Albaniyalik to‘purar yana katta sahanada. Bu yil Superligamizda qahramonlik ko‘rsatayotgan Rubin Xebay “Andijon”ning chinakamiga noyob topilmasiga aylanmoqda. U “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda super zarbasi bilan chempion jamoaning mag‘lub etilishida o‘z hissasini qo‘shdi.
- Rubin ajoyib g‘alaba bilan tabriklayman. Avvalo, o‘yin haqidagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
- Men juda ham xursandman. Jamoa o‘yini, gol, g‘alaba, umuman barchasidan mamnunman.
- Urgan golingizni qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?
- O‘ylaymanki, bir marta zarba berish yaxshiroq. Ya’ni, o‘sha birgina zarbangizni gol bilan tugashi boshqa ko‘plab golsiz berilgan zarbalardan yaxshiroq. Bu eng yaxshi vaziyat edi va ajoyib nuqtadan zarba berishga muvaffaq bo‘ldim. Gol urganimdan hamda jamoamga uch ochko olishida yordam berganimdan baxtiyorman.
- O‘zingiz ham shunaqa gol urishingizni o‘ylaganmidingiz?
- Hujumchilar uchun doim qancha ko‘p gol ursangiz shuncha yaxshi. Buning uchun siz har bir uchrashuvda jang qilishingiz kerak. Ko‘proq gol urish uchun kuchliroq kurash olib borishingizga to‘g‘ri keladi.
- Faoliyatingizda ko‘plab chiroyli gollarni urgandingiz. Bunisi siz uchun qaysi o‘rinni oladi?
- Bu albatta chiroyli gol bo‘ldi. Bunga o‘xshagan gollarni yana ko‘proq urishga harakat qilaman. Aytib o‘tishim kerakki, bu eng yaxshilaridan biri bo‘ldi.
- Albaniyadan kimlardan tabriklarni qabul qilib oldingiz?
- Barcha – mening oilam, do‘stlarim, hammasi. Jamoamga yanada ko‘plab gollar urish orqali mavsum oxirigacha xuddi shu tarzda yordam berishni xohlayman.
- Birinchi davrada ham “Paxtakor” darvozasini ishg‘ol qilgandingiz. Bu safar ham shunday qildingiz. Siz uchun qaysi biri chiroyliroq?
- Menimcha, ikkalasi ham yaxshi gollar. Har ikkala vaziyatda ham darvozabon to‘liq e’tiborni jamlay olmagan holat edi. Aynan o‘sha soniyalarni topishga muvaffaq bo‘lganman va bu 90 daqiqa davomida hujumchilar qiladigan ish. Darvozabonning muvozanatini kutish, bunday holatni ba’zida topa olasiz, ba’zida yo‘q. Shu narsa futbolning eng yaxshi sport ekanini ta’minlab beradi.
- “Andijon” yetakchilarga qarshi ochkolarni tortib olyapti. Buning sababini nima bilan bog‘lay olasiz?
- Menimcha, bu hol jamoaning bosimsiz o‘ynashidan kelib chiqmoqda. Biz mag‘lubiyatdan qo‘rqmaymiz. Har bir futbolchi o‘zining eng yaxshi jihatlarini ko‘rsatishga harakat qiladi. Chunki biz mavsumning birinchi qismi haqida unuta olmaymiz. Ko‘plab o‘yinlarda g‘alaba qozondik, raqiblarni mag‘lub eta oldik. “Andijon” dagi barcha jamoadoshlarim liga jadvalining birinchi yarmida bo‘lishni istaymiz. Mana shunday o‘yinlar esa bizni undan ham ko‘prog‘iga qodirligimizni ko‘rsatib beradi.
- Endilikda to‘purarlar orasida yetakchilardan birisiz. Mavsum yakunida to‘purar bo‘lishingizga ishonchingiz komilmi?
- Men bu yerga to‘purar bo‘lish asosiy maqsadi bilan kelmaganman. Bu yerda jamoaga yordam berish uchun o‘ynayapman va shunga harakat qilyapman. O‘zimga ham yordam berish niyatidaman. Faoliyatimni yanada yorqin davom ettirish maqsadida “Andijon”dagi faoliyatim yaxshi qadam bo‘lishidan umidvorman. Agar mavsum yakunida to‘purar bo‘ladigan bo‘lsam, yana bir xursand bo‘lishga arziydigan natija va bu ajoyib bo‘lardi. Albatta, har bir soniyada buning uchun kurashishga harakat qilaman. Lekin shu bilan bir qatorda Superligadagi boshqa top hujumchilarni ham hurmat qilaman. Ular ham yaxshi mavsumni o‘tkazishyapti. O‘ylaymanki, 5-6 nafar hujumchining to‘purarlikka kurashishi liga uchun ajoyib holat.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring