“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi Abbosbek Fayzullayev avgust oyida SSKAga ko‘chib o‘tganidan keyin yangi jamoasiga juda tez kirishib ketdi. 20 yoshli futbolchimiz qisqa fursatda jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi.
SSKA hujumlarini tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan legionerimiz Rossiya Premer-ligasining birinchi davrasi asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etilmoqda. Taniqli futbol agenti German Tkachenko uning kompaniyasi mijozi hisoblangan o‘zbek futbolchisiga bir qator boshqa jamoalar ham xaridor bo‘lganini aytdi.
– Abbosbek Fayzullayev transferi borasida SSKAda uning imkoniyatlariga shubhalanish bor edi. Lekin transfer uchun u qadar katta bo‘lmagan mablag‘ talab etilgan bu ikkilanishni katta muammo darajasiga ko‘targani yo‘q.
Fayzullayevning muvaffaqiyatli o‘ynab keta olgani murabbiylar shtabiga ham bog‘liq. Ular futbolchini o‘rganib chiqishdi. Ko‘pchilik bu o‘yinchi bir necha yildan keyin ochiladi, deb o‘ylagandi. Tabiiyki, biz ham Fayzullayevdan umid qilandik, lekin hammasi buqadar tez bo‘lishiga ishonmagandik. Uni boshqa klublarga ham tavsiya qilganmiz...
– “Lokomotiv”gami?
– Yo‘q. “Lokomotiv”dagilar bu o‘yinchini bilardi, lekin transfer borasida hech qachon gap ochishmagan. Biz Moskvaning “Dinamo” klubiga Fayzullayevni olishni tavsiya qilgandik. Ulardan javob bo‘lmadi.
Aprel oyida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Abbosbek Fayzullayev eng yaxshi o‘yinchi bo‘lgan edi. O‘sha turnirdan keyin SSKA uni kuzatib borishini bildirib, ijara masalasini hal qilishni so‘radi.
Yana ikkita jamoa uni juda qattiq qiziqish bildirdi va bizni qiynab yubordi. Bular “Pari Nijniy Novgorod” va “Alaniya”. “Alaniya”ning skautlari juda yaxshi ishlaydi.
– Fayzullayev qishda SSKAdan ketmaydimi?
– Yo‘q.
– Turkiyadan 3-4 million yevrolik takliflar borligi haqida xabarlar tarqadi...
– O‘ylashimcha, SSKA 3-4 million yevrolik takliflarni o‘ylab ham ko‘rmaydi. Agar Abbos bahorda ham shunday o‘ynashda davom etsa bu summa uch baravargacha ko‘tariladi.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayevni tarbiyalagan “Paxtakor” o‘yinchi bilan imzolangan shartnomadan kelib chiqib, uni 500 ming yevroga qo‘yib yubordi. SSKAga borganidan keyin Premer-liga va Rossiya kubogida jami 14 ta uchrashuvda maydonga tushgan hamyurtimiz bitta gol va oltita assist qayt edi.
Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world saytiga ko‘ra, legionerimizning bugungi kundagi transfer narxi 2 million yevroni tashkil qilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring