2026 yilgi jahon chempionatining saralash turniri doirasidagi ilk uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safar uchrashuvida Turkmaniston futbolchilarini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Srechko Katanes shogirdlari birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborganiga qaramay, ikkinchi bo‘limda raqib darvozasini uch marotaba ishg‘ol qilishni uddaladi. Avvaliga Eldor Shomurodov Otabek Shukurovga ikkita golli pas uzatdi. Otabek ham bir vaziyatda Eldorni golli vaziyatga chiqarib qarzini uzdi.
Bu gol Eldor Shomurodovning terma jamoamiz tarixidagi eng ko‘p gol urgan futbolchi sifatidagi rekordini yangiladi. Endi Shomurodov hisobida 67 ta o‘yinda kiritilgan 38 ta gol bor.
2015 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgan 28 yoshli hujumchi gollarini qaysi mamlakatlar terma jamoalariga urgani ko‘pchilik futbol ishqibozlarini qiziqtirsa kerak.
Sports.uz portali Shomurodov yo‘llagan to‘plarni o‘z darvozasidan olib chiqqan terma jamoalar haqida ma’lumot beradi.
Eldor terma jamoamiz safidagi ilk golini uchinchi o‘yinida – Osiyo chempionatining saralash turnirida Bahrayn darvozasiga kiritgan.
2016 yil davomida forvardimiz o‘z hisobiga uchta gol yozdirib qo‘ydi. Uning aniq zarbalari Livan, Kanada, Iroq darvozalaridan joy oldi.
2017 yilning boshida o‘rtoqlik uchrashuvida Gruziya darvozasiga bir juft to‘p kiritgan hujumchimizda qariyb ikki yillik quruq seriya kuzatildi.
Eldor noxush seriyaga 2019 yilning yanvarida barham berdi. Osiyo chempionati uchrashuvlarida O‘mon va Yaponiyaga bittadan, Turkmanistonga ikkita gol urdi. Mana shu yilning o‘zida Xitoy, Yaman, Saudiya Arabistoniga bittadan, Suriya, Singapur, Falastinga ikkitadan to‘p kiritildi.
Shomurodov 2020 yili Italiya chempionatiga ko‘chib o‘tganidan keyin, milliy terma jamoamizdagi statistikasi ham ajobiy tomonga o‘zgargani kuzatildi.
Mohir hujumchimiz Yevropadagi kuchli beshlik chempionatidan kelib, Eron darvozasini ishg‘ol qildi. Keyingi yili Singapur va Shvetsiya bilan bo‘lgan o‘yinlarda bir martadan raqib darvozasiga yo‘l topdi.
2022 yilgi bellashuvlarda “italiyalik legionerimiz” Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Kosta-Rikaga bittadan, Janubiy Sudanga ikkita, Uganda va Maldiv orollari terma jamoalariga uchtadan to‘p kiritib, sermahsulligi oshib borayotganini ko‘rsatdi.
Shomurodov 2023 yilni ham yuqori saviyada o‘tkazmoqda. Uning Boliviya va Tojikistonga urgan gollari futbolchilarimizning g‘alabasini ta’minladi. Shuningdek, bu yil Eldor Turkmanistonga qarshi ikkita uchrashuvda jami uchta to‘p kiritdi.
Umuman olganda, Turkmaniston Shomurodovning “sevimli” jamoasiga aylanib qolgan. Hamyurtimiz turkmanlarga qarshi uch marta maydonga tushib, beshta gol va ikkita assist qayd etdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatida doirasidagi navbatdagi uchrashuvini 21 noyabr kuni Toshkentda Eron vakillariga qarshi o‘tkazadi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring