Foto: Getty Images
La Liga 11-turidan o‘rin olgan "Barselona" - "Real" bahsi yakuniga yetdi. Mazkur bellashuvda mehmonlar 1:2 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
"Ko‘k-anorranglilar" safida Gyundogan gol muallifi bo‘ldi. "Qaymoqranglilar"ning ikki goli Jud Bellingem nomiga qayd etildi.
«Barselona» – «Real» 1:2 (1:0, 0:2)
Gollar: 1:0 – 6 Gundo‘g‘an, 1:1 – 68 Bellinghem, 1:2 – 90 Bellinghem.
«Barselona» – ter Stegen, Joau Kanselu (Yamal, 77), Martines, Kristensen, Arauxo, Balde, Gundo‘g‘an, Gavi, Lopes (Romeu, 72), Joau Feliks (Rafinya, 77), Ferran Torres (Levandovski, 61).
«Real» – Arrisabalaga, Karvahal, Alaba, Ryudiger, Mendi (Kamavinga, 52), Kroos (Modrich, 63), Valverde, Tchuameni, Bellinghem, Vinisius Junior (Vaskes, 90), Rodrigo (Hoselu, 63).
Ogohlantirishlar: Lopes (17), Ferran Torres (45), Karvahal (61).
Klasiko — hamisha alohida voqea. Nafaqat Ispaniya, balki butun dunyo uchun, shuning uchun Xavi bunday o‘yinlar ikki tomonda ham hayrat uyg‘otuvchi o‘yinlar bo‘lishi haqida juda to‘g‘ri so‘zlarni aytdi. Shu bilan birga, bu safar «Monjuik» stadionidagi o‘yinda kataloniyaliklar safida ham, madridliklar safida ham Kurtua, Eder Militao, Pedri va Frenki de Yong kabi yetakchi futbolchilar maydonga tusha olmasdi.
Levandovski va Kunde jarohatdan tuzalgan bo‘lsa-da, mezbonlar jamoasi bosh murabbiyi ularni bu maqomdagi o‘yinga tushirishga shoshilmadi. Tarkiblardagi tanlov imkoniyatlari cheklangani tufayli syurprizlar ham kutish o‘rinsiz edi. Mendi o‘tgan turda ham chap qanotda o‘ynagan, Arauxoning o‘ng qanotga ko‘chirilishi — uni Vinisius Juniorga biriktirish uchunoldingi klasikolarda ham qo‘llangan tajriba. O‘ng qanot himoyachisi Kanselu esa oldinroqqa chiqarilib, toza vinger sifatida tushirildi.
Qanotlarga bu qadar jiddiy e’tibor qaratilgani tufayli ilk golli hujum markazdan yuzaga keldi. Lekin bunda mezbonlarga omad ham kulib boqdi, Tshuameni Gundo‘g‘anga qayta uzatilayotgan pasni to‘xtatishga urindi, ammo undan kelgan to‘pni Alaba yana germaniyalik yarimhimoyachiga topshirdi va ko‘k-anorranglilar uydagi klasikoda 1999 yildan buyon eng tezkor golni urdi.
16 daqiqada Kroos Gavining bosimi ostida to‘p yo‘qotgach, Fermin Lopes jarima maydoniga kirib zarba yo‘lladi, ammo to‘p ustunga tegdi. 30-daqiqada Joau Feliks to‘pni Ryudigerdan olib o‘tib, darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotganida esa Karvahal uning jarima maydoniga kirib borishiga yo‘l qo‘ymadi.
«Real» shundan keyin ham o‘yinini kuchaytirishga harakat qilmadi. Madridliklar dastlabki 45 daqiqalikda golli vaziyatlarni deyarli yaratishmadi. Ryudiger uzoq masofadan zarba yo‘llab ko‘rdi, Karvahalning o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasi darvoza to‘riga tashqi tomondan tegdi. Bellinghem Gavi tomonidan yaxshi qo‘riqlandi, Vinisiusning aldab o‘tishga harakatlari ko‘p holda to‘p yo‘qotilishi va uning hakamga e’tirozlari bilan yakunlandi. Madridliklar 2010 yil aprelidan buyon ilk bor birinchi bo‘limda barselonaliklar darvozasi sohasiga aniq borgan birorta zarba bera olishmadi. Gavi va Fermin maydon markazi uchun kurashda Bellinghem va Kroosdan yaqqol ustun kelishdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida esa Inigo Martinesning bosh bilan yo‘llagan zarbasi ustunga tegdi, qaytgan to‘pga Arauxo yo‘llagan zarbani Kepa bartaraf etdi.
Anchelotti o‘yinni barqarorlashtirish uchun Kamavinga va Modrichni maydonga tashladi. Mezbonlar qator vaziyatlardan foydalana olmaganidan keyin, qoidaga ko‘ra tashabbus «Real»ga o‘ta boshladi. «Barselona» hujum chizig‘ini to‘liq yangiladi – Levandovski, Rafinya va Yamal maydonga tushdi. Ammo golni madridliklar urishdi, 68-daqiqada raqib jarima maydoni yaqinida bo‘sh qoldirilgan Bellinghemning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasiga ter Shtegen qarshilik ko‘rsata olmadi.
Durang hisob o‘yin uchun mantiqiy yakundek ko‘rinayotgandi, ammo Bellinghem yana o‘zini ko‘rsatdi. Modrich Karvahalning o‘ng qanotdan uzatgan to‘pini o‘ziga bo‘ysundira olmadi, lekin uning teginishidan keyin to‘p Judga borib tushdi. Angliyalik futbolchi esa yaqin masofadan turib to‘pni ter Shtegenning oyoqlari orasidan o‘tkazdi – va bu o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda ro‘y berdi. Bellinghem yana kerakli vaqtda kerakli joyda paydo bo‘la oldi. Bu dubl orqali u turli klasikolardagi turli vaziyatlar bilan birga tarixga kirdi.
Madridliklarning katta o‘yinda qahramonlik ko‘rsatishi kutilgan boshqa bir futbolchisi Vinisius esa maydonda faqat tortishuvlar bilan yodda qoldi.
U hisob 2:1 ko‘rinishini olganidan keyin almashtirildi, ammo maydonni tark etishda u tilini chiqarib, «Barsa» fanatlarini mazax qildi. Shu vaqt Rafinya yugurib kelib, uni turtib maydondan chiqarishni boshladi. Mojaro yuzaga kelmasligi uchun Anchelotti ham vaziyatga aralashdi va tom ma’noda shogirdining qo‘lidan sudrab olib ketdi. Xuddi o‘g‘il bezori o‘g‘ilni olib ketgandek.
Yakunda «Real»ning «Barselona» bilan farqi to‘rt ochkoga yetdi, Xavi jamoasi «Jirona»dan ham shuncha farq bilan ortda qolmoqda.
Манба: Kun.uz
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring