date

Abduqodir Husanovga xushxabar!

Abduqodir Husanovga xushxabar!
Fransiya chempionatining 22-turida “Lans” futbolchilari safarda “Reyms” jamoasi bilan kuch sinashib, raqib maydonida 1:1 hisobida durang o‘ynadi.

Aslida Frank Xeyz shogirdlari g‘alabani ko‘zlab maydonga tushgandi. Jamoa uch ochkoni qo‘lga kiritganida kuchli beshlikka kirib olardi. Lansliklar bir ochko bilan kifoyalanganiga qaramay, Yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi o‘rinlarga da’vogarlik qilishda davom etmoqda.

“Lans” faoliyatini atroflicha yoritib kelayotgan lensois.com sayti har bir turda jamoaning eng yaxshi o‘yinchisini aniqlash uchun o‘ziga xos so‘rovnoma tashkil qiladi. Muxlislar o‘yin tugashi bilan ertasi kuni soat 9:00 gacha ovoz berish yo‘li bilan eng faol futbolchini aniqlaydi.

“Reyms” va “Lans” o‘rtasidagi o‘yindan keyin tashkil etilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, mazkur uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi nomiga Abduqodir Husanov sazovor bo‘ldi.

Legionerimiz dekabr oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga chaqirtirilganidan beri “Lans” uning xizmatlaridan foydalana olmayotgan edi. Nihoyat, murabbiylar shtabi “Reyms”ga qarshi bahsda o‘zbek himoyachisini boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirdi.

Fransiya chempionatidagi yettinchi uchrashuvida ishtirok etgan Abduqodir Husanov ancha faol o‘ynadi. So‘rovnoma yakunida Husanov eng ko‘p ovoz to‘pladi va birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Natijalar quyidagicha ko‘rinish oldi:
Abduqodir Husanov: 46,22%
Pshemislav Frankovski: 20,52%
Uesli Said: 18,14%
Fakundo Medina: 3,46%
Kevin Danso: 3,02%
Bris Samba: 2, 81%
Boshqalar: har biri 2 foizdan kam.

Nufuzli manba – lensois.com ekspertlari so‘rovnoma natijasini quyidagicha izohladi:
- Abduqodir Husanov yana bir bor o‘zini ko‘rsata oldi. Uch himoyachi bilan o‘ynalgan bellashuvda o‘ng tomonda Jonatan Gradit o‘rnini aynan Husanov egallagan edi. Yakkakurashlarda ishonchli o‘ynagan, sadoqat bilan to‘p tepgan o‘zbek futbolchisi bu gal ham yuqori darajada harakat qildi.

Yevropa ligasida “Frayburg” bilan bo‘ladigan javob o‘yinida Kevin Danso diskvalifikatsiya tufayli ishtirok etmasligi aniq. Bu holatda Abduqodir Husanov uch kishilik himoya markazida muammolar yechimi bo‘la oladimi? Bu qo‘llasa bo‘ladigan variant
, - deb yozdi lensois.com eksperti Klement Kurtua.

Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga fransiyalik muxlislarning Abduqodir Husanov haqidagi fikr mulohazalarini ham havola etadi.

Dael87: Husanov yilni haqiqiy professional sifatida boshladi. Kelayotgan yozda faoliyati o‘zgarib ketishi mumkin.

Bakapleur: Yosh bo‘lishiga qaramay, Husanovning salohiyati qanchalar yuqori ekaniga bir qarang!

Guti: Menga Abduqodir Husanov juda yoqadi. U tezkor va baquvvat futbolchi. Men uning maydonda ko‘proq o‘ynashini tarafdoriman.

Chtilens62: Husanov haqiqatan uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.

Kingof: Abduqodir Husanov “Lans” safida juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. U boshqalarga yaxshigina o‘rnak bo‘la oladi.

Ricou62: Husanovni o‘ynatish orqali bosh murabbiy Frank Xeyz “Frayburg” bilan bo‘ladigan o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapti.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanovga xushxabar!