13:35 / 17.10.2023
819

Yevropada O‘zbekiston g‘alabasi qanday baholandi?

Yevropada O‘zbekiston g‘alabasi qanday baholandi?

Yevropa kuchli beshlik chempionatlarida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ikki futbolchisi – Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanov faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu ikki o‘yinchimiz sababli “ko‘hna qit’a” muxlislari va mutaxassislari milliy terma jamoamiz o‘yinlarini tahlil qilib boradi.

Xitoyda tashkil etilgan navbatdagi xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlariga Eldor Shomurodov jalb etilmadi. Klub miqyosidagi o‘yinida pasayish kuzatilayotgan 28 yoshli hujumchimiz A Seriya uchrashuvlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish va jismoniy holatini tiklab olish uchun terma jamoamiz rahbariyatidan yig‘inga jalb qilmaslikni so‘ragani aytilyapti.

Shu bois, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Vetnam va Xitoy futbolchilariga qarshi o‘tkazgan o‘yiniga asosan Abdulqodir Husanov faoliyat yuritayotgan Fransiyadan munosabat bo‘ldi.

- “Lans”ning yosh himoyachisi Abduqodir Husanov O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy uch himoyachisidan biri sifatida o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshladi. O‘zbekistonliklar 2:1 hisobida ajoyib g‘alabaga erishdi.

Xitoylik Vey Shixao 41-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, 78-daqiqada Otabek Shukurov natijani tenglashtirdi. Jamshid Iskandarovning 86-daqiqada urgan goli O‘zbekistonga g‘alaba keltirdi.

“Lans” vakili butun uchrashuv davomida yuqori saviyada o‘ynadi, - deb yozadi Fransiya futbolini yoritib borayotgan le11hdf.fr sayti.

Fransiya vitse-chempioni – “Lans” faoliyatini yoritishga ixtisoslashgan www.lensois.com  sayti ham O‘zbekiston milliy terma jamoasining Xitoyga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yini va unda Abduqodir Husanovning harakatlariga baho berdi. Ushbu sayt “Lans” himoyachisini xalqaro maydonda katta o‘yinlar kutib turganini ham qo‘shimcha qildi.

- Abduqodir Husanov va uning terma jamoadagi sheriklarini yil oxirigacha yana ikkita muhim uchrashuv kutib turibdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatining Osiyodagi saralash o‘yinlarini o‘tkazadi. Ular 11 noyabr kuni safar uchrashuvida Turkmaniston va 21 noyabrda o‘z maydonida Eron futbolchilari bilan kuch sinashadi, - deb yozdi www.lensois.com sayti jurnalisti Mikael Nis.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov o‘tgan yoz Belarus chempionati vakili “Energetik-BGU” jamoasidan “Lans”ga ko‘chib o‘tgan edi. Yangi mavsumda 19 yoshli himoyachimiz Fransiya chempionatida ikki marta boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. Uning “Mes” va “Lill”ga qarshi o‘tkazilgan bahslardagi harakatlari ekspertlar tomonidan yuqori baholandi va lanslik muxlislarga ham manzur bo‘ldi.

Abduqodir Husanov 2023 yilning yozidan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasiga jalb qilinmoqda. Shu paytga qadar terma jamoamiz safida besh marta maydonga tushirilgan iste’dodli himoyachi Turkmaniston, Tojikiston va Xitoyga qarshi uchrashuvlarda to‘liq o‘ynadi. O‘mon va Vetnam bilan bo‘lgan bellashuvlarda Husanov zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yevropada O‘zbekiston g‘alabasi qanday baholandi?