"FootyRankings" portali Osiyo Kubogi-2023 da g‘oliblik uchun favoritlar nomini e’lon qilganidan xabaringiz bor.
Unda, O‘zbekiston terma jamoasining chempionlik uchun imkoniyatlari Saudiya Arabistonidan yaxshiroq ekanligi ko‘rsatilgan. Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev bu haqida o‘z telegram kanalida quyidagicha xabar qoldirdi.
"Ko‘pchilik bu holatni noto‘g‘ri o‘lchov bilan izohlamoqda. Vaholanki, foizlar qaysi kriteriya bo‘yicha belgilanishini tushunish uchun Saudiya Arabistoni terma jamoasining so‘nggi o‘yinlariga e’tibor qaratishning o‘zi kifoya. Evre Renar tuzgan kuchli pressingga suyangan dominant futbol allaqachon "Sahro lochinlari"ning o‘yinida ko‘zga tashlanmayapti. JCH saralashidagi ikkita g‘alabani hisobga olmasa, Saudiya Arabistoni "Fors Ko‘rfazi kubogi"da guruhdan chiqa olgani yo‘q. Ummon va Iroqqa imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Keyin, Venesuela va Boliviyaga o‘z uyida (O‘zbekiston terma jamoasi esa, Venesuela bilan durang o‘ynab, Boliviyani yengdi) mag‘lubiyatga uchradi.
Keyin o‘rtoqlik o‘yinlarida jiddiy raqiblar bilan bahslarda ketma-ket (Janubiy Koreya, Mali, Kosta-Rika) mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. Bu o‘yinlar fonida terma jamoamizning Meksika va Eronga qarshi natijalari "oq bo‘rilar"ni hozir "sahro lochilari"dan yaxshiroq formada ekanligiga ishora qilishi tabiiy. To‘g‘ri, Saudiya Arabistoni Osiyo futboli uchun ko‘p narsa qilyapti, ammo bu barchasi xorijdan kelayotgan nomlar evaziga bo‘lmoqda. Kelayotgan legionerlar esa, o‘z-o‘zidan mahalliy futbolchilarning katta tempda o‘tadigan futbol uchrashuvlaridagi o‘yin daqiqalarini tobora kamaytirib boradi.
Mamlakatga ulkan pullar evaziga taklif etilayotgan xorijlik mutaxassislar birinchi navbatda natija qilishga intiladi. Yangi nomlarni kashf etish, mahalliy futbolchilarni yangi darajaga olib chiqish, yoshlar bilan ishlash singari faktorlar ikkinchi planga ko‘chib o‘tadi. "Al-Hilol" - "An-Nassr" bahsini asosiy tarkibda boshlagan 22 futbolchinig atigi 7 tasi Saudiya Arabistoni fuqarosi edi.
Xulosa shuki, "FootyRankings"ning o‘lchovi to‘g‘ri, shunchaki "O‘zbek futbol olami" raqibdan qo‘rqish va buni boshqalarga ham yuqtirish borasida Osiyoda 20 yildan beri tengsiz! Tamom", - deyiladi xabarda.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring