07:41 / 07.04.2024
437

Legionerimiz “sir”ni ochmadi

Legionerimiz “sir”ni ochmadi
Rossiya Premer-ligasi qizg‘in pallaga kirdi. O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari joriy mavsumda ushbu mamlakat chempionatida asosan Moskvaning SSKA va Qozonning “Rubin” jamoalariga muxlislik qilmoqda.

Sababi oddiy – “armiyachilar” safida hujumkor futbolchimiz Abbosbek Fayzullayev va qozonliklar tarkibida Rustam Ashurmatov hamda Umarali Rahmonaliyev bor.

Biz ishqibozlik qilayotgan har ikki jamoa ham musobaqa jadvalida imkon qadar yuqori o‘rinlarni egallashga harakat qilmoqda.

27 yoshli markaziy himoyachi Rustam Ashurmatov “Rubin”ning asosiy tarkib o‘yinchisiga aylanib oldi. Bu futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham muqaffaqiