Rossiya Premer-ligasida qishki tanaffus e’lon qilingan. Futbol ekspertlari chempionatning birinchi qismini tahlil qilish bilan band.
Yozgi transferlar vaqtida “Paxtakor”dan SSKAga ko‘chib o‘tgan Abbosbek Fayzullayev Premer-liganing asosiy kashfiyoti sifatida muxlisu mutaxassislar jiqqat markazida turibdi. Rossiyalik ekspertlar o‘zbek futbolchisi haqida ko‘p fikr bildiryapti.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga rossiyalik ekspertlarning Abbosbek Fayzullayev haqidagi fikrlarini havola qilishda davom etadi.
Vladimir Ponomaryov, SSKAning sobiq futbolchisi:
SSKA musobaqa jadvalida sakkizinchi o‘ringa tushib qolganidan hayratdaman. To‘g‘ri, yuqoridagi jamoalar bilan ochkolar o‘rtasidagi farq katta emas, lekin ishlanishi kerak bo‘lgan jihatlar borligi bilinib turibdi.
Menga “armiyachilar”ning jismoniy tayyorgarligi yoqmayapii. Ko‘pincha ikkinchi bo‘limda muammolar yuzaga kelmoqda. Demak, tayyorgarlikda jiddiy kamchiliklar bor.
Jamoaning hujum chizig‘ini zo‘r, deb bo‘lmaydi. Fyodor Chalov va Anton Zabolotniy yaxshi o‘yinchi, lekin jamoaning bir juft tezkor hujumchiga ehtiyoji bor. Ular raqib himoya chizig‘iga bosim o‘tkazishi kerak. Har doim pozitsion hujum bilan o‘ynash ham yaxshi emas.
SSKAda Abbosbek Fayzullayev juda yaxshi boshladi. U haqiqiy topilma. SSKAda Fayzullayevdan boshqasi to‘p bilan yugura olmaydi, tezlikda driblingini qo‘llay olmaydi. Faqat pas orqali o‘ynaydi. Qanotdan hujum uyushtirilganda raqibni aldab o‘tishganini ko‘rmadim. Agar maydonda telegraf ustuni turgan bo‘lsa ham, SSKA o‘yinchilar undan pas orqali o‘tadi.
Gennadiy Kostilev, SSKA sobiq futbolchisi:
“Armiyachilar” ishtiyoq bilan o‘ynaganida muvaffaqiyatli davr ham bo‘ldi. Keyin pasayish boshlandi. Barqarorlik yetishmadi. Bu holatda yaxshi natijalarga erishib bo‘lmaydi.
SSKAda kutilayotgan darajada o‘yin ko‘rsata olmayotgan o‘yinchilar bor. Bunaqalarini legionerlar orasida ham, mahalliy futbolchilardan ham topish mumkin. Mening fikrimcha, SSKAda faqat Igor Akinfeyev jiddiy saviyada o‘ynayapti. Qolganlari ham yomon futbolchi emas, lekin muntazam yuqori darajada o‘yin ko‘rsatayotgani yo‘q.
Ko‘pchilik tomonidan mavsum kashfiyoti sifatida e’tirof etilayotgan Abbosbek Fayzullayev haqiqatan aqlli futbolchi, o‘zida bir necha sifatlarni uyg‘unlashtirgan. Lekin yakkama-yakka kurashlarga ozgina kuchi yetmayapti.
O‘zbek legionerining harakatlari asosan hujumga qaratilgan. Bu esa, kimdir uning o‘rniga himoyada ter to‘kishi kerakligini bildiradi. Shunday qilmasa, muammo kelib chiqishi mumkin.
Abbosda futbolchi sifatida did yaxshi rivojlangan, har doim original tarzda pas berishga intiladi. Fayzullayev tipidagi futbolchilar har doim katta hajmdagi ishlarni amalga oshiradi. Hatto katta-katta klublarda ham shunday bo‘ladi.
Ta’kidlash joiz, Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogida hozirgacha 18 ta uchrashuv o‘tkazib, ikkita gol va to‘qqizta assist muallifi bo‘ldi. Ayni paytda 20 yoshli hujumkor futbolchimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Qatarda bo‘ladigan Osiyo chempionatida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring