Rossiya Premyer-ligasi 11-turining markaziy uchrashuvi poytaxt derbisi bo‘ldi. Unda “Spartak” futbolchilari SSKAni qabul qildi.
So‘nggi daqiqalarga keskin va murosasiz kechgan bellashuvda mezbonlar ikki marta hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. “Armiyachilar” legioneri Milan Gayichning ikki super zarbasiga Kvinsi Promes va Xesus Medina bir martadan javob berdi va bahs 2:2 hisobida yakunlandi.
SSKA vakili Milan Gayich dubl qayd etgan bo‘lsa-da, Abbosbek Fayzullayev uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi, deb eʼlon qilindi.
Legionerimiz o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirib, “Match Premyer” kanaliga intervyu berdi.
- Bu uchrashuv sen uchun qanday ahamiyatga egaligi haqida gapirib bersang. Bu sen uchun birinchi derbi va unda eng yaxshi o‘yinchi bo‘lding.
- Bu prinsipial o‘yin, Moskva derbisi. Biz juda yaxshi tayyorlangandik, buni sizlar ham ko‘rdingiz, yaxshi o‘ynadik. Lekin o‘yin oxirida diqqatimizni yo‘qotdik va gol o‘tkazib yubordik. Alam qildi. Chunki biz yutishni qattiq xohlagandik va amalda raqibni mag‘lub ham etgandik. Oxirida gol o‘tkazib yubordik, ikki ochkodan ayrildik.
- Vladimir Fedotov doim o‘yinchilar bilan aloqada. Kameralar uning futbolchilar bilan suhbatlarini namoyish qilib turadi. Bosh murabbiy sen bilan ham gaplashadimi? Sen murabbiylar o‘rindig‘i tomonda o‘ynading. Bunaqa keskin bahsda murabbiy va futbolchi nimalar haqida gaplashishi mumkin?
- O‘yin davomida biz taktik vaziyatlar bo‘yicha gaplashamiz. Murabbiy qayerda qanday o‘ynash kerakligini aytadi, tushuntiradi.
- Bu bahsda senga qanday vazifa qo‘yilgan edi? Birinchi bo‘limda deyarli to‘pga tegmading, keyin to‘p bilan juda ko‘p harakat qilding, paslar uzatding.
- Ikkinchi bo‘limda oldinga ko‘p yugura boshladim. Hujumda ochilishga harakat qildim va to‘p ko‘p uzatildi.
- Sen ikkinchi marta uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovrinni olding. Ularni qayerda saqlayapsan. Sen o‘tgan oyning eng zo‘r o‘yinchisi va ikkita uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘lding-ku.
- Sovrinlarni Moskvadagi uyimda saqlayapman.
Abbosbek Fayzullayev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. SSKA klubi hujumkor futbolchini avgust oyida o‘z safiga qo‘shib olgan edi.
Ayni paytda 20 yoshli legionerimiz SSKAning asosiy o‘yinchisiga aylanib ulgurdi. Har bir uchrashuvda faol harakat qilayotgan Fayzullayevning o‘zi bittadan gol va assist qayd etgan.
Rossiyalik futbol ekspertlari, murabbiylar, sobiq futbolchilar va muxlislar Abbosbek Fayzullayevning salohiyati va iqtidorini yuqori baholamoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring