date
views 521

“Spartak”ga O‘zbekistondan futbolchi olishni maslahat berishdi

“Spartak”ga O‘zbekistondan futbolchi olishni maslahat berishdi

Moskvaning “Spartak” klubi rahbariyati bir necha yildan beri jamoani chempionlik uchun kurashadigan darajaga ko‘tara olmayapti. Bu yo‘lda qanchadan qancha transferlar amalga oshirildi, bosh murabbiylar o‘zgartirildi. Hozircha bu harakatlar samara bergani yo‘q.

Rossiyaning eng mashhur klubi jamoaning transfer siyosatini boshqarish uchun yangi sport direktorini ishga oldi. Bu lavozimga tayinlangan Tomash Amaral to‘rt yarim yildan buyon “Benfika”da iste’dodlarni kashf etish bilan shug‘ullanib kelgan. Tajribali mutaxassis Portugaliyaning “Farense” va “Braga”, Ispaniyaning “Granada”, “Eybar” hamda “Valyadolid” klublarida faoliyat yuritgan.

“Spartak” klubining sobiq bosh direktori Sergey Shavlo 2024 yilning yanvaridan rasman ishga kirishadigan Tomash Amaralga transfer siyosatini shakllantirishda ichki va yaqin xorij mamlakatlaridagi futbolchilarga ko‘proq e’tibor qaratishni maslahat berdi.

- Bugungi kunda klub o‘z futbolchilarini tarbiyalashi o‘ta dolzarb masala bo‘lib qoldi. Biz nafaqat rossiyalik murabbiylar, balki o‘ynashga intilayotgan yosh iste’dod egalarini ham boy berib qo‘yishimiz mumkin.

Amaral asosiy yo‘nalishini G‘arbga, birinchi navbatda Braziliya va Argentinaga qaratishi tabiiy. Lekin hozirgi paytda ichki bozor va yaqin xorij mamlakatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Serbiya futboliga e’tibor qaratish lozim.

SSKA Abbosbek Fayzullayevni taklif qilib, bu yo‘nalishda hammaga juda yaxshi o‘rnak ko‘rsatdi. Abbosbekka Rossiya Premer-ligasiga moslashish uchun vaqt kerak bo‘lgani yo‘q. Maqbul narxlarga o‘ynab keta oladigan o‘yinchini topishda sport direktorlarining xizmati katta, albatta, - dedi Sergey Shavlo.

SSKA Abbosbek Fayzullayevni avgust oyida transfer qilgandi. “Paxtakor” tarbiyalanuvchisining transferi 500 ming yevroni tashkil qildi. 20 yoshli futbolchi “armiyachilar” safida jami 18 marta maydonga tushib, ikkita gol va to‘qqizta assist qayd etdi. Fayzullayev Rossiya Premer-ligasining eng yorqin kashfiyoti sifatida e’tirof etildi.

O‘zbekiston futboli tarixida Moskvaning “Spartak” klubi futbolchilarimizga e’tibor qaratgan holatlar bo‘lgan.

Mustaqillikning ilk yillarida “Paxtakor”da kamolga yetgan Andrey Pyatnitskiy va Valeriy Kechinov “Spartak” taklifini qabul qilib, bu jamoa safida yuqori natijalarni qayd etgan. Keyinchalik Ja’far Irismetov “spartakchilar” safiga qo‘shildi. Biroq rasmiy uchrashuvlarda birorta gol ura olmagan mohir to‘purarimizning bu jamoadagi faoliyatini muvaffaqiyatli deyish qiyin.

So‘nggi yillarda Oston O‘runovning “Spartak”dagi sarguzashtlarini hali hech kim unutgani yo‘q.

Iqtidorli hujumkor futbolchimizga bu klubda o‘zini ko‘rsatish imkonini berishmadi. Rossiyadagi muvaffaqiyatsiz faoliyatidan keyin O‘runov yurtimizga qaytib, qanday mahoratga ega ekanini isbotlab qo‘ydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Spartak”ga O‘zbekistondan futbolchi olishni maslahat berishdi