26-29 oktyabr kunlari Superliganing 23-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Rejalashtirilgan 7 ta uchrashuvda ishlaydigan rasmiylar ma’lum bo‘ldi.
26 oktyabr
16:00. “Olimpik” – “Qizilqum”
Turnir jadvalida yonma-yon borayotgan “Olimpik” va “Qizilqum” jamoalari bu turda o‘zaro bahs olib borishadi. Klublarni uch ochko ajratib turibdi. “Olimpik”da 21, “Qizilqum”da 18 ochko bor. Bilsangiz kerak, “Qizilqum” qanday bo‘lmasin Superligada jon saqlab qolish uchun astoydil kurashyapti. Shuning uchun navbatdagi uchrashuv ham Jamshid Saidov hamda uning jamoasi uchun muhim va ularni faqat g‘alaba qoniqtiradi. Timur Kapadze boshchiligidagi “Olimpik” oxirgi paytlarda g‘alabadan uzoqlashib qolgandek va ularga ham hozir 3 ochko zarur. Ammo “Qizilqum” o‘yinida ancha jonlanish kuzatilmoqda. Bu esa “Olimpik”ga qo‘shimcha muammolar tug‘diradi.
18:15. “Turon” – “So‘g‘diyona”
Chempionatning yaqqol autsayderi – “Turon” bu safar Yaypanda “So‘g‘diyona”ni qabul qiladi. Ikkala jamoa ham g‘alabani sog‘inib qolgan. Chunki “Turon” ham, “So‘g‘diyona” ham raqiblariga ochkolarni ulashib kelishmoqda. O‘tgan turda “Turon” safarda “Paxtakor”dan javobsiz 3 ta gol o‘tkazdi. “So‘g‘diyona” bo‘lsa o‘z maydonida “Andijon”ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Yorqin Nazarov boshchiligidagi “Turon” 13 ochko bilan oxirgi o‘rinda turibdi. Bu safar uning yosh jamoasiga raqibini mag‘lub etib, g‘alaba qozonishiga salohiyati yetarmiknin? Agar qaysidir jamoada ruhiy tomondan tayyorgarlik yaxshi bo‘lsa, g‘alaba o‘sha klubga nasib qiladi.
27 oktyabr
18:00. “Surxon” – “Navbahor”
“Surxon” o‘tgan turda Farg‘onada “Neftchi” bilan durang o‘ynab qaytdi. Bu safar yana bir vodiy klubi – “Navbahor”ga qarshi o‘ynaydi. 2-o‘rinda borayotgan “Navbahor” peshqadam “Paxtakor”ni ta’qib etib kelyapti. Tabiiyki, Samvel Babayan jamoasi OCHL doirasida Eron klubini mag‘lubiyatga uchratgach, yanada yaxshi kayfiyatda va “Surxon”ni mag‘lub etish orqali “Paxtakor” bilan ochkolar farqini yana qisqartirmoqchi. Ammo Termiz jamoasi ancha qaysar va raqiblariga jiddiy muammolar tug‘dirayotganini ko‘rib turibmiz. Shuning uchun “Navbahor”ni murakkab bahs kutib turibdi. Agar Oston O‘runov yana individual harakatlarini ishga soladigan bo‘lsa, unda “Surxon”ga havas qilib bo‘lmaydi.
18:30. “Nasaf” – “Metallurg”
BAAdagi alamli mag‘lubiyatdan keyin “Nasaf” endi ichki chempionatga e’tiborini qaratadi. Albatta, “Nasaf”da ham medallardan birini qo‘lga kiritish imkoniyati saqlanib turibdi va barchasi o‘z qo‘lida. To‘g‘risi, ayni paytda “Nasaf” juda yaxshi sport formasida va ko‘rsatayotgan o‘yini barchaga manzur bo‘lmoqda. Shuning uchun “Metallurg”ga og‘ir bo‘lishi aniq. Lekin oldingi yillardagi uchrashuvlar shuni ko‘rsatadiki, bekobodliklar qarshiliklar uchun noqulay raqib va “Nasaf” maydonidan ochkolar tortib olganini ham bilamiz. Biroq Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi o‘z o‘yinini namoyish qilsa, katta ehtimol mezbonlar g‘olib chiqishi tabiiy.
28 oktyabr
16:00. “Andijon” – OKMK
Yana bir yaxshi juftlik. Turnir jadvalida “Andijon” bilan OKMK yonma-yon turishibdi. “Burgutlar” 36 ochko bilan 6-pog‘onada bo‘lsa, olmaliqliklar 38 ochko bilan 5-o‘rinda. O‘z-o‘zidan ayonki, “Andijon” klubida g‘alaba uchun motivatsiya va xohish yuqori. Boz ustiga o‘tgan turda Jizzaxda g‘alaba qozondi. Undan avval esa o‘z uyida “Paxtakor”ni quruq qo‘l bilan qaytardi. Agar OKMK taslim etiladigan bo‘lsa, Xomyakov jamoasi 5-o‘ringa ko‘tarilib olishi mumkin bo‘ladi. Negadir joriy mavsumda Mirjalol Qosimov jamoasiga barqarorlik yetishmayapti. Aksiga olib OCHL guruh bosqichida dastlabki uchta o‘yinda yutqazdi. “Bobur Arena”da qattiq jang kechadi va bu uchrashuv turning markaziy o‘yini maqomida.
18:15. “Bunyodkor” – “Neftchi”
Eng ko‘p durang o‘ynayotgan “Neftchi”ni bu turda Toshkentda “Bunyodkor” mehmoni bo‘ladi. Farg‘onaliklar 38 ochko bilan 4-pog‘onada va ularda ham sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyati bor. Faqat “Neftchi” yutishi kerak. “Bunyodkor” albatta oson raqib emas.
29 oktyabr
17:00. “Buxoro” – “Paxtakor”
“Buxoro”ga juda qiyin. 14 ochkosi bilan 13-pog‘onani band etib turgan bu jamoa amaldagi chempion va musobaqa peshqadami bo‘lib turgan “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchratishi shart va buning uchun mezbonlarning kuchi yetadimi? Maksim Shatskix chempionatda va OCHLda nihoyat g‘alaba qozonib, tanqidlardan uzoqlashmoqda. Bu safar ularni “Buxoro” maydonida kutayotgan o‘yin bor. Albatta, favorit “Sherlar”.
Shuhratbek Jo‘rayev.