06:53 / 19.10.2023
151

Baxtiyor Ashurmatov: "Paxtakor"da muammolar borligiga qaramay,chempionlik imkoniyati yuqori"

Baxtiyor Ashurmatov: "Paxtakor"da muammolar borligiga qaramay,chempionlik imkoniyati yuqori"

Chempionlik uchun kurashda turdan turga intriga oshib borayotganini, qolgan jamoalarda ham bu borada imkoniyat yuzaga kelganini ko‘rishimiz mumkin.

O‘zbekiston terma jamoasi sobiq futbolchisi, tajribali mutaxassis Baxtiyor Ashurmatov fikrlarini bildirdi va jamoalarning imkoniyatini baholadi.

- Joriy yilgi mavsumda chempionlik uchun kurash oxirgi turgacha davom etadi, deb o‘ylayman. Bir necha tur oldin "Paxtakor"ning chempion bo‘lish imkoniyati yuqori edi. So‘nggi uchta turda jamoaning yetti ochko yo‘qotishi uning raqobatchilariga yaxshigina imkoniyat berdi, deyishim mumkin. Shunga qaramasdan, "sherlar"da oltin medallar uchun kurashda imkoniyat yuqoriroq. So‘nggi o‘yinlarni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan "Paxtakor" Pro ligaga tushib ketishi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan "Turon" bilan uchrashadi. Bu o‘yindagi g‘alaba jamoaga yo‘qolgan ishonchni qaytarib berishi mumkin.

- "Navbahor" beshta o‘yindagi g‘alabasiz seriyadan so‘ng "Turon"ni osonlikcha yutib, ishonchni oshirib oldi. O‘zaro o‘yinlarda "Paxtakor" ustun. Shu faktor ham poytaxt klubining imkoniyatini oshiradi. To‘g‘ri, oxirgi o‘yinlarda "Paxtakor"da muammolar bor. Ayniqsa, markaziy himoyachilar har bir o‘yinda xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Ikkinchi davrada jamoaga taklif qilingan legionerlar ham ishonchni oqlayotgani yo‘q. Bir narsani aytish kerak, "Paxtakor" raqobatchilarida taqvim murakkabroq. "Neftchi" va "Nasaf" Namanganda qiyin o‘yinlar o‘tkazishadi. Bu jamoalar ham oxirigacha kurashishi tabiiy. Bu borada "Neftchi" va Levchenkoga qoyil qolmasdan iloj yo‘q. "Navbahor" esa ketma-ket ikkinchi yil chempionlikka asosiy da’vogar bo‘lib qolmoqda. Jamoaning ajoyib muxlislari chempionlikni sog‘inishgan. Ular chempionlikni ko‘rishga munosiblar.

- Ro‘ziqul aka Berdiyevni murabbiy va insoniylik jihatlarini hurmat qilaman, ammo "Nasaf"ning muhim o‘yinlarda ochko yo‘qotib qo‘yishi imkoniyatlarni pasaytirib yuborishi mumkin. Qo‘shimchasiga aytish kerakki, "ajdarlar"ni raqobatchilari "Paxtakor" va "Navbahor" maydonida sinov kutmoqda. Barchaning vaziyatini ko‘rib chiqib, ketma-ketlikda aytadigan bo‘lsam, "Paxtakor", "Navbahor", "Neftchi", "Nasaf" chempionlik uchun kurashadi. Bu yo‘lda har bir jamoaga omad tilayman.


Muallif: Iskandarov Abdulaziz


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Baxtiyor Ashurmatov: "Paxtakor"da muammolar borligiga qaramay,chempionlik imkoniyati yuqori"