18:23 / 09.02.2024
149

UFC: O‘zbekistonlik sportchining jangidan nima kutyapmiz?

UFC: O‘zbekistonlik sportchining jangidan nima kutyapmiz?
Xabaringiz bor, 11 fevral kuni “UFC Fight Night 236” turnirida o‘zbekistonlik Bogdan Guskov promoushendagi 2-jangini o‘tkazadi. U AQSH vakili Zak Paugaga qarshi bahs yuritadi. Biz ushbu jang borasida biroz tahliliy fikr yuritamiz.

Bogdan Guskov:
Jang: 17
G‘alaba: 14
Mag‘lubiyat: 3
Muddatidan oldin qo‘lga kiritilgan g‘alaba: 12 ta texnik nokaut, 2 ta sabmishen.

Demak, yurtdoshimizning faoliyatida 3 tagina mag‘lubiyat bor. Dastlabkisi faoliyati boshlanishida bo‘lgan. Keyinchalik rossiyalik juda tajribali Vasiliy Vasilevskiydan mag‘lub bo‘lgandi. O‘shanda birgina xato unga qimmatga tushgandi. 3- mag‘lubiyat esa, UFCdagi 1-jangida Volkan Ozdemirdan bo‘ldi. Lekin Ozdemir bilan jangga u katta tavakkal bilan chiqgandi. Ya’ni, o‘zi ham ta’kidlab o‘tdiki, jang qilishini 18 soat oldin bilgan va uning maqsadi bunday imkoniyatdan foydalangan holda, UFC bilan shartnoma imzolashi bo‘lgan va yakunda garchi mag‘lub bo‘lsa-da, xato qaror emasligi barchaga ma’lum. Zero, bu promoushen bilan shartnoma tuzish imkoniyati qanchalik qiyin ekanligini hamma biladi. G‘alabalar 14 ta va barchasini muddatidan avval qo‘lga kiritgan. Yurtdoshimizning ba’zaviy sport turi bu boks. Shuningdek, kurash va jiu-jitsuni ham aytib o‘tishimiz mumkin.

Kuchli jihatlari borasida to‘xtalsak, Guskov har ikki qo‘lida “portlovchi” zarbaga ega. Bokschiga xos barcha jihatlar mujassam va qo‘shimchasiga jiu-jitsusi ham yomon emas. Qolaversa, u yarim og‘ir vazn toifasiga u qadar ko‘p vazn tashlamaydi. Har holda raqibiga nisbatan aytmoqdamiz. Eng asosiysi esa, 1-jangidan farqli ravishda u to‘liq lagerni o‘tadi. Boz ustiga unda kuchli ishtiyoq va motivatsiya ham bor. Chunki, u 1-mag‘lubiyatni yopib ketish kerak bo‘ladi. Birgina o‘ylantiradigan jihat, uning kardiosi qay darajada ekanligi... Chunki, 17 ta jangning 1 tasidagina 3 raundlik jang o‘tkazgan xolos. 14 ta jangi 1-raundda yakunlangan. 2 tasi esa 2-raundga cho‘zilgan xolos. Bir so‘z bilan aytganda Guskovning eng asosiy quroli “pancher”, nokautchi ekanligida!

Zak Pauga:
Jang: 8
G‘alaba: 6
Mag‘lubiyat: 2
Muddatidan avval qo‘lga kiritilgan g‘alaba: 1ta texnik nokaut. Qolgan 5 tasi ochkolar hisobida qayd etilgan.

Pauga faoliyatidagi har ikki mag‘lubiyatni ham UFC promoushenida qabul qilib olgan. Dastavval u og‘ir vazn toifasida Muhammad Usmondan chuqur nokautga uchragan bo‘lsa, so‘ngi jangida litvalik Modestas Bukauskasdan ochkolarga ko‘ra mag‘lub bo‘lgandi. Pauga UFCda umumiy 3 ta jang o‘tkazgan va birgina Jordan Uayt ustidan hakamlar qaroriga ko‘ra g‘alaba qozongandi. U UFCga kelishdan avval LFA, Cage Warriors promoushenlarida harakat qilgan.

Uning kuchli jihatlari haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, oyoq harakatlari juda ajoyib shakllangan. Shuningdek, oyoq zarbalaridan ham unumli foydalanadi. “Kardio” ham yomon emas. Mavridi kelsa, jangni “parter”ga ko‘chirishi ham mumkin. Kreativ zarbalar o‘ylab topishga ham usta. Umuman olganda universal jangchi...

Xulosa

Har ikkisini imkoniyatini solishtirib, shunday xulosaga keldik. Ya’ni, bu jangda hamyurtimiz Guskovning imkoniyati yuqori. Chunki, Pauga odatda yurtdoshimizga qulay taktikada jang qiladi. Nazarimda Pauganing “teyk-daun”laridan Guskov himoyalana oladi. “Stoyka”da esa, yurtdoshimiz yaxshiroq harakat qiladi. Ya’ni, zarba kuchi borasida ham ustunlik Guskov tarafida. Shuningdek, Pauga aslida og‘ir vaznga tortadigan jangchi va yarim og‘ir vaznga tushish uchun anchagina vazn tashlagan. Bu esa, nisbatan jangchiga biroz noqulaylik tug‘dirishi aniq. Amerikalik jangchi odatda otilib zarba yo‘llashni xush ko‘radi. Bunday holat esa yurtdoshimiz uchun ayni muddao bo‘ladi. Chunki, u qarshi zarbada tuta oladi. Guskovning zarbada tuta olishi esa kamida raqibni muvozanatdan chiqarish bo‘ladi. Boz ustiga Pauganing jag‘i u qadar mustahkam emas. O‘ylaymanki, jang uzog‘i 2-raundda o‘z yakuniga yetadi. Albatta, Guskovning nokaut yoki texnik nokautli zafari bilan. Shubhasiz, bu shaxsiy fikrim. Aslida, nima bo‘ladi, buni 11 fevral kuni bilib olamiz.

Olg‘a, Angren polvoni!

Ahmadbek Eshmatov tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » UFC: O‘zbekistonlik sportchining jangidan nima kutyapmiz?