18:23 / 11.03.2024
393

Shomurodovning eng “sevimli” jamoasi qaysi?

Shomurodovning eng “sevimli” jamoasi qaysi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi eng zo‘r to‘purar – Eldor Shomurodov Yevropaning eng kuchli besh chempionati qatorida zikr etiladigan Italiya A Seriyasida to‘rtinchi mavsumini o‘tkazmoqda.

Eng qizig‘i, bu muddat ichida legionerimiz to‘rtta klub – “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” sharafini himoya qilib ulgurdi.

Muhimi, Eldor hujumchi sifatida bu jamoalarning barchasi uchun va o‘zi ishtirok etgan musobaqalarning hammasida gol urganidir.

Sports.uz portali 28 yoshli futbolchimizning Italiya chempionati doirasida qaysi jamoalar darvozasiga to‘p kiritgani haqidagi ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.

Shomurodov “Jenoa”da o‘tkazgan A Seriyadagi dastlabki mavsumida 31 ta uchrashuvda o‘z hisobiga jami sakkizta gol yozdirib qo‘ygan. Hamyurtimiz kuchli beshlik ligalaridagi debyut golini “Parma” darvozasiga urgan. Keyingi o‘yinlarda “Sassuolo”, “Verona”, “Spetsiya”, “Latsio”, “Atalanta” va “Kalyari” darvozabonlari Shomurodovning zarbasidan so‘ng o‘z darvozasi to‘ridan to‘p olib chiqqan.

Eldor samarali mavsumdan keyin “Roma”ga ko‘chib o‘tdi. Biroq Joze Mourino qo‘l ostida o‘yini qovushmadi. To‘g‘rirog‘i, portugaliyalik mutaxassis o‘zbek hujumchisiga yetarli darajada imkon va o‘yin amaliyoti bermadi. Bu statistikada o‘z aksini topdi. Asosan, bir necha daqiqaga zaxiradan tushirilgan Shomurodov poytaxtliklar safida 28 ta uchrashuvda 3 ta gol urdi. O‘sha mavsum “Venetsiya” darvozasini har ikki bahsda ishg‘ol qilgan bo‘lsa, yana bitta goli “Sampdoriya”ga qarshi bahsda kiritildi.

Keyingi mavsum umuman o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan legionerimiz qishda “Spetsiya”ga ijaraga berildi va chempionatni shu jamoada yakunladi. Biroq, bu yerda ham natija ko‘ngildagidek bo‘lmadi. A Seriya doirasida 15 ta uchrashuv va bitta gol. U ham bo‘lsa, “Salernitana”ning mashhur darvozaboni Gilermo Ochoa darvozasiga kiritildi.

Eldor 2023-2024 yilgi mavsumni ijara asosida “Kalyari”da boshlagan edi. Uzoq vaqt yuqori sport formasini tiklashga uringan hamyurtimiz endi o‘yini qovusha boshlaganida og‘ir jarohat olib, uch oyga safdan chiqdi.

Yaqinda maydonga qaytgan hujumchi eng muhim va eng murakkab pallada “Kalyari”ga katta yordam berishga kirishdi. Oradan qariyb bir yil o‘tganida Shomurodov yana “Salernitana” jamoasi darvozasiga yo‘l topdi. Bu gal legionerimiz ikkita to‘p kiritib, jamoasining muhim g‘alabasini ta’minladi. Demak, joriy mavsumda Eldor 13 marotaba maydonga tushib, ikkita gol muallifiga aylandi.

Shomurodov A Seriyadagi faoliyati davomida ikkita dubl qayd etgan. Shulardan birinchisi “Jenoa” safida “Atalanta”ga qarshi bahsda kuzatilgan. Statistikaga e’tibor qaratsak, “Salernitana” Eldorning gol urish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rgan jamoasiga aylanib qoldi. Bu jamoa darvozasini qo‘riqlayotgan Meksika terma jamoasi posboni Gilermo Ochoa o‘zbek hujumchisining zarbalaridan keyin uchta to‘p o‘tkazib yuborgan.

“Atalanta” va “Venetsiya”ga qarshi bahslarda hujumchimiz o‘z hisobiga ikkitadan to‘p yozdirib qo‘ydi. Yana bir qiziq tomoni shundaki, Eldor Shomurodov A Seriya o‘yinlarida o‘zi o‘ynagan jamoalardan “Spetsiya” va “Kalyari”ga ham raqib sifatida gol urishni uddalagan.

Qolaversa, yanvar oyida “Salernitana” Eldor Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olish uchun jiddiy kurashgan edi. Biroq Klaudio Raneri o‘zbek forvardini qo‘yib yuborishdan bosh tortgani ma’lum qilindi.

Eldor Shomurodov Italiya A Seriyasida hozirgacha 93 ta bellashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 14 ta gol va sakkizta assist yozdirib qo‘ydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovning eng “sevimli” jamoasi qaysi?