Fayzullayev Portugaliya, Nidelandiya grandlari, turklar va arablar takliflarini qabul qilmadi
O‘zbekistonning eng mashhur legionerlarining aksariyatiga Prosports Management konsalting kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi. Qahhor Mo‘minov ushbu kompaniya orqali bir necha futbolchilarimiz transferini amalga oshirgan mutaxassis. U sport24.ru saytiga bergan intervyusida Abbosbek Fayzullayev haqidagi savollarga javob berdi.
— Abbos Moskvadagi faoliyatini mana shunday zo‘r boshlashini tasavvur qilganmisiz?
— Agar biz uning faoliyati shu darajada yaxshi boshlanishini kutgandik, desam yolg‘on bo‘lib qoladi. Biz – ProSports Management kompaniyasidagilar Abbos unga berilgan imkoniyat va bildirilgan ishonchdan, bosh murabbiy Vladimir Fedotov bilan ishlashdan oqilona foydalanyapti, deb bilamiz.
Jamoada Abbosni iliq qabul qilishgani muhim omil. Igor Akinfeyev va boshqa faxriy o‘yinchilar uni o‘z qaramog‘iga oldi va har tomonlama yordam beryapti. Muvaffaqiyatli o‘yinlardan keyin uni alohida mehr bilan tabriklashyapti. Klubning qolgan xodimlari ham xuddi shunday munosabatda. Bular Fayzullayevni ilhomlantiradi. Qolaversa, Fayzullayevga kiyim olmashtirish xonasida jamoa sardori yonidan joy berishdi. Bu ham faxrlanadigan jihat.
— Abbos kimlar bilan ko‘proq muloqot qiladi?
— Hamma bilan munosabati yaxshi. Sasha Zdelar va Viktor Davila bilan sal ko‘proq gaplashadi.
— Iye, nega aynan ular bilan?
— Hammasi oddiy. Fayzullayev ingliz tilini juda yaxshi biladi. Buning uchun amakisiga rahmat – Abbosning bolaligidan chet tilini bilish muhimligini aytib kelgan. Hozir Abbos xorijlik legionerlar bilan muloqot qilishida hech qanday to‘siq yo‘q. U Davilaga rus tilini o‘rganishda yordam beryapti.
— SSKA Fayzullayev uchun tramplinmi?
— Bu haqida gapirishga hali erta. Abbos hozircha bir nechta yaxshi o‘yin o‘tkazdi xolos. SSKAda raqobat o‘ta kuchli bo‘lmagani va bu yerda o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat ko‘proq ekani bizni qoniqtirdi.
Abbos qachon asosiy tarkibning muqim o‘yinchisiga aylansa va SSKAga sovrinlarni olishda yordam bersa, u yog‘ini yana ko‘ramiz.
O‘zbekistondan kelgan va yangi nom bo‘lgan yosh o‘yinchisiga ishonch bildirgani uchun klubga katta rahmat. Keyingi qadamlarning hammasi rahbariyat bilan hamkorlikda tashlanadi. Baxtiyor Zaynutdinovning faoliyati Abbosni yanada yaxshiroq ishlashga undashi kerak.
— Fayzullayev mavsumni Rossiyadan boshqa joyda boshlashi mumkinmidi?
— Abbosga Portugaliya chempionatining kuchli beshligidagi jamoadan chorlov bo‘ldi. Niderlandiyadan ham taklif bo‘lgandi. Biroq u yerda 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarning maoshiga cheklov borligi bizga to‘g‘ri kelmadi.
Turklar ham tinch qo‘ymadi. Superliganing barcha yetakchi klublari biz bilan muloqot qildi. Qo‘shimchasiga Yaqin Sharqdan bir necha klub taklif bilan chiqdi. Bilasizmi, ularning aksariyati shubha bilan qaragan bir masala bor?
— Nima ekan?
— O‘zbek ligasining raqobatbardoshligi. Abbosning kuchli beshlik ligalarida o‘ynash orzusini inobatga olib, biz Rossiya Premer-ligasi oldinga qadam tashlash uchun eng ma’qul variant ekan, degan qarorga keldik. Bunga Eldor Shomurodov, Xvicha Kvaratsxeliya va Arsen Zaxaryan misollari umid uyg‘otyapti.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring