Coca Cola Superligasi 24-turi doirasida "Paxtakor" - "Nasaf" (1:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Maksim Shatskix uchrashuv haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Bugungi uchrashuv barchaga yoqdi deb o‘ylayman. Tezkor o‘yin bo‘ldi. Hakamlarga ham rahmat, ular bugun a’lo darajada ishlashdi. Chempionatda shunday o‘yinlar soni ko‘paysa, muxlislar chempionat o‘yinlariga tashrif buyurishni boshlashadi. O‘yinni nazorat qildik. Birinchi bo‘limda raqibimiz bitta hujum qildi va gol urdi. Ikkinchi bo‘limda agressivroq o‘ynadik. Birinchi bo‘limning o‘zidayoq gol urishimiz kerak edi.
- Cheran jarohatdan so‘ng yana maydonga qaytdi. Bugun ham Dragan maydonga tushganidan so‘ng jamoangiz hisobni tenglashtirdi. Draganning jamoa o‘yiniga ta’siri haqida gapirib o‘tsangiz.
- U jamoa yetakchisi va sardori. U maydonga qaytganidan so‘ng uslubimizni o‘zgartirdik. Uni maydonda ikki himoyachi qo‘riqlaydi. Shu sababdan ochiq zonalar paydo bo‘ladi. U o‘zining optimal sport formasiga qaytishiga umid qilaman.
- Bugungi durangdan so‘ng chempionlik "intriga"si haqida gapirib o‘tsangiz. "Paxtakor" so‘nggi ikkita uchrashuvning birida g‘alaba qozonsa chempion bo‘ladi. Osiyo chempionlar ligasida ham eng muhim pallada.
- Kubok ko‘targanimizdan so‘ng chempion bo‘ldik deya olamiz. Osiyo chempionlar ligasida ham eng muhim uchrashuvlar vaqti keldi. Zich taqvim futbolchilarni, ayniqsa terma jamoa a’zolarini qiynab qo‘yadi.
- "Paxtakor" bugun yaxshi holatda ekanligini ko‘rsatdi. Biroq jamoa ikkinchi davrada omadsiz o‘yinlarni o‘tkazdi ham. Bunga sabab nima?
- Biz terma jamoa yig‘ini avvalidan beshta muhim uchrashuv o‘tkazgandik. O‘sha uchrashuvlarda ko‘p ochkolar yo‘qotdik, ammo o‘yin bo‘yicha hammasi joyida edi. "Al-Ayn"ga qarshi ko‘p vaziyatlarni yaratgandik. Saudiyada ham o‘yin bo‘yicha ustunlik qilib, mag‘lub bo‘ldik. "So‘g‘diyona", OKMK, "Andijon" jamoalariga qarshi uchrashuvlarda ochko yo‘qotdik. Lekin o‘yin bo‘yicha biz ustun edik. Bugun ham so‘nggi daqiqalarda gol ursak bo‘lardi. Durang adolatli natija bo‘ldi deb o‘ylayman. Jismoniy holat bo‘yicha hammasi yaxshi.
- "Axal" jamoasiga qarshi uchrashuv sun’iy maydonda bo‘lib o‘tishi haqida ko‘p gapirdingiz. O‘sha uchrashuvni tabiiy maydonga ko‘chirishni iltimos qilmadingizlarmi?
- Bu haqida xabarim yo‘q edi. Bunday qilish mumkin, ammo biz juda katta ehtimol bilan sun’iy maydonda o‘ynaymiz. Ko‘ramiz maydon sifati qay holatda ekan. "Axal" jamoasi haqida ma’lumot topishga ham juda qiynaldik. Osiyo chempionlar ligasidagi bahslaridan tashqari, u jamoa haqida boshqa ma’lumot yo‘q.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring