Fransiya vitse-chempioni – “Lans” milliy chempionatning 13-turida safar uchrashuvida “Klermon” ustidan 3:0 hisobida zafar quchdi. Hisob yirik ko‘rinish olgan bo‘lsa-da, mezbonlar tajribali raqibga anchagacha jiddiy qarshilik ko‘rsatdi.
Ogohlantirishlar ko‘p bo‘lgani va ikkita qizil kartochka ko‘rsatilgani bu to‘qnashuv ancha shiddatli kechganidan dalolat beradi.
Lansliklar safiga yozda qo‘shilgan Abduqodir Husanov Liga 1 turnirida 13-turga kelib, birinchi marta to‘liq o‘yin o‘tkazdi.
Bungacha 19 yoshli futbolchimiz sentyabr va oktyabr oylarida atigi bittadan bellashuvda qatnashgan va har ikki bahsni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan va keyinchalik zaxiraga olingan edi.
Ta’kidlash joizki, Husanov avvalgi ikki bahsda asosiy himoyachilar – Fekundo Medina va Deyver Machado turli sabablarga ko‘ra, o‘yinda ishtirok eta olmagani bois ularning o‘rnini yopish uchun maydonga tushirilgan edi.
Bu gal ham shunday bo‘ldi. “Lans”ning eng kuchli futbolchisi Kevin Danso “Klermon” bilan bahsda qatnasha olmadi. Bosh murabbiy Frank Xeyz o‘zbekistonlik legionerga ishonch bildirdi.
Abduqodir Husanov avvalgi ikki o‘yinda bo‘lgani kabi uchrashuvni yuqori sifatda o‘tkazdi va ekspertlar tomonidan o‘zi o‘ynagan uchinchi uchrashuvda ham eng yaxshi harakat qilgan futbolchilar qatorida e’tirof etildi.
Fransiya futbolini yoritib borayotgan manbalar mutaxassislari legionerimizning o‘yiniga quyidagicha baho berdi.
- Markaziy himoyachi Kevin Danso so‘nggi daqiqalarda maydonga tusha olmasligini bildirganidan keyin uning o‘rnida o‘ynash Abduqodir Husanov chekiga tushgani kutilmagan holat bo‘ldi. Himoya uchligida markazdan o‘rin olgan Abduqodir Husanov yosh bo‘lishiga qaramay, yana yuqori saviyada o‘ynay olishini namoyish qildi.
19 yoshli futbolchi “Klermon”ning eng xavfli hujumchisi Gredjon Kiyeyga qarshi faol himoyalandi. Ayniqsa, hujumchining 29 va 90+6 daqiqadagi xavfli hujumlarini to‘xtatib qolib, jamoa darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga katta hissa qo‘shdi.
Shunga qaramay, iste’dodli yosh futbolchisi o‘ziga yana imkon berilishini kutishdan boshqa chorasi yo‘q ekanini ta’kidlash lozim, - deb yozdi le11hdf.fr sayti eksperti Enso Paylo.
Yana bir manba – lensois.com sayti “Lans”ning g‘alabasi va legionerimiz o‘yiniga munosabat bildirdi. Bu sayt vakillari ham Husanovni eng yaxshi o‘ynagan futbolchilar qatoriga kiritdi.
- Abduqodir Xusanov “Lans” himoyasi markazida hayiqmay o‘ynadi. O‘zbek himoyachisining qarshisida tajribali Gredjon Kiyey singari xavfli raqib to‘p tedi.
Bu kurashda ustunlik o‘zbek himoyachisi tomonida bo‘ldi. Husanov ayrim vaziyatlarda biroz shoshib qoldi. Lekin bu o‘yinga ham, natijaga ham ta’sir qilmadi.
Bu g‘alabadan keyin “Lans” futbolchilarida Yevropa Chempionlar ligasida “Arsenal” bilan bo‘ladigan to‘qnashuvdan oldin o‘ziga bo‘lgan ishonch ortganini ta’kidlash lozim, - deb yozdi lensois.com sayti mutaxassisi Eloiza De Mester.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring