11:00 / 18.01.2024
471

Hindlar qaysi futbolchilarimizdan cho‘chiyapti?

Hindlar qaysi futbolchilarimizdan cho‘chiyapti?

Osiyo kubogi guruh bosqichining ikkinchi turidan o‘rin olgan Hindiston va O‘zbekiston o‘yini har ikki terma jamoa uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o‘yidagi g‘alaba g‘olib jamoaning keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.

Hindistonning  theweek.in sayti eksperti Kartik Ravindranat uchrashuv oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasining e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlarini tahlil qilib berdi.

Sports.uz portali ushbu materialni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiborga havola qilishni ma’qul topdi.

Guruh bahslarining birinchi turida Avstraliyadan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini saqlab qolish uchun hind futbolchilari o‘zbeklar bilan bo‘ladigan bahsda hech bo‘lmasa durangni qo‘lga kiritishi kerak. Bunga amalda erishishdan gapirish ancha oson. Markaziy Osiyo jamoasi qit’ada tobora o‘sib bormoqda va FIFAning so‘nggi reytingida Hindistondan 34 pog‘ona yuqoridan joy oldi.

2023 yil davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 15 ta uchrashuv o‘tkazib, ulardan to‘qqiztasida g‘alaba qoo‘ondi, to‘rt marta durang o‘ynadi va atigi ikki bor mag‘lub bo‘ldi. Raqiblarga 27 ta gol urib, o‘z darvozasidan 14 ta to‘p olib chiqdi. O‘zbekistonliklar FIFA reytingida o‘zidan yuqorida turgan Venesuela (1:1), Meksika (3:3) va Eron (2:2) kabi kuchli terma jamoalar bilan durang o‘ynadi.

Taqqoslash uchun – Hindiston yil davomida 17 ta o‘yin o‘tkazib, sakkizta g‘alaba, beshta durang va to‘rtta mag‘lubiyat qayd etdi. To‘plar nisbati 21:14.

Eldor Shomurodov O‘zbekiston terma jamoasi uchun katta yo‘qotish hisoblanadi. 28 yoshli hujumchi ko‘p qirrali, baquvvat, yuqoridagi to‘plar uchun yaxshi kurashadi, tezligi katta va driblingga usta.  Yevropa futbolidan bahra olgan ana shunday kuchli o‘yinchining o‘z terma jamoasiga yordam bera olmasligi hindistonliklarga qo‘shimcha stimul bo‘lib xizmat qilishi kerak.

Biroq Shomurodovning yo‘qligi tarkibdagi yosh futbolchilarga o‘zlarini ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyat hisoblanadi. O‘zbeklarda Abbosbek Fayzullayev timsolida zo‘r yosh hujumchi bor. 20 yoshli bu yigit hujumchida ham, yarim himoyachi o‘rnida ham birdek samarali o‘ynay oladi.

Abbosbek 2023 yilda mamlakatning eng zo‘r futbolchisi sifatida e’tirof etildi. Yevropaga yo‘l olib, SSKAdan qo‘nim topdi.

22-raqam egasi Osiyo kubogini zaxira o‘rindig‘idan boshladi. Suriya bilan bo‘lgan o‘yinda jamoasiga g‘alaba taqdim eta olmagan bo‘lsa-da, o‘yinni sezilarli darajada kuchaytira oldi. Fayzullayev Hindistonga qarshi uchrashuvda nimalarga qodirligini isbotlashga urinib ko‘rishi hozirdan ma’lum.

Osiyo kubogining yana bir yorqin yosh o‘yinchisi Abduqodir Husanovdir. Uni Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron kabi qudratli terma jamoalar futbolchilari bilan bir safda e’tirof etishmoqda. 19 yoshli markaziy himoyachi Fransiya yuqori divizionida “Lans” sharafini himoya qilmoqda. Bu mavsum jami sakkizta uchrashuv o‘tkazdi va shulardan ikkitasi Yevropa Chempionlar ligasida “Arsenal” hamda “Sevilya” bilan bo‘lgan bellashuvlardir.

25-raqamda to‘p tepayotgan Husanov Suriyaga qarshi bahsda to‘liq harakat qildi. Yosh bo‘lishiga qaramay, juda tartibli o‘ynadi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuqori ekanini namoyish qildi. Abduqodir o‘zi bilan yonma yon o‘ynayotgan tajribali jamoadoshlari bilan Hindiston futbolchilarining har qanday hujumini bartaraf etishga tayyor, - deb yozdi Hindistonning  theweek.in sayti eksperti Kartik Ravindranat.

Eslatib o‘tamiz, Hindiston va O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bugun - 18 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan 19:30 da boshlanadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hindlar qaysi futbolchilarimizdan cho‘chiyapti?