07:00 / 08.01.2024
971

O‘zbek futbolchisiga Angliyadan e’tibor bo‘ldi

O‘zbek futbolchisiga Angliyadan e’tibor bo‘ldi
Terma jamoalar ishtirokidagi qit’a va jahon chempionatlari futbol skautlari, murabbiylar, agentlar uchun tayyor bozor vazifasini o‘taydi. Chunki terma jamoalar bosh murabbiylari musobaqaga mamlakatning eng kuchli o‘yinchilarini jalb qilgan bo‘ladi.
 
Ana shu ma’noda, 12 yanvardan 10 fevralgacha davom etadigan Osiyo kubogi musobaqasi ham ko‘pchilik uchun yangi nomlarni kashf etib berishi kerak. Qolaversa, bugungi kunda aksariyat muxlisu mutaxassislar e’tibori aynan Osiyo qit’asiga qaratilgani hech kimga sir emas.
 
Angliya futbolini yoritishga ixtisoslashgan thefootballfaithful.com sayti eksperti Harri Daymond ingliz klublarini Qatardagi bo‘ladigan Osiyo chempionatida to‘p tepadigan besh nafar futbolchiga qaratishga chaqirdi. Nishonda O‘zbekiston milliy terma jamoasi vakili ham bor.
 
Ta’kidlash joizki, bu galgi Osiyo chempionatida Angliya klublarida o‘ynayotgan jami 19 nafar futbolchi o‘z mamlakatlari sharafini himoya qiladi. Musobaqadan so‘ng zamonaviy futbol vataniga yo‘l oladigan yangi yulduzlar paydo bo‘lishi kutilmoqda.
 
Mehdi Taremi – Eron
Eron milliy terma jamoasi 48 yillik tanaffusdan so‘ng yana Osiyo kubogini qo‘lga kiritishga urinib ko‘radi. Forslar bungacha 1972 va 1976 yillardagi qit’a chempionatlarida bosh sovringa sazovor bo‘lgan.
 
31 yoshli Mehdi Taremining xalqaro maydondagi statistikasi juda yaxshi ko‘rinish olgan. U terma jamoada 71 ta uchrashuvda 41 ta to‘p kiritgan. Taremi 2019 yili Yevropa futboliga kirib keldi va hozirgacha Portugaliya chempionatida to‘p tepyapti. U Ronalduning yurtidagi faoliyatini “Rui Ave”da boshlab, “Portu”da davom ettirmoqda.  Portugaliyada 171 ta o‘yinda 86 ta gol urgan forvardni kuchli beshlik chempionatlaridagi bir necha jamoalar hozirning o‘zida o‘z safida ko‘rmoqchi.
 
Ali Mabxut – Birlashgan Arab Amirliklari
Ali Mabxutning nomi Yevropa uchun noma’lum, lekin Osiyoda ancha mashhur hujumchi.
 
33 yoshli futbolchi milliy terma jamoasi uchun 114 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 84 ta to‘rtta to‘p kiritgan. BAA futbolchilari hali hech qachon qit’a chempionatida g‘olib chiqmagan, lekin doim kuchli tarkibga ega bo‘lgani bilan ajralib turadi.
 
Ali Mabxut professional futbolchilik faoliyatini faqattgina bir klub – “Al-Jazira”da o‘tkazyapti. Bu jamoada tajribali hujumchi o‘z hisobiga 256 ta gol gol yozdirib qo‘ygan.
 
Abduqodir Husanov – O‘zbekiston
Abduqodir Husanov joriy mavsum Fransiya chempionatida maydonga tushgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida futbol tarixiga kiritildi.
 
O‘tgan yoz 19 yoshli himoyachi Belarusning “Energetik-BGU” jamoasidan Fransiya chempionati vitse-chempioni “Lans” safiga qo‘shildi.  
 
Husanov Fransiya chempionatida oltita va Yevropa Chempionlar ligasida ikkita uchrashuvda maydonga tushdi.
 
Markaziy himoyachi iyun oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasidan taklif oldi va hozirgacha yetti marta maydonga tushirildi. Bungacha Husanov 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokidagi Osiyo chempionatida g‘olib chiqqan va Argentinada yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham yuqori saviyada o‘ynagan edi.
 
Abduqodir Osiyo chempionatida qatnashadigan O‘zbekiston milliy terma jamoasining Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida o‘ynaydigan yagona futbolchisi hisoblanadi. Italiyaning “Kalyari” jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov esa, jarohati tufayli qit’aning eng nufuzli musobaqasida terma jamoaga yordam bera olmaydi.
 
Ko Itakura – ​​Yaponiya
Yaponiya Osiyo kubogiga asosiy da’vogar hisoblanadi. Bu mamlakat terma jamoasida Yevropaning “top-5” ligalarida o‘ynaydigan bir necha o‘yinchi bor.
 
“Brayton” vingeri Kaoru Mitoma, “Reala Sosedad” yulduzi Takefusa Kubo eng yorqin hujumkor futbolchilardan. Ularga “Liverpul” yarim himoyachisi Vataru Endo sardorlik qiladi.
 
Kelajagi porloq bo‘lishi kutilayotgan yana bir futbolchi Ko Itakuradir. “Borussiya Myonxengladbax” himoyachini “Liverpul” va “Tottenxem” vakillari jiddiy tarzda kuzatib bormyapti.
 
Angliya klublariga 26 yoshli o‘yinchining to‘pni nazorat qilish, aniq pas oshirish, mustahkam himoyalanish qobiliyati va bir necha potsiziyada o‘ynay oladigan universalligi yoqayotgani aytilmoqda.
 
Li Kan In – Janubiy Koreya
Son Xyon Min Janubiy Koreyaning asosiy yulduzi, “Bavariya” himoyachisi Kim Min Chje mamlakatning 2023 yildagi eng zo‘r o‘yinchisi hisoblanadi.
 
Yaponiya terma jamoasi yetakchilari qatoriga qo‘shilishga harakat qilayotgan yana bir o‘yinchi Li Kan Indir.
 
Li o‘tgan yozda “Pari Sen-Jermen” jamoasiga qo‘shildi. 22 yoshli futbolchi Parij klubida o‘z o‘rniga ega. Koreyalik yarim himoyachi 3 yanvar kuni Fransiya Superkubogi uchun bo‘lgan bahsda “Tuluza” darvozasini ishg‘ol qilib, g‘alabaga katta hissa qo‘shdi va PSJdagi ilk sovrini qo‘lga kiritdi.
 
Ekspertlar uning o‘rta chiziqda kreativ o‘yin namoyish qilishi, hujumchilarga qulay to‘p oshirib berishi kabi ustunliklarini e’tirof etmoqda.
Janubiy Koreya dastlabki ikki Osiyo chempionatidan beri hali qit’a chempioni bo‘lmadi. Terma jamoa tarixidagi ikki yutuq 1956 va 1960 yillarga to‘g‘ri keladi. Bu gal koreyaliklar katta bo‘shliqni to‘ldirish uchun kurashadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek futbolchisiga Angliyadan e’tibor bo‘ldi