Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichi, birinchi davra o‘yinalari o‘z yakuniga yetdi. Mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan 4 jamoa 4 xil natija va o‘yin namoyish etmoqda. Hozir, ular o‘rin egallagan guruhlardagi holat va pley-off yo‘llanmasi uchun imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz.
"A" guruhi. O‘ziga o‘xshamayotgan - "Paxtakor"
"Sherlar" musobaqani juda yomon boshladi. Ketma-ket ikkita alamli mag‘lubiyatdan so‘ng, keyingi bosqich haqida hech kim o‘ylamay ham qo‘ygan edi. 3-turdagi o‘yinlar sababli kvartetdagi vaziyat keskin o‘zgarib ketdi. "Al Ayn" o‘z uyida "Al Fayxa"ni yirik hisobda taslim etdi. Natijada, guruhdagi 3 jamoada 3 tadan ochko mavjud. Bunda gollar soni asosiy o‘lchov birligiga aylanadi. "Sherlar" Turkmaniston chempioni darvozasiga urgan 3 ta goli evaziga guruhda ikkinchi o‘ringa chiqib olmoqda. "Sherlar" agar guruhdan keyingi bosqichga chiqishni istasa, "Al Fayxa" va "Ahal" bilan bo‘ladigan o‘yinlarda yuz foizlik natija qayd etishi shart. Qolgan guruhlardagi holatdan kelib chiqib, "Al Ayn" bilan bo‘ladigan mehmondagi bahs ahamiyati oshib ketishi va shu bilan birgalikda o‘z qiymatini yo‘qotishi mumkin.
"B" guruhi. O‘zbek futbolining imiji - "Nasaf"
"B" guruhida vaziyat ancha chigalligicha qolmoqda. Qatarning "As Sadd" klubi 4 ochko bilan uchinchi o‘rinda, ammo ikkinchi davradagi bahslarda aynan ular "qo‘shishi" taxmin qilinmoqda. "Nasaf" esa, "Sharja"dan uchralgan alamli mag‘lubiyat sababli 6 ochko bilan ikkinchi pog‘onada. BAA klubi guruhni 7 ochko bilan boshqarib turibdi. Katta ehtimol bilan qarshiliklar pley-off yo‘llanmasi uchun asosiy da’vogar maqomini (ikkinchi o‘rinda turgan bo‘lsa ham) o‘zida ushlab turibdi. Qolgan 3 turning ikkitasini o‘z uyida qabul qiladigan "Ajdarlar"ga 6 ochko ham keyingi bosqich uchun kifoya qilishi mumkin.
"C" guruhi. Asosiysi ishtirok - OKMK
Mirjalol Qosimov shogirdlari OCHLning joriy mavsumida juda bo‘sh harakat qilayotgani rost. Avvaliga o‘z uyida Iroq klubiga mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, 3-turda "Sepaxon" Olmaliqda xohlaganini qilganini guvohiga aylandik. Nazariy jihatdan "konchilar"da ikkinchi o‘ringa ilinish uchun imkon bor, biroq vaziyatga real ko‘z bilan boqish lozim. Natija qanday bo‘lishidan farqli o‘laroq, bizga xalqaro maydondagi 4-yo‘llanmani taqdim etgan jamoaga turnirdagi ishtirok uchun tashakkur. Asosiysi, qolgan o‘yinlarda yuqori konsentratsiya bilan harakat qilish.
"D" guruhi. Bir ammalab bo‘lsada, manzilga qarab ketayotgan - "Navbahor"
Namanganliklar birinchi davraning so‘nggi o‘yinida ancha murakkab vaziyatdan chiqib ketganiga guvoh bo‘ldik. "Nassaji" hisobda oldinga o‘tib olgach, vaqtni cho‘zishi va provakatsiyaga moil harakatlari bilan ortga 3 ochko bilan qaytmoqchi edi. Zahiradan o‘yinga qo‘shilgan O‘runov raqib mudofaasini ostin-ustun qilib tashladi. Aynan shu g‘alaba "lochinlar"ning keyingi bosqich uchun imkoniyatlarini saqlab qolgani bor gap. Endilikda, ular 2 o‘yinni mehmonda o‘tkazadi. Hindiston va Eron safarlarida jamg‘arilgan 4 ochko katta ehtimol bilan keyingi bosqich yo‘llanmasini bizga taqdim etishi mumkin. Agar bu 6 ochkoga aylansa, unda kamida 2-o‘rinni egallagan jamoalar orasidagi eng yaxshi natija "Navbahor"ga tegishli bo‘lishi hech gap emas. Albatta, "Al Hilol" bilan bo‘ladigan Namangandagi "bomba" o‘yinni ham unutmaslik lozim. Agar yuqoridagi ikki safar bahsida 6 ochko qo‘lga kiritilsa, Namanganda guruh peshqadamligi uchun to‘qnashuv guvohi bo‘lishimiz ham hech gap emas.
"E" guruhi. "Al Nasr"ni to‘xtatib bo‘lmayapti!
Bizning mintaqadagi so‘nggi guruhda Saudiya va Eron klublari keyingi bosqich uchun asosiy da’vogar nomini saqlab turibdi. Tarkibida Kautino bor "Al Duxayl" esa, 3 o‘yinda bor yo‘g‘i 1 ochko jamg‘ardi xolos. Shunga qaramay, qatarliklar ikkinchi davrada tezlikni oshirishi hech gap emas. Aynan shu omil eng yaxshi ikkinchi o‘rinlar masalasida burilish yasab yuborishi mumkin. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Eng yaxshi ikkinchi o‘rin egallari kim?
Yangi reglamentga ko‘ra, guruhdagi ikkinchi o‘rinni egallagan barcha jamoa keyingi bosqich yo‘llanmasiga ega chiqmaydi. 5 ta guruhdagi eng yaxshi ikkinchi o‘rinni qayd etgan 3 jamoa musobaqadagi yurishini davom ettiradi. Ayni damda ular orasidagi eng yaxshi natija ikki klubimizga tegishli.
"Navbahor"da 7 ochko. To‘plar nisbati: +4
"Nasaf"da 6 ochko. To‘plar nisbati: +2
"Persepolis"da 6 ochko. To‘plar nisbati: +1
---------------------------------------------------
"Sepaxon"da 4 ochko (2 ta o‘yin). To‘plar nisbati +2
"Paxtakor"da 3 ochko. To‘plar nisbati: -2
Eronning "Sepaxon" klubi "Al Ittihod" bilan o‘z uyidagi o‘yinni neytral maydonda o‘tkazishini hisobga olsak, Saudiya Arabistoni klubining g‘alabasini kutishimizga to‘g‘ri keladi. Qisqasi, matematika fani bilan so‘nggi turga qadar ko‘p shug‘ullanamiz.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring