09:29 / 25.10.2023
723

Rossiyada yana Oston O‘runovni eslab qolishdi...

Rossiyada yana Oston O‘runovni eslab qolishdi...

Rossiya chempionati o‘zbek futbolchilari uchun o‘zini ko‘rsatadigan maydon. Keyingi paytda Premer-ligada SSKAda o‘ynayotgan Abbosbek Fayzullayev hammani hayratga solyapti.

Abbosdan tashqari, “Rubin”da Umarali Rahmonaliyev va Rustam Ashurmatovning ham ishlari chakki emas. “Nijniy Novgorod”dagi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev bu legionerlarimiz orasida Premer-ligada eng tajribalisi hisoblanadi. Uning jamoadoshi Ruslan Jiyanov ham Rossiyada o‘zini ko‘rsatishga tayyor.

Lekin keyingi yillarda Rossiyada ayrim transferlar omadsiz chiqqaniga guvohmiz. Bunga Oston O‘runov va Jasurbek Jaloliddinovni misol qilish mumkin. O‘zbek futbolining eng yorqin iste’dodlaridan bo‘lgan bu o‘yinchilar nega o‘z salohiyatini namoyon eta olmaganining sabablari turlicha.

Eng muhimi, ular faoliyatidagi o‘xshamagan transferlardan o‘zini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q. Ayni paytda Jasur ham, Oston ham yurtimizda javlon urayapti.

Rossiya matbuoti Oston O‘runovni bu mamlakatni tark etganiga qaramay, u haqda doim yangilik olib chiqishga harakat qiladi.

O‘runovning Rossiyadagi sarguzashtlariga sababchi bo‘lgan Shamil Gazizov yaqinda Chechenistonning “Dinamo-Maxachqal’a” jamoasiga bosh direktor etib tayinlandi. Hozir bu jamoa o‘zbekistonlik Husayn Norchayev o‘ynayotgan “Alaniya” bilan birinchi o‘rinni talashmoqda.

Rossiya futbolini yoritayotgan nufuzli manbalardan biri - www.championat.com sayti jurnalisti Ilya Nikulnikov Shamil Gazizov bilan suhbat uyushtirdi. Intervyu davomida “dinamochilar” bosh direktori Oston O‘runov haqidagi savolga ham javob berdi.

Savol-javob quyidagicha bo‘ldi:

— Oston O‘runovning ishlari qanday?

— A’lo darajada. Adashmasam, Oston o‘tgan yili O‘zbekistonning eng yaxshi o‘yinchisi sovriniga loyiq topildi.

O‘runov juda yaxshi futbolchi. Lekin hayotining muayyan bir qismida pullari, imkoniyatlari va shon-shuhratini nima qilishni bilmay qoldi. Oston juda iqtidorli o‘yinchi.

— O‘runovda yana imkoniyat bo‘ladimi?

— Hammasi uning o‘ziga bog‘liq. Xudo unga bergan iste’dod har doim u bilan birga bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Oston O‘runov 2020-2023 yillar davomida Rossiya Premer-ligasida “Ufa”, “Spartak” va “Ural” jamoalari sharafini himoya qilgan.

Futbolchimizning yorqin boshlangan faoliyati turli sabablarga ko‘ra, uzoq davom etmadi va O‘runov 2023 yil O‘zbekistonga qaytib, “Navbahor” safiga qo‘shildi.

O‘runov aslida “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Rossiyaga ko‘chib o‘tguniga qadar “Navbahor” va “Lokomotiv” jamoalarida o‘ynagan.

Oston 2019 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasiga jalb qilinyapti.

Hozirga qadar 18 ta uchrashuvda qatnashdi. 22 yoshli hujumkor futbolchimiz xalqaro maydonda Maldiv orollari, Kamerun, Tojikiston va Vetnam terma jamoalari darvozasini ishg‘ol qilgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rossiyada yana Oston O‘runovni eslab qolishdi...