20:16 / 16.02.2024
611

"Noiloj" guruhining chiqishi

"Noiloj" guruhining chiqishi
Qarshining “Nasaf” jamoasi o‘z uyida “Al Ayn” bilan nursiz durangga imzo chekkani ko‘pchilikni ranjitgani rost. Shunga qaramay, hali kurash davom etadi. Bugun, “ajdarlar”ning “Markaziy”dagi o‘yinini tahlil qilamiz. Javob o‘yinida “ajdarlar”da imkoniyat bormi? Qarshidagi omadsiz o‘yinning asosiy sababi nima? Bu yil “Nasaf”dan nima kutish kerak? Shu va boshqa savollarga javob olasiz.

Bahsdan avval Ro‘ziqul Berdiyev uchun taqdir chinakam boshqotirma tayyorlab qo‘ygan edi. Alibek Davronov, Sherzod Nasrullayev, Zoran Marushich, Zafarmurod Abdurahmatov, Umidjon Ergashev, Islom Kenjaboyevlar turli sabablarga ko‘ra o‘yinda ishtirok eta olmagani sababli murabbiy asosiy tarkibni tanlashda biroz mushkul vaziyatga tushib qoldi. Boz ustiga, 3 markaziy himoyachiga suyangan 5-2-3 sxemasida unga nominal 3 nafar sof mudofaa vakili kerak edi.

Mutaxassis: Ne’matov, Muhammadiyev - Golban - G‘aybullayev , Rahmatov - Mozgovoy - Siddiqov – Muhiddinov, Chogadze – Bozorov, Abdixoliqovni asosiy tarkibda jangga tashladi.

Markazda Muhammadiyev ilk bor ko‘rinish bergan bo‘sa, Rahmatov karerasidagi eng katta o‘yinda debyut qildi. 5 himoyachi bilan o‘ynaydigan jamoalarda eng katta hajmdagi ishni bajarib berish vazifasi doim qanot himoyachilariga tushishini hisobga olsak, “Nasaf” kecha aynan shu zonadagi asosiy ijrochilarisiz harakat qilishga majbur bo‘lgani darrov ko‘zga tashlandi. Hujum chizig‘ida esa, ancha vaqt davomida o‘yin amaliyotisiz qolgan Bobur Abduholiqov harakat qilgan bo‘lsa, qanotlarda Chogadze/Bozorov tandemi to‘p surdi.

Bir qarashda, Berdiyev tarkib bilan bog‘liq murakkab vaziyatdan chiqib ketgandek ko‘ringani bilan, aslida tarkibdagi yo‘qotishlar o‘yin dinamikasiga ta’sir ko‘rsatdi. Birinchi bo‘limda, jismoniy tayyorgarlik masalasida muammolar yo‘qligi bois, “Nasaf” yaxshiroq harakat qildi. Golga ham yaqin keldi, biroq yakuniy zarbaga qadar ish yetib borgani yo‘q.

“Ajdarlar” raqib to‘pni o‘zida yaxshi ushlagani bois, pressingda katta kuch sarflashga majbur bo‘ldi. Bu esa, birinchi bo‘lim oxirlariga borib jismoniy holat 100 foiz o‘yinga tayyor emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Ilk 45 daqiqalik Berdiyev rejalarini barbod qilib tashladi. Muhiddinov kutilganidek faol bo‘lmadi, Siddiqov markazda pressingda deyarli naf keltirgani yo‘q. Chogadze va Bozorovlar unga qarshi personal o‘ynayotgan qanot himoyachilariga qarshi kutilganidek dribling ishlatib aldab o‘tishni uddalay olmadi. Ya’ni, ular o‘yinni o‘ziga olgan holda oldingi chiziqdagi kam sonli ijrochilar bilan ham bo‘sh zonalar yaratish vazifasini uddalay olgani yo‘q. Jarohati sababli o‘yin startini o‘tkazib yuborgan Marushichning yo‘qligi sababli “Nasaf” asosiy fishkalaridan biri sanalgan ikkinchi qavatdan uzatmalardan deyarli foydalangani yo‘q. Bobur Abduholiqov havodagi kurashlarda ko‘p hollarda imkoniyatni boy bergani bor gap.

