Fransiya chempionatini o‘ta muvaffaqiyatsiz boshlagan “Lans” 16-turdan keyin sovrinlar uchun kurashayotgan jamoalar qatoriga qo‘shildi.
Frank Xeyz shogirdlarining mag‘lubiyatsiz seriyasi 11 ta uchrashuvga yetdi. Natijada jamoa musobaqa jadvalida Yevrokuboklarga yo‘llanma beradigan o‘rinlarga da’vogarlik qila boshladi.
16-turda lansliklar o‘z maydonida xuddi o‘zlari kabi yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan “Reyms” jamoasini qabul qildi. Garchi bellashuvlar 2:0 hisobida “Lans” foydasiga hal bo‘lgan esa-da, mezbonlar uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun ancha qiynaldi.
Biz uchun ahamiyatli tomoni shundaki, Fransiya chempionatidagi yagona vakilimiz – Abduqodir Husanov to‘liq o‘yin o‘tkazdi.
Frank Xeyz ushbu bahsda asosiy himoyachilardan ikki nafari – jarohat olgan Jonatan Gradit va diskvalifikatsiyaga uchragan Fakundo Medina xizmatidan foydalana olmadi. Ularning o‘rnini Abduqodir Husanov va Massadio Xaydara egallab, jamoa yetakchisi Kevin Dansoga himoyalanishda yordam berdi.
Bellashuvdan keyin Fransiya futboli ekspertlari “Lans” o‘yinchilarining “Reyms”ga qarshi uchrashuvdagi harakatlarini baholadi.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga nufuzli manba – le11hdf.fr sayti eksperti Enso Paylotning tahlilini havola etadi.
Bu nashr “Reyms” darvozasini ishg‘ol qilib, hisobni ochgan Uesli Saidni uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi, deb topdi. Joriy mavsumda o‘ninchi bor maydonga tushgan 28 yoshli futbolchi o‘z hisobiga to‘rtinchi golini yozdirib qo‘ydi.
Shuningdek, “Lans”ning yana ikki o‘yinchisi boshqalardan faol o‘ynadi. Ruben Agilar o‘ziga yuklatilgan vazifani to‘liq uddaladi. Agiler raqib hujumchisi Keyto Nakamuraga o‘yin bermadi. Hisob ochilgan vaziyatda Ruben jamoadoshi Uesli Saidni ajoyib pas bilan ta’minladi.
Muhim g‘alabaga jamoa sardori va darvozaboni Bris Samba ham katta hissa qo‘shdi. U bir necha vaziyatlarda raqibning xavfli zarbalarini bartaraf etishni uddaladi.
Odatda, o‘zi o‘ynagan uchrashuvlarda doim eng yaxshilar qatorida tilga olingan Abduqodir Husanov bu gal o‘z darajasida harakat qila olmadi. Ekspertlar o‘zbek legioneri biroz bo‘sh o‘ynaganini ta’kidlamoqda.
Garchi 19 yoshli himoyachimiz ikki vaziyatda raqib hujumini qaytarishda jonbozlik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, avvalgi bahslardagi yorqin o‘yinini namoyish qila olmadi.
Abduqodir Husanov bilan birga o‘ynagan Massadio Xaydaraning harakatlari ham ekspertlar tomonidan biroz past baholandi. Xaydara “Reyms”ning yaponiyalik legionerlari Keyto Nakamura va Dzyunya Itoga qarshi o‘ynagan vaziyatlarda himoyachiga tezlik yetishmadi.
Shuningdek, Adrian Tomasson ham ishonchli o‘ynay olmadi. 30 yoshli hujumkor futbolchiga jamoasi hujumlarini yakunlashda aniqlik yetishmadi. Adriyen maydon markazini ushlab turishda va hujumlar tashkil etishda jamoadoshlariga yetarli darajada yordam bera olmadi.
“Lans” futbolchilarining o‘yiniga quyidagi ballar berildi:
Samba (6) – Husanov (4), Danso (5), Xaydara (4) – Agilar (6), Abdul Samed (5), Al-Aynaui (5), Frankovski (5) – Tomasson (4), Said (7), Fuljini (5).
“Lans” navbatdagi uchrashuvni 20 dekabr kuni “Nitssa”ga qarshi o‘tkazadi. Bo‘lajak raqib musobaqa jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi va PSJ bilan chempionlikni talashmoqda. Navbatdagi turdan keyin Fransiya chempionatida 14 yanvarga qadar tanaffus e’lon qilinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!