O‘zbekiston Superligasi 24-turidan o‘rin olgan "Neftchi" - "Olimpik" bahsi yakunlandi. Unda mehmonlar 0:1 hisobida zafar quchdi. Yagona golga Alisher Odilov mualliflik qildi. Uning goliga Jasur Jaloliddinov assistentlik qildi.
Uchrashuvdan so‘ng "Olimpik" ustozi Timur Kapadze fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Jamoamizni g‘alaba bilan tabriklayman. Yigitlarim yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi, ular g‘alabaga haqli edi deb hisoblayman. Bu bizga kerakli uch ochko edi. Chunki jamoada bosim bor edi. O‘yin oson bo‘lmadi. "Neftchi" ham kuchli jamoaligini bilgan holda tayyorlandik. G‘alabadan xursandman. "Neftchi" ham tajribali jamoa, yaxshi o‘yin ko‘rsatishadi. Bu futbol, balki, penaltidan gol urilganida, o‘yin boshqacharoq ketardi. Ammo biz birinchi bo‘limdanoq yaxshi o‘yin namoyish qildik. Biz uchun bunday o‘yinlar katta ishonch beradi.
Bugun Bo‘riyev o‘ynamadi. Uning o‘rnida bo‘lgan futbolchilar esa vazifalarini bajara olishdi. Ha, qayerdadir kamchiliklar bo‘ldi, nimalardir o‘xshamadi. Ba’zi holatlarda "Neftchi" imkoniyat bermadi. Jasur individual kuchli futbolchi, qaysidir epizodlarda yaxshiroq harakat qiladi. Lekin bizda jamoaviylik asosiy o‘rinda turadi. Turli xil vaziyatlarga tushib qolsak, ularning o‘rniga tushadigan futbolchilar ham bemalol o‘ynab keta oladi.
O‘yinni nazorat qilib, vaziyatlar yaratishga harakat qildik. "Neftchi" ham oson jamoa emas, 5-3-2 taktikasida o‘ynaydigan raqib himoyasini yorib o‘tish istalgan jamoaga qiyinchilik tug‘diradi. Raqiblarning himoyada ko‘pchilik bo‘lganligi sababli hujumda ishlarimiz doim ham o‘xshamadi. Shukr-ki, bir epizodimizdan gol urdik, bundan xursandmiz. Birinchi bo‘limda ham imkoniyatlarimiz, zarbalarimiz bo‘ldi, lekin noaniq o‘ynadik. Biroq asosiysi - g‘alaba.
- "Olimpik" jamoasidan kelajakda nimalarni tasavvur qilsak bo‘ladi?
- Ushbu jamoa nima sababdan tashkil qilinganligini yaxshi bilsangiz kerak. Futbolchilarga katta o‘yin amaliyoti, tajriba berish uchun tuzgandik. Uch yil oldin tuzilgan jamoada har yili o‘zgarishlar bo‘ldi. Ayrim yetakchilar boshqa jamoalarga o‘tishdi, bu yil ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Jasur va Ibrohimni hisobga olmasa, boshqa futbolchilar o‘z jamoalarida deyarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgandi. Ularni o‘stirishga harakat qildik. Terma jamoa uchun ham ko‘pchilik bo‘lgani yaxshi. "Olimpik" o‘tgan uch yilda ushbu vazifani bajara oldi. Jamoada ko‘zga ko‘ringan futbolchilar ayni damda Superliganing bir qancha jamoalarida o‘ynashmoqda. Bundan xursandman. Termaga ham eng kuchli futbolchilarni chaqiramiz. Jamoadagi keyingi yil rejalarini esa keyinchalik qaraymiz. Chunki aprel oyida bizda rasmiy turnirimiz bor. Nasib bo‘lsa, Olimpiada ham bo‘ladi. Rejalarni mavsum yakunida rahbariyat bilan tuzib chiqamiz.
Abbos faqatgina meni emas, butun o‘zbek futbolini xursand qilyapti. Yaxshi darajada o‘ynamoqda, jamoaning asosiy tarkib futbolchisi sifatida yetakchilardan biri bo‘lib oldi. Uyda dadam ham uning o‘yinlarini xursand bo‘lib tomosha qilyaptilar. Rossiyadagi ekspertlar bilan ham gaplashib turibmiz, ular ham Abbosbekning o‘yinlaridan hayron. Bunday gavdasi bilan to‘p uchun kurashlarda ham, boshqa holatlarda ham yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. Shu orqali u jamoasining natijalariga katta hissa qo‘shmoqda. Shunday legionerlar O‘zbekistonning reputatsiyasini ko‘tarmoqda. Buni bilgan holda futbolchilar ham yaxshi o‘ynashmoqda. Abbosbekda Yevropaning kuchli chempionatlaridan birida o‘ynashga yetarli iqtidori bor, - dedi Kapadze.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring