Qit’amizning eng nufuzli musobaqasi – Osiyo kubogi ham boshlandi. Bu turnir futbol olamiga yangi yulduzlarni kashf etib berishi bilan ahamiyatli.
Jahon futbolining yetakchi ligalari, katta klublari, sinchkov murabbiy va mutaxassislari yangi ijrochilarni topish uchun mintaqaviy musobaqalarni jiddiy tarzda kuzatib boradi. Xullas, Osiyo kubogi katta bozor vazifasini o‘taydi.
Qatardagi turnir Abbosbek Fayzullayev uchun faoliyatidagi eng katta musobaqa sanaladi.
20 yoshli futbolchimiz qit’a chempionati oldidan eng iqtidorli o‘yinchilar qatorida tilga olingani, turli mamlakatlar nashrlari tomonidan bo‘lajak yulduzlar ro‘yxatiga kiritilgani ham o‘zbek futbol muxlislari uchun yoqimli holat.
Osiyo kubogi davomida Abbosbek Fayzullayev bu umidlarni oqlab, bor mahorati va salohiyatini ko‘rsatishi talab etiladi.
Legionerimizning birinchi murabbiyi Dmitriy An Rossiyaning championat.com saytiga bergan intervyusida shogirdining katta musobaqadagi ishtirokidan nimalar kutayotgani haqida ma’lumot berdi.
- Osiyo kubogi – Abbosning faoliyatidagi navbatdagi bosqich. Men unga omad tilashni istayman. U milliy terma jamoa safida munosib o‘ynasin.
Men undan yaxshi, chiroyli va kreativ o‘yin kutaman va omad yor bo‘lishini tilayman.
Fayzullayevni qit’a chempionatining boshqa yorqin o‘yinchilari qatorida e’tirof etishayotganidan xursandman.
Abbos Osiyo kubogida ham o‘zining zo‘r o‘yini bilan top-klublar e’tiborini o‘ziga qaratishini juda xohlardim. Unga aynan shuni tilayman.
Hozirdan unga e’tibor qaratishgan, deb o‘ylayman va katta klublar Fayzullayevni o‘z rejalarida, o‘z tarkiblarini o‘yinchisi sifatida ko‘rishlarini istardim, - dedi Dmitriy An.
Abbosbek 20 va 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionatlari g‘olibi va sovrindori hisoblanadi. Shuningdek, o‘tgan yili bahorda Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatining eng yaxshi o‘yinchisi sovrinini ham qo‘lga kiritgan.
Fayzullayev 2023 yilning 11 yunidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. 20 yoshli hujumkor futbolchi hozirgi kunga qadar to‘qqizta o‘yinda maydonga tushib, Tojikiston va Qirg‘iziston terma jamoalari darvozasini ishg‘ol qilgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qatardagi ilk o‘yini 13 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan 22:30 da Suriya futbolchilariga qarshi o‘tkazadi.
“V” guruhidagi ikkinchi uchrashuv 18 yanvarga belgilangan va bu bahsda yigitlarimiz hindistonliklar bilan kuch sinashadi.
Guruhning so‘nggi o‘yini 23 yanvarda Avstraliya terma jamoasiga qarshi o‘tkaziladi.
Bu bosqichda oltita guruhdan dastlabki ikki o‘rinni egallagan va eng yaxshi ko‘rsatkichga ega to‘rtta uchinchi o‘rin sohiblari pley-offga chiqadi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring