Birlashgan Arab Amirliklari poytaxtida haydovchisiz avtomobillarning dunyodagi eng yirik poygasi o‘tkaziladi. Musobaqada 10 ta jamoa ishtirok etadi. Poyga 2024 yil 28 aprelida Abu-Dabida bo‘lib o‘tadi.
Formula 1 uchun mo‘ljallangan Yas Marina trekida poygachilar o‘rniga koderlar — spetsifikatsiya bo‘yicha kod yozishga ixtisoslashgan dasturchilar raqobatlashadi.
Abu-Dabi avtonom poyga ligasi (A2RL) Abu-Dabi ilg‘or texnologiyalar tadqiqot kengashining (ATRC) dastur ishlab chiqish bo‘limi Aspire tomonidan yaratilgan. Kompaniya xalqaro universitet jamoalarini, shuningdek, malakali olimlar, koderlar va ishlab chiquvchilarni poyga avtomobillariga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish uchun jamlaydi.
Aspire bosh direktori Tom Makkarti so‘zlariga ko‘ra, jamoalar poygadan ikki hafta oldin trekni birinchi marta sinab ko‘rishadi. Barcha jamoalarning mashinalari bir xil dizaynga ega, ammo dasturiy ta’minot bilan farqlanadi.
Avtonom poygalar nafaqat yangi sport turi, balki avtonom avtomobillar texnologiyasini tadqiq qilish va rivojlantirish uchun platformadir. Ushbu tadbirlarda tadqiqotchilar va muhandislar o‘z algoritmlari va tizimlarini sinab ko‘rishi va yaxshilashi mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring