07:37 / 24.01.2024
319

Endi Turg‘unboevni ham Evropada yaxshi bilishadi

Endi Turg‘unboevni ham Evropada yaxshi bilishadi

Qatarda davom etayotgan Osiyo kubogi tobora qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Ushbu musobaqada Frantsiya chempionati vakili “Lans” markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov ham ishtirok etayotgani bois,  ushbu mamlakatdagi sport manbalari O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinlarini ham kuzatib bormoqda.

Frantsiya futboli, xususan, “Lans” klubi va uning o‘yinchilari atrofidagi voqealarni atroflicha yoritib kelayotgan  lensois.com sayti qit’a chempionatining “B” guruhida Avstraliya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hal qiluvchi o‘yinga ham alohida e’tibor qaratdi.

- Abduqodir Husanov va O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo kubogidagi sarguzashtlari davom etadi. “Lans” o‘yinchisi endi musobaqaning 1/8 finalida qatnashadi. O‘zbekistonliklar Avstraliya terma jamoasiga qarshi uchrashuvda 1:1 hisobida durang o‘ynab, keyingi bosqich yo‘llanmasini naqd qildi.

Suriya terma jamoasining Hindiston bilan bo‘lgan uchrashuvdagi g‘alabasi ta’sir o‘tkazmasligi uchun o‘zbeklar guruhning oxirgi bahsida bir olishi kifoya qilardi. Avstraliyaliklar futbolchisi Martin Boyl 45-daqiqada penaltidan hisobni ochganiga qaramay, o‘zbekistonliklar durangni uddaladi.

Azizbek Turg‘unboev bahsning 78-daqiqasida javob golini urdi va O‘zbekiston guruhda uchinchi o‘ringa tushib qolish xavfidan butkul qutildi.

Frantsiyada ko‘pchilik avvalgi ikki uchrashuvda boshlang‘ich tarkibida maydonga tushgan Abduqodir Husanov bu gal o‘ynamaganiga e’tibor qaratdi. “Lans” himoyachisining jarohati haqida biror ma’lumot tarqatilmagan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonliklar murabbiyi himoyachi avvalgi uchrashuvda sariq kartochka olgani uchun bu gal uni o‘ynatmaslikka, shu orqali pley-offda qatnashishini ta’minlashga qaror qilgan.

Bungacha ikki marta darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan o‘zbekistonliklar aynan Husanov o‘ynamagan o‘yinda turnirdagi birinchi golini o‘tkazib yubordi.

Endi O‘zbekiston terma jamoasi 30 yanvarga belgilangan nimchorak final uchrashuviga tayyoralana boshlaydi, - deb yozdi lensois.com sayti eksperti Kristof Shaad.

O‘z navbatida, “Lans” muxlislari o‘zbek legioneri Abduqodir Husanov haqida iliq fikrlarni bildirishda davom etmoqda.

Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga frantsiyalik muxlislarning fikr-mulohazalarini havola etadi.

Hommes:

Terma jamoa safida mahoratini oshirayotgan yaxshi yosh o‘yinchilar bor, ularning har biri “Lans”ga qo‘shimcha kuch beradi.

Loupiot28:

Yaqin kelajakda Husanov bizga katta foyda keltira boshlaydi.

508GT:

Husanov hozirning o‘zida juda kuchli futbolchiga aylangan.

Hervede62:

Abduqodir “Lans”ning ajralmas qismiga aylanishiga shubha yo‘q. O‘zbeklarni tabriklayman.

Teitur62:

Abduqodir raqibdan to‘pni olib qo‘yishga usta.

Dael87:

Juda katta salohiyatli futbolchilar bor. Biz Husanovni ushlab qolishimiz kerak. U boshlang‘ich tarkibda muntazam o‘ynashi kerak.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Endi Turg‘unboevni ham Evropada yaxshi bilishadi