Osiyo kubogi uchinchi turidan o‘rin olgan Suriya va Hindiston terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan oldin Suriya milliy jamoasi ustozi Ektor Kuper matbuot anjumanida qatnashdi.
Matbuot anjumani davomida Ektor Kuper ertangi o‘yin qanchalik muhim ekani va agarda jamoa g‘alaba qozonsa, bu Suriya futboli uchun tarixiy natija bo‘lishi mumkinligini alohida ta’kidladi.
"Ertaga juda qiyin o‘yin bo‘ladi. Hindiston ustidan qozonilgan g‘alaba Suriya terma jamoasiga tarixdagi ilk pley-off bosqichi yo‘llanmasini taqdim etishi mumkin. Suriyaliklarni shu tarzda xursand qilmoqchimiz.
Barcha o‘yinchi va murabbiylar shtabi uchrashuv qanchalik muhim ekanini anglab turibdi. Sizda bosim kattami, demak siz o‘z vataningiz sharafini himoya qilayapsiz. O‘yinchilarni rotatsiya qilish maqsadida almashtirish haqida menga ko‘p gapirishmoqda. Biroq, bizga futbolchilar bir maqsad yo‘lida garmoniya hosil qilishi juda muhim. G‘alaba qozonishning siri aynan shunda. O‘zbekistonga qarshi birinchi o‘yinda shu narsa bizga yetishmadi. 26 nafar futbolchida bitta maqsad bo‘lishi shart. To‘pni egallab turishga harakat qiladigan iqtidorli o‘yinchilarimiz yetarli.
Hindiston terma jamoasida ham biz kabi motivatsiya bor. Uch ochko ular uchun ham o‘ta muhim. Shunday ekan, biz ertaga xotirjam va e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Shundagina, uch ochkoni qo‘lga kiritamiz. Ertaga Suriya tarixiy natija qayd etishi mumkin", - deydi Ektor Kuper.
Ma’lumot uchun, Suriya va Hindiston terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin ertaga, Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da start oladi. Ushbu o‘yin O‘zbekiston va Avstraliya o‘rtasidagi qarama-qarshilik bilan bir vaqtda start oladi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring