Srechko Katanes: "Qabul qilib bo‘lmaydigan xatolar sabab musobaqani tark etsak, muxlislarimizdan uzr so‘rayman"
Avstraliya - O‘zbekiston terma jamoalari to‘qnashuvidan so‘ng tomonlarning bosh murabbiylari o‘rtasida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Srechko Katanes ishtirok etdi.
"Xayrli kech! Bugungi o‘yinda penalti haqida hech nima deya olmayman, ochig‘i. Bu qiziq va kulguli holat. Hakamlarga eng yaxshi tilaklarimni bildirib qolaman (kuladi).
Qoidalar, hakamlarning o‘zaro suhbati haqida hech nima bilmayman. Ammo futbolchimiz to‘pga tegishni istamadi va bu shunchaki tasodifiy kontakt edi. Penalti bo‘yicha hakamlarning o‘zaro muloqotini eshitishni xohlardim.
Shunga qaramay, futbolchilar va ular ko‘rsatgan o‘yindan qoniqish hosil qildim. Ulardan fahrlanaman va to‘liq ishonaman. Ammo yuqoridagi kabi qabul qilib bo‘lmaydigan xatolar sabab musobaqani tark etsak, muxlislarimizdan uzr so‘rayman.
Avstraliyaga qarshi uchrashuv qiyin bo‘lishini hammamiz yaxshi bilardik. Kuchli jamoaga qarshi munosib o‘yin namoyish etdik, deb o‘ylayman.
To‘g‘ri, birinchi bo‘lim biz uchun yaxshi o‘tmadi. Raqibga ko‘p tomonlama yutqazayotgandik. Zarba berishda, imkoniyatlar paydo qilishda ular bizga deyarli imkon bermadi. Lekin baribir gol urishga muvaffaq bo‘ldik. Ochko olganimizdan xursandmiz.
Igor Sergeyevning jarohati biz uchun yomon xabar. Uning tezroq safga qaytishini kutib qolamiz. Bizda A, B va S rejalar bor edi. Endi Sergeyev jarohat olgach, D rejani ham ishlab chiqamiz. Murabbiyning vazifasi - qiyinchiliklarga qaramay jamoa uchun to‘g‘ri yo‘l topish.
Birinchi bo‘limda chap qanotdagi o‘yinimizdan qoniqmadim. O‘runov ko‘p harakat qildi, ammo uni almashtirishga qaror qildik. Gol urilgan vaziyatda esa bu qaror o‘zini oqlaganiga guvoh bo‘ldingiz. Avstraliyadek jismonan kuchli va bo‘yi baland yigitlardan tashkil topgan jamoaga bosh bilan gol urish biz uchun katta yutuq.
Yaxshiroq bo‘lish uchun ishlashda davom etishimiz kerak. Vaziyatlardan unumli foydalanish - muhim. Jamoaviy o‘yin tomonlama hozir yaxshimiz. Pley-offda bundan ham mukammal ko‘rinishda harakat qilsak, maqsadimizga yetisha olishimizga shubha qilmasak bo‘ladi", - dedi sloveniyalik mutaxassis.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring