi Zelandiya-2015) ishtirok etgan o'zbekistonlik yagona futbolchiga faqat 2018 yilda Timur Kapadze milliy terma jamoada ikkita o'yinda imkoniyat bergandi xolos. O'rinboev yillar davomida juda ko'p tanqidlarga duch kelgan, ammo 2023 yildagi o'yinlari orqali terma jamoaga chaqiruv olishga haqli.
Xulosa. Oktyabr oyida Italiyada o'ynayotgan Eldor SHomurodovga dam olish imkoniyatini yaratib berish kerak va boshqa hujumchilarni sinab ko'rish kerak. O'rtoqlik o'yinlaridagi natijalar birlamchi emas, bundan tashqari oktyabr oyidagi raqiblarimiz AQSH yoki Meksika darajasida emas. Balki oktyabr oyidagi xordiq SHomurodov foydasiga ishlab "Kalyari"dagi ishlari yurishib ketar va noyabr oyidagi Jahon chempionati saralash bahslariga to'liq kuch bilan etib kelar.