22:51 / 02.02.2024
570

O‘zbekiston Qatarni yutadimi? Terma jamoamizni yaxshi biladigan ekspertlar xulosasi

O‘zbekiston Qatarni yutadimi? Terma jamoamizni yaxshi biladigan ekspertlar xulosasi
Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi musobaqaning chorak finalida jiddiy raqib – Qatarga to‘qnash keladi.

Raqibning eng katta ustunligi – o‘z maydonida o‘ynayotgani. Futbolda “o‘z uyingda devorlar ham yordam beradi”, degan gap bekorga aytilmagan. Shunday bo‘lsa-da, muxlislarimiz futbolchilarimizning shijoatiga chin dildan ishonmoqda.

Srechko Katanes jamoasi tarkibdagi kutilmagan va jiddiy yo‘qotishlarga qaramay, hozircha barcha to‘siqlardan matonat bilan o‘tib kelyapti.

Futbolchilik va murabbiylik faoliyati davomida O‘zbekiston terma jamoasiga mehnati singgan ekspertlar futbolchilarimizning bo‘lajak uchrashuvdagi imkoniyatini baholadi.

Andrey Fyodorov, 1994-2006 yillar davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi:

O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogining chorak finalida o‘ynashga munosib. Menga bosh murabbiy yoshidan qat’i nazar jamoaga mamlakatning eng kuchli futbolchilarini jalb qilgani yoqdi. Chorak final bu jamoa uchun kamlik qiladi. Qatarga qarshi o‘yinda imkoniyat yaxshi. Kim o‘ynashini murabbiy hal qiladi, lekin tarkib jihatidan O‘zbekiston bu jamoani mag‘lub eta oladi.

Hozir pley-off bosqichi, har qanday jamoa bitta o‘yinda kutilmagan natija qayd etishi mumkin. Musobaqada Yaponiya yoki Janubiy Koreya kabi jamoalar bo‘lsa ham, nega O‘zbekiston g‘alabaga da’vo qilmasligi kerak?

Valeriy Nepomnyashiy, 2006 yili O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi:

Tarixdan ma’lumki, O‘zbekiston Osiyo kuboklarida doim yaxshi qatnashib keladi. Bu yil ham jamoaning muvaffaqiyatli ishtiroki men uchun kutilmagan natija bo‘lgani yo‘q. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ham zo‘r o‘ynaydi. Qatardan o‘tish qiyin, lekin futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda futbolga jiddiy e’tibor qaratilyapti. Vaziyat yildan yilga yaxshilanib boryapti. Hozircha, Yevropa jamoalari O‘zbekiston futbolchilariga e’tibor qaratishini aytish qiyin. Lekin shunga qaramay, yorqin misol bor – Eldor Shomurodov. Afsuski, hozir u qatnashmayapti. Abbosbek Fayzullayev SSKA uchun ham zo‘r o‘ynayapti.

Ruslan Agalarov, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq futbolchisi:

Jamoalar chorak finalga tasodifan chiqmaydi. Osiyo kubogida O‘zbekiston va Qatar terma jamoalari shu bosqichgacha chiqibdimi, demak chorak finalda o‘ynashga loyiq.

Menimcha, terma jamoani alohida shaxslarga bog‘lamaslik kerak. Chunki u yerda jamoa o‘ynaydi. Hamma qo‘lidan kelganicha o‘z hissasini qo‘shadi. Bu ularning har biri uchun juda muhim. Abbosbek Fayzullayevdan tashqari, Oston O‘runov bor va u raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirmoqda. Men esa, butun jamoani e’tirof etmoqchiman. Chorak finalda ularning butun bir jamoa bo‘lib harakat qilishini ko‘rishni istayman.

Qatar va O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi chorak final uchrashuvi 3 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:30 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston Qatarni yutadimi? Terma jamoamizni yaxshi biladigan ekspertlar xulosasi