Ikkinchi bo‘lim boshlaridanoq, “Al Ayn” “Nasaf”dagi aktivlikni yo‘qolganini sezdi va tempni oshirdi. Arab jamoalariga qarshi asosan kuchli pressing evaziga tabloga ta’sir ko‘rsatishga odatlangan “Nasaf”ni jismoniy tayyorgarligi bu safar asosiy kozer qartani o‘yinga qo‘shish imkonini bermadi. Ayniqsa, 55-80 daqiqalar oralig‘ida BAA klubi to‘liq ustunlik qildi deyish mumkin. Aynan o‘yinning shu qismidagi raqib ustunligi sababli to‘p nazorati 59 ga 41 ko‘rsatgichni tashkil etdi.

“Ajdarlar” bunday katta farq bilan to‘p nazoratini so‘nggi bor Superliga doirasida o‘tgan yili “Paxtakor” bilan Toshkentdagi o‘yinda qayd etgan edi. O‘yin raqib tomonga qarab ketayotganini payqagan Ro‘ziqul Berdiyev o‘zining asosiy jang quroli – Sherzod Nasrullayevni jangga tashladi. U birinchi bo‘limda kutilgan effektni bermagan Sharof Muhiddinovga almashtirildi. 63-daqiqaga kelib raqib maydon markazidagi kuchlar o‘zgartirildi. Marko Stanoyevich Siddiqovni o‘rnini egallagan bo‘lsa, Viktor Da Silva Chogadzeni almashtirdi. Markoni maydonga tushirish orqali murabbiy maydon markazidagi raqib ustunligiga ta’sir ko‘rsatishni istadi va qisman buni uddaladi ham.

Javohir Siddiqovdan farqli o‘laroq, Marko markazda agressivlik qo‘shdi. 5-2-3 ga qarshi 4-3-3 ning zamonaviy variantini tanlagan “Al Ayn” toliqib qolgan raqib bilan o‘yinda markazda ustunlikni qo‘lga olishni boshladi. O‘yin dinamikasi, temp va agressiv pressing masalasida “Nasaf” o‘z potensialini 55-60 foizini namoyish eta oldi, xolos. Aynan shu faktor sababli hujumga o‘tish chog‘ida braklar ko‘p ko‘zga tashlandi. Hali jamoaviy o‘yin to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani, chiziqlardagi bog‘lamlarning yaxshi ishlamagani “Al Ayn”ning 2-zonadagi yuqori pressingi fonida yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi.

Shunga qaramay, xG bilan hisoblasak “Nasaf” butun o‘yin davomida atigi 0,24 gol kiritishga loyiq imkoniyat yaratdi. “Al Ayn”da xG 0,49 ni tashkil etdi. Bu “ajdarlar” mudofaa chizig‘i hujum va yarim himoyadagilardan ancha ishonchliroq ko‘ringanidan dalolat. Soddaroq qilib aytsak, jamoani oldingi chiziqlardagi barcha xatolarini orqadagilar to‘liq yopib ketdi. Aynan ularning mehnati sababli mezbonlar mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.

Qanchalar g‘alati eshitilmasin, javob bahsi oldidan “Nasaf”da strategik ustunlik bor. Pley-off bosqichida uyda o‘ynagan jamoa o‘z-o‘zidan oldinga o‘tishi, hujumkorroq bo‘lishga intilishi hech kimga yangilik emas. Nursiz durang “Al Ayn” uchun javob o‘yinida birinchi raqamda harakat qilish shart ekanligini anglatadi. O‘yin qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tib ketsa, vaziyat tenglashishini BAA klubi sezib turibdi. Yodingizda bo‘lsa, Berdiyev shogirdlari guruh bosqichining mehmondagi bahslarida uydagidan ko‘ra yaxshiroq taassurot qoldirgan edi. Aynan o‘sha ikkinchi raqamda to‘p surish qarshi hujumlarda raqibni ushlash imkonini berishi mumkin. To‘g‘ri, favorit maqomi Qarshida ko‘rsatilgan "noiloj" guruhining chiqishidan so‘ng “Al Ayn” tomoniga o‘tdi, ammo hali jang tugagani yo‘q.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Noiloj" guruhining chiqishi