Srechko Katanes bosh murabbiylik qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi xalqaro tanaffusdan foydalanib, Xitoyda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etmoqda.
Bu gal murabbiylar shtabi terma jamoamizning eng mashhur yulduzi, sardori va to‘purari Eldor Shomurodovni yig‘inga jalb qilgani yo‘q. Italiyadagi legionerimiz formasini tiklab olish uchun terma jamoa rahbariyatidan ruxsat olgani haqida ma’lum qilindi. Shunga qaramay, mamlakatimiz bosh jamoasida legionerlar kam emas.
Srechko Katanes terma jamoaning navbatdagi xorijiy yig‘iniga Rossiya Premer-ligasidan Rustam Ashurmatov va Abbosbek Fayzullayev, Gretsiyadan Jaloliddin Masharipov, Tailanddan Igor Sergeyev, Turkiya Superligasidan Otabek Shukurov va Husniddin Aliqulov, Birlashgan Arab Amirliklaridan Abdulla Abdullayev va Aziz G‘aniyev, Fransiyadan Abduqodir Husanov, Qozog‘istondan Bobur Abduxoliqovni jalb qildi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi dastlabki o‘rtoqlik o‘yinida Vetnam vakillari bilan kuch sinashib, 2:0 hisobida zafar quchdi.
Bu uchrashuvga Fransiya matbuoti ham e’tibor qaratdi. Buning sababi aniq – o‘yinda Fransiya vitse-chempioni “Lans” himoyachisi Abduqodir Husanovning maydonga tushgani bo‘ldi.
- Mavsum boshidan beri “Lans” tarkibida ikkita yorqin o‘yin o‘tkazgan Abduqodir Husanov O‘zbekiston milliy terma jamoasining Vetnamga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvida boshlang‘ich tarkibga kiritilmadi. Biroq bu holat uning o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishiga ta’sir qilmadi.
Abduqodir bellashuvning 58-daqiqasida Rustam Ashurmatov o‘rniga maydonga tushdi, Oston O‘runov va Husniddin Aliqulovning gollari evaziga O‘zbekistonning 2:0 hisobidagi g‘alabasida ishtirok etdi. Husanov “Lans”ga qaytishdan oldin Xitoy terma jamoasi bilan bo‘ladigan o‘yinda qatnashadi. Bu ham xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ladi, - deb yozdi le11hdf.fr sayti.
Umuman olganda, “Lans” tarkibidan 12 ta futbolchi o‘nta mamlakat terma jamoalariga jalb etildi.
“Lans” klubining rasmiy sayti xalqaro uchrashuvlarga jalb etilgan o‘yinchilar ishtiroki haqida quyidagi ma’lumotlarni keltirdi.
Salis Abdul Samed – Gana terma jamoasi safida Meksika va AQSH futbolchilariga qarshi o‘rtoqlik o‘yiniga jalb qilingan.
Kevin Danso – Avstriya terma jamoasi safida “Yevro-2024” saralash uchrashuvida Belgiyaga qarshi 66 daqiqa o‘ynadi. Hisob 2:3.
Pshemislav Frankovski – Polsha milliy terma jamoasi safida Farer orollariga qarshi to‘liq o‘ynab, bitta golli pas uzatdi – 2:0.
Morgan Gilavogi – Gvineya terma jamoasi safida Gabonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida yagona gol muallifi bo‘ldi – 1:0.
Deyver Machado – Kolumbiya terma jamoasining 2026 yilgi jahon chempionati saralash turniri doirasida Urugvay bilan bo‘lgan o‘yinida zahirada qoldi – 2:2.
Fakundo Medina – Argentina terma jamoasining Paragvayga qarshi rasmiy uchrashuvi qaydnomasiga kiritilmadi 1:0.
Nampalis Mendi – Senegal terma jamoasining Kamerunga qarshi o‘rtoqlik o‘yiniga chaqirtirilgan.
Bris Samba – Fransiya terma jamoasining Niderlandiya bilan bo‘lgan o‘yinida zahirada qoldi. Fransiya terma jamoasi 2:1 hisobida zafar quchib, “Yevro-2024” final bosqichiga chiqdi.
Abduqodir Husanov – O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Vetnamga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvining 58-daqiqasida maydonga tushdi – 2:0.
Ayanda Sishuba – Belgiya U19 jamoasining fransiyaliklar bilan o‘rtoqlik uchrashuvida ko‘rinish bermadi – 2:2.
Fode Silya – Fransiya U18 jamoasining Shveysariya bilan bellashuvida olti daqiqa o‘ynadi.
Ele Vaxi – Fransiya U21 tarkibida Bosniya va Gersegovina terma jamoasiga qarshi 77 daqiqa o‘ynadi – 2:1.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring