"Lans" tarkibida harakat qilayotgan Abduqodir Husanov uchun keyingi kunlar juda muhim bo‘lishi mumkin. Mavsum boshidan beri 260 daqiqa maydonda harakat qilgan vatandoshimizning so‘nggi paytlarda ham zaxiradan o‘yinga qo‘shilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Endilikda u uchrashuvlarni asosiy tarkibda boshlash imkoniyatiga ega bo‘lish ehtimoli juda yuqori.
"Lans"ni oldinda Fransiya chempionati doirasida "Reyms"ga qarshi bahs kutib turibdi. Uchrashuv qaydnomasiga jamoaning ikki asosiy himoyachilari Jonatan Gradit va Fakundo Medina kabi futbolchilar kiritilmadi.
Ma’lum bo‘lishicha, 31 yoshli Gradit "Sevilya"ga qarshi o‘yinda jarohat olgan va qanchaga safdan chiqqani aniq emas, lekin ayrim manbalar uni keyingi yilda maydonga qaytishini taxmin qilmoqda. Agarda mish-mish rost bo‘lib chiqsa, Husanov uchun keyingi o‘yinlarda ham ko‘proq daqiqa beriladi. Medina esa sariq kartochkalari ko‘payib ketganligi sababli "Reyms"ga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Qaydnomaga e’tibor bersak, "Lans B"dan Keni Mbala mazkur o‘yinga chaqirilganini ko‘rishimiz mumkin. U hali asosiy jamoada maydonga tushmadi.
Husanov nafaqat "Reyms"ga qarshi uchrashuvda, balki 17-tur doirasida "Nitssa" bilan bo‘lib o‘tadigan o‘yinda ham boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishi mumkin. Sababi, Kevin Dansoning kartochkalari soni 3 taga yetdi va qonun bo‘yicha keyingi turni o‘tkazib yuborishi kerak. Gradit ham hali safga qaytishga ulgurmasa, Abduqodir uchun imkoniyat paydo bo‘ladi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring