Bizning vaqt bilan 26 noyabr kuni tongda Las-Vegasdagi «Mishelob Ultra Arena»da professional boks oqshomi bo‘lib o‘tadi.
Bu kecha hamyurtimiz Shohjahon Ergashev (23-0-0) IBF yo‘nalishi chempioni, puerto-rikolik Sabriyel Matias (19-1-0) bilan kamar uchun jang qiladi.
Shohjahon ushbu chempionlik jangi uchun 17 kilogramm vazn tashlashiga to‘g‘ri keldi. Bu haqda «Olamsport» nashriga bokschining o‘zi ma’lum qildi.
«Hozir ham ikki kilogramm ortiqcha vaznga egaman. Faoliyatimda ilk bor 17 kilogramm vazn tashlashga to‘g‘ri keldi. Bunaqasi hali bo‘lmagandi. Ozg‘in, kichkina bo‘lib qolganimni qarang (kuladi). Murabbiylarim Shugar Hill, Bibi va Chemberslar bilan chempionlik jangiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Shugar Tayson Fyurining murabbiyi hisoblanadi. O‘ylaymanki, hammasi yaxshi bo‘ladi», — degan Ergashev.
Ma’lumot uchun, 31 yoshli Ergashev so‘nggi bor 2022 yilning avgustida Anxel Martines Ernandesga qarshi ringga chiqqan edi. Ushbu jangda Shohjaxon texnik nokaut evaziga g‘alaba qozongandi. Bokschimiz hisobida 23 g‘alaba (20 tasi nokaut) bor.
31 yoshli Matias esa shu yilning fevral oyida Xeremias Ponsega qarshi jang qilgan. Ushbu qarama-qarshilikda Sabriel muddatidan avval g‘alaba qozonib, IBF chempionlik kamarini qo‘lga kiritgandi. Uning hisobida 19 g‘alaba (barchasi nokaut bilan) va bitta mag‘lubiyat bor.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring