16:30 / 24.03.2024
352

O‘zbekiston – Gonkong o‘yiniga oid ma’lumotlar

O‘zbekiston – Gonkong o‘yiniga oid ma’lumotlar
26 mart kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionati Osiyo mintaqasi saralash turnirining ikkinchi bosqichida Gonkong futbolchilariga qarshi ikkinchi uchrashuvini o‘tkazadi.

Uchinchi turdan o‘rin olgan va raqib maydonida o‘tkazilgan “Ye” guruhidagi uchinchi tur bellashuvida hamyurtlarimiz legioner o‘yinchilar – Eldor Shomurodov va Rustam Ashurmatov gollari evaziga 2:0 hisobida zafar quchdi.

Futbolni yoritib borayotgan manbalar o‘yindan avval turli tahlil va statistik ma’lumotlarni taqdim eta boshladi.

Sports.uz portali O‘zbekiston va Gonkong uchrashuviga doir ma’lumotlarni muxlislar e’tiboriga havola etadi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi (the-afc.com):

Qit’a saralash turnirining ikkinchi bosqich to‘rtinchi turida g‘alaba qozonish orqali Qatar (“A” guruhi), Eron va O‘zbekiston (“Ye” guruhi), Iroq (“F” guruhi), Saudiya Arabistoni (“G” guruhi), Birlashgan Arab Amirliklari (“N” guruhi) va Avstraliya (“I” guruhi) muddatidan oldin jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichi va 2027 yili Saudi Arabistoni mezbonlik qiladigan Osiyo kubogining final bosqichiga yo‘llanma olishi mumkin.

Shunga qaramay, ayrim jamoalarning keyingi bosqichga yo‘llanma olishi guruhdagi ikkinchi uchrashuv natijasiga ham bog‘liq bo‘ladi.

BONGDAPLUS statistika tashkiloti (bongdaplus.vn):

Eron va O‘zbekiston milliy terma jamoalari guruhda Turkmaniston va Gonkongdan har tomonlama ustunligini isbotladi va uchinchi turdan so‘ng 7 tadan ochko bilan dastlabki ikki o‘rinni bo‘lishib turibdi.

O‘zbekiston haqida to‘xtalsak, bu terma jamoa 26 mart kuni uy uchrashuvda Gonkongni yengishi bilan saralash musobaqasining uchinchi raundiga yo‘l oladi. Bu Srechko Katanes shogirdlari uchun unchalik qiyin vazifa emas. Jamoalarning birinchi bahsida ular gonkongliklarni javobsiz ikkita gol bilan taslim qildi.

Gonkong bir necha xorijlik futbolchilarni mahalliylashtirganiga qaramay, terma jamoa o‘yinini sezilarli darajada kuchaytira olgani yo‘q. Bosh murabbiy Yorn Anderson jamoasi o‘yin uslubi uzun va yuqoridan uzatilgan paslarga asoslangan. O‘zbekistonliklar esa, jismonan baquvvat bo‘lish barobarida texnikasi kuchli va ularda futbol intellekti yaxshi rivojlangan, moslanuvchan va bir necha usulda o‘ynay oladi, uzoq va yaqin masofaga to‘p yetkazish orqali o‘yinda vaziyatdan kelib chiqib, bir necha usullarni uyg‘unlashtirib harakat qilishi mumkin.

Toshkentdagi o‘yinda mehmonlarni katta bosim kutib turibdi. Yorn Anderson shogirdlari faqatgina mezbonlarning o‘z maqsadiga yetishiga xalaqit qilishga urinib ko‘rishi mumkin. Bunda optimal variant ommaviy himoya usulini qo‘llash hisoblanadi. Biroq O‘zbekistonning saviyasi sezilarli darajada yuqoriligi tufayli gonkongliklar bir ochko olishni orzu qilishi ham qiyin masala.

WILDSTAT futbol natijalari va statistika portali (wildstat.ru):

Futbol statistikalariga ixtisoslashgan ushbu portal ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Gonkong terma jamoalari o‘zaro sakkiz marotaba to‘qnash kelgan. Bahslarning barchasi rasmiy darajada o‘tkazilgan.

Ilk uchrashuv 1994 yili Yaponiyaning Xirosima shahridagi Osiyo o‘yinlariga to‘g‘ri keladi va o‘shanda futbolchilarimiz guruh bahsida 1:0 hisobida zafar quchgan edi.

Oradan 9 yil o‘tib, Osiyo kubogining saralash musobaqalarida hamyurtlarimiz ikki uchrashuvda 4:1 va 1:0 hisobida zafar quchgan.

Keyinroq, qit’a chempionati saralash turnirida 2006 yili ikki marta va 2013 yili bir bor 2:2, 0:0, 0:0 hisobida ketma-ket uch marotaba durang natija qayd etilgan.

2013 yildagi ikkinchi bahsda O‘zbekiston safardan 2:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan. Terma jamoamizning muvaffaqiyatli yurishi bu yil ham davom etib, o‘zaro sakkizinchi uchrashuvda ham raqib maydonida ikkita to‘p kiritildi.

O‘zbekistonlik charm to‘p ustalari Gonkong vakillari bilan o‘zaro sakkizta uchrashuvda beshta g‘alaba va uchta durangga erishgan va to‘plar nisbati bo‘yicha ham ustunlik markaziy osiyoliklar tomonida – 12:3.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston – Gonkong o‘yiniga oid ma’lumotlar