08:07 / 09.02.2024
722

Fayzullayevdan zo‘r futbolchilarimiz bor!

Fayzullayevdan zo‘r futbolchilarimiz bor!
O‘zbekiston terma jamoasining sobiq hujumchisi Ja’far Irismetov Rossiya nashrlaridan biriga bergan intervyusida futbolchilarimizning Qatar mezbonlik qilgan Osiyo kubogidagi o‘yiniga munosabat bildirdi.

Ma’lumki, Ja’far Irismetov futbolchilik davrida Moskvaning “Spartak” klubida o‘ynagan va shuning uchun ham rossiyalik jurnalistlar undan ko‘p fikr so‘rab turadi.

— Jamoa yulduzlaridan biri Abbosbek Fayzullayevning ishtirokini qanday baholaysiz?
— Uchta uchrashuvni o‘z darajasida o‘tkaza oldi. Lekin hujum markazida o‘ynatishganida biroz yo‘qolib qoldi. To‘g‘risini aytsam, undan ko‘prog‘ini kutgandim.

Balki, bosim kuchli bo‘lgandir. Shu sabab o‘zini yo‘qotib qo‘ygandir. O‘ylashimcha, murabbiylar shtabi unga juda kam erkinlik berdi. Uni aniq bir pozitsiyaga bog‘lab bo‘lmaydi. Men Fayzullayev yanada yorqinroq o‘ynay oladi, deb hisoblayman. Umuman olganda, birinchi katta turnirdagi ishtiroki yomon emas.

Mening nazarimda terma jamoada eng zo‘r o‘yinchilar Odil Hamrobekov va Aziz Turg‘unboyev bo‘ldi. Odil u qadar ko‘zga tashlangani yo‘q, lekin juda katta hajmdagi qora ishlarni aynan u amalga oshirdi. Har ikkisi ham kuchli ligalarda o‘ynashga qodir.

— Abbosni kelasi yozda o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirayotgan Yevropa klublari bor, degan tuyg‘u bormi?
— Fayzullayevga hozirning o‘zida takliflar bor, deb o‘ylayman. Turkiyada qiziqish bo‘layotganini aytishdi. Abbos qisqa fursatda SSKA yetakchisiga aylandi. Yozda kuchliroq ligaga o‘tishi mumkin, deb hisoblayman.

Rossiya unga boshqa kuchli ligaga o‘tish uchun tramplin bo‘lib xizmat qiladi. Yaqin kelajakda Fayzullayev terma jamoaning haqiqiy yetakchisiga aylanadi.

Eslatib o‘tamiz, Srechko Katanes boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qatardagi Osiyo chempionatida o‘z salohiyatini ko‘rsata oldi.

Guruh bosqichida Hindistonni mag‘lub etib, Suriya va Avstraliya bilan durang o‘ynagan terma jamoamiz mag‘lubiyatsiz nimchorak finalga chiqdi. Futbolchilarimiz tarixda ilk bor avstraliyaliklar darvozasini ishg‘ol qilishni uddaladi.

Chorak final yo‘llanmasi uchun o‘tkazilgan bahsda Abbosbek Fayzullayevning goli terma jamoamizga tailandliklar ustidan 2:1 hisobida g‘alaba keltirdi.

Keyingi bosqichda futbolchilarimiz amaldagi chempion va musobaqa mezboni Qatarga to‘qnash keldi. O‘yinning asosiy va qo‘shimcha vaqtida g‘olib aniqlanmadi. Penaltilar seriyasida omad qatarliklar tomonida bo‘ldi.

Abbosbek Fayzullayev Osiyo kubogida terma jamoa yetakchisi sifatida gavdalandi. 20 yoshli futbolchi ikkita gol va bitta assist qayd etdi.

Endi legionerimiz 14 fevraldan SSKAning xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga qo‘shiladi va mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlik ko‘radi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullayevdan zo‘r futbolchilarimiz bor!