Osiyo kubogi birinchi turidan o‘rin olgan O‘zbekiston - Suriya (0:0) uchrashuvidan so‘ng terma jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanes matbuot anjumanida qatnashdi.
- Janob Katanes, o‘yin haqidagi fikringiz qanday?
- Natijadan qoniqmadim. Butun o‘yin davomida hujumlar qilaverdik, ammo gol ura olmadik. Yigitlarga hech narsa deya olmayman. Suriya 90 daqiqa himoyalandi. Qanday gol urishni bila olmadik. Boshqa aytadigan gapim yo‘q.
- Bugun Eldor yo‘q edi. Terma jamoangizning asosiy o‘yinchisiz o‘ynash qanchalik qiyin bo‘ldi?
- Eldor eng muhim o‘yinchimiz edi. U O‘zbekiston termasiga kelganimdan beri 10-15 ta gol urdi. Eldor har safar jamoaga ko‘proq narsa beraverardi. Jamoada eng zo‘r hujumchingiz bo‘lmasa, doim qiyin bo‘ladi. Bunday musobaqalarda Eldorsiz muammolarga duch kelishimiz aniq edi. Argentina ham Messi bo‘lmasa umuman boshqa jamoaga aylanadi. Bizda ham holat shunday.
- Beshta himoyachi bilan o‘ynash rejasi qanchalik o‘zini oqladi?
- Reja juda zo‘r o‘xshadi. Beshta himoyachi bilan o‘ynamadik. Uchta himoyachi va ikkita lateral edi.
- Suriya terma jamoasi ko‘rsatgan o‘yin haqida fikringiz qanday?
- Men raqib bunchalik zich himoyalanishini kutmagandim. Bu noqonuniy emas, albatta. Suriya terma jamoasi shunchaki bunker qurdi. Siz raqib qanday o‘ynasa, shunga moslashishingiz kerak. Himoyaviy o‘ynash ayb emas. Tajribamda ko‘p o‘yinlarni shu tarzda yutqazganman.
- Birinchi turdan so‘ng guruhdagi vaziyat haqida fikringiz qanday? Ikkinchi turda Hindistonga qarshi o‘yin o‘tkazasiz. Bu o‘yin haqida qanday fikrdasiz?
- Normal fikrdaman. Ularni mag‘lub qilishimiz kerak. Men ba’zan atrofdan terma jamoalardagi muammolar haqida har xil gaplar eshitib qolaman. Kimnidir tanqid qilishdan oldin uning holatini bilishimiz kerak. Sizning savolingizni esa to‘g‘ri tushundim. Hindistonni mag‘lub qilishimiz kerak. Maydonda futbolchilar o‘ynashadi va gol urishni ular uddalashlari lozim.
- Siz terma jamoa ichidagi muammo deganda O‘zbekiston terma jamoasidagi muammo haqida gapirdingizmi?
- Men umumiy qilib aytdim. Bizda hammasi yaxshi.
- Birinchi o‘yin juda muhim dedingiz. Ustunlik qilgan bo‘lsangiz ham g‘alaba bugun qozona olmadingiz. Bu jamoaga ruhan ta’sir qilishi mumkinmi?
- Yo‘q, ta’sir qilmaydi. Bizda hammasi yaxshi. Bir ochkoni qo‘lga kiritdik.
- Bugungi o‘yindagi hujumchilarning o‘yinidan qoniqdingizmi? Butun o‘yin davomida ikki marta aniq zarba bera oldik. Masalan, nega Sergeyevga kech imkoniyat berildi?
- Bizda hujumchilar bilan muammo bor, gol urishda qiynalyapmiz. Muammo faqat hujumchilarda emas. To‘p bilan sekin muomala qilyapmiz, biroz tezkorroq harakat qilish kerak. Shundagina, bo‘sh zonalar ochib, gol urishimiz mumkin bo‘ladi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring