6 o‘yinda 6 ta gol! Nuri Shahin Eldor Shomurodovning sermahsulligi sirini ochdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Eldor Shomurodov Turkiya chempionatining dastlabki 6 turida 6 ta gol urib, yangi mavsumni ajoyib tarzda boshladi.
- "Istanbul Bashakshehir" bosh murabbiyi Nuri Shahin, Jahon chempionatidan so'ng qisqa ta'til olganiga qaramay, Shomurodovning jismoniy va psixologik jihatdan yuqori formada ekanligini ta'kidladi.
- Shahinning so'zlariga ko'ra, Shomurodov doimo rivojlanib boradi va jamoa uchun maydonda ham, maydon tashqarisida ham muhim futbolchi hisoblanadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov yangi mavsumni ham fantastik darajada boshladi. Turkiya chempionatining dastlabki 6 turida 6 ta gol urib ulgurgan 31 yoshli hujumchi haqida «Istanbul Bashakshehir» bosh murabbiyi Nuri Shahin hayratlanarli fikrlarni bildirdi.
Turkiyalik mutaxassis tajribali forvardning yozda AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tgan Jahon chempionatidan keyin deyarli ta’tilsiz qolganiga qaramay, hayratlanarli darajada barqaror o‘yin namoyish etayotganiga e’tibor qaratdi.
«Eldor — o‘ziga xos shaxs»: Nuri Shahinning e’tirofi
«Istanbul Bashakshehir» ustozi o‘zbekistonlik hujumchining professionalligini alohida maqtadi:
«Ba’zan bayonotlarimizda ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak. Chunki Shomurodov Jahon chempionatidan keyin juda qisqa ta’til oldi. Men futbolchilarimga nisbatan adolatsiz bo‘lishni istamayman. Mundialdan keyin darhol yuqori natijalar ko‘rsatish jismoniy va psixologik jihatdan oson emas — ayrim futbolchilarimiz hali ham bu muammo bilan kurashmoqda.
Eldor esa — o‘ziga xos shaxs. U doimo rivojlanib bormoqda. Biz unga qanchalik dam berishga harakat qilmaylik, u maydonda doimo shunday fidoyi bo‘lgan, doimo muvaffaqiyatga erishgan. Shu sababli biz unga to‘liq harakat erkinligini beramiz. Eldor jamoamiz uchun maydonda ham, maydon tashqarisida ham nihoyatda muhim professional futbolchidir», — dedi Nuri Shahin.
«Roma»ning xatosi, «Bashakshehir»ning omadi
Shomurodovning Turkiyaga ko‘chib o‘tishi faoliyatidagi eng muvaffaqiyatli qadamlardan biri bo‘ldi. Turk klubi dastlab uni «Roma»dan 3 million yevroga bir yilga ijaraga olgan va yozda transfer huquqini to‘liq sotib olgan edi.
Eldor debyut mavsumidayoq 22 ta gol bilan Turkiya chempionati to‘purari bo‘lib, jamoasining kuchli beshlikdan joy olishiga bosh sababchi bo‘lgandi.
Shomurodovning «Istanbul Bashakshehir»dagi statistikasi:
O‘yinlar soni: 52 ta
Gollar: 29 ta
Golli uzatmalar: 6 ta
Klublar va terma jamoadagi umumiy natijalar
Faoliyati davomida «Mash’al», «Bunyodkor», «Rostov», «Jenoa», «Spetsiya», «Kalyari» va «Roma» sharafini himoya qilgan Eldor Shomurodov klublar miqyosida jami 396 ta uchrashuvda maydonga tushib, 93 ta gol va 44 ta assist qayd etdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi mutlaq to‘purar sifatida ham uning ko‘rsatkichlari hayratlanarli:
96 ta bahs
47 ta gol
14 ta golli pas
Sardor yangi mavsumda ham o‘z formasining eng cho‘qqisida ekanini isbotlashda davom etmoqda.































Izohlar 0
…