12:07 / 13.10.2023
230

"Paxtakor"ni musobaqadan chiqarib yuborgan pro liga vakili "Nasaf", OKMK va "Navbahor" orasida omon qoladimi?

"Paxtakor"ni musobaqadan chiqarib yuborgan pro liga vakili "Nasaf", OKMK va "Navbahor" orasida omon qoladimi?

Yurtimizga kuz fasli kelib, futbolimizda turli musobaqalar ham yakun topib borayotganini anglatadi. Masalan, Superliga bilan pro liga karvoni manziliga yaqinlashib qoldi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Kubogi musobaqasi ham oxirlab qoldi. Chunki unda yarim final o‘yinlari arafasidamiz. 19 oktyabr kuni finalchilar nomi ma’lum bo‘ladi. Qarshi va Olmaliq shaharlaridagi o‘yinlar albatta barchaning e’tiborida.

OKMK klubi OCHL va O‘zbekiston Kubogidagi o‘yinlari sababli Superliganing 22-turidagi Navoiyda “Qizilqum”ga qarshi o‘yinini barvaqt – 12 oktyabrda o‘tkazib oldi. Qolgan uchrashuvlar 20, 21 va 22 oktyabr kunlari o‘tkaziladi. Ushbu turda Namanganda “Navbahor” va “Nasaf” jamoalari o‘zaro bahs olib boradilar va bu to‘qnashuv 30 oktyabrga belgilangan. Ular ham OCHL va O‘zbekiston Kubogida ishtirok etadilar.

19 oktyabr kuni O‘zbekiston Kubogi yarim final o‘yinlari o‘tkazilgach, ertasiga – 20 oktyabrdan chempionatimizning 22-turidagi qolgan o‘yinlar reja asosida davom ettiriladi. E’tiboringizni esa Kubok yarim finalidagi ikkita bahsga qaratmoqchimiz.

Qarshida “Nasaf” “Dinamo”ni qabul qilsa, Olmaliqda OKMK “Navbahor”ga qarshi maydonga tushadi. To‘rtta klub orasida birgina “Dinamo” pro ligadan ekani ham yanada ahamiyatli. Chunki Kubok yarim finaligacha pro liga klubining yetib kelishi bu katta natija.

Xabaringiz bo‘lsa kerak, Vadim Abramov jamoasi bu yerga yetib kelgunga qadar “Paxtakor” va “Olimpik”ni taslim etishning uddasidan chiqdi. Guruh bosqichida “Qizilqum”, “Zomin” va “Lokomotiv”ni mag‘lub etdi. “Dinamo”ning Kubok bahslaridagi sarguzashtlari hammani hayron qoldirayotgani tabiiy. Pro ligada esa Superligaga bir qadam qoldi. 14 oktyabr kuni Samarqandda “G‘ijduvon”ni mag‘lub eta olsa, elita yo‘llanmasi rasman qo‘lga kiritiladi va shundan so‘ng bor e’tiborini Kubok yarim finaliga qaratadi. Tabiiyki, “Nasaf” bilan bo‘ladigan uchrashuvga yuqori kayfiyatda tayyorlanadi. Ko‘pchilik “Dinamo”dan sarguzashtli yurishini davom ettira oladimi yoki yo‘q, shunga qiziqishmoqda.

Ammo boya aytganimizdek, yarim finalgacha yetib kelishning o‘zi ham katta gap. Agar samarqandliklar shu yerda to‘xtasa ham birov ularni ayblamaydi va tanqid qilmaydi. Albatta, “Nasaf” bilan bellashuvda pro liga vakilining qanchalik qarshilik ko‘rsatishini kuzatish qiziq. Ha, “Nasaf” favorit. Ro‘ziqul Berdiyev Vadim Abramov jamoasining sarguzashtiga chek qo‘yadimi? Balki bunga shubha qilmayotgandirsiz, lekin “Dinamo” shu yergacha yetib kelib, nega endi finalni orzu qilmasin?! Ularda hech qanaqa bosim yo‘q va o‘zi xohlagan futbolni ko‘rsata oladi.

Yana bir juftlik – OKMK hamda “Navbahor” o‘rtasidagi o‘yin ham alohida mavzu. Ikkalasi ham Kubokni yutish ishtiyoqida. Buni finaldan oldingi finalga qiyoslash ham mumkin. Ikkala klub va “Nasaf” Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishayotgani bois ular uchun har bir uchrashuv og‘ir o‘tishi tayin. Chunki OCHLda baribir katta kuch yo‘qotiladi. Shu bois murabbiylar bunday paytda kuchni to‘g‘ri taqsimlay olishi juda muhim.

Bir qarashda “Nasaf”da yengil raqib tushdi, “Ajdarlar” albatta finalga chiqadi, deb taxmin qilayotganlar bisyor. Lekin bu – futbol. “Dinamo” yarim finalgacha bejizga yetib kelgani yo‘q. OKMK – “Navbahor” bahsi esa nom jihatidan ham ortiqcha afishaga muhtoj emas.

Shuhratbek Jo‘rayev


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Paxtakor"ni musobaqadan chiqarib yuborgan pro liga vakili "Nasaf", OKMK va "Navbahor" orasida omon qoladimi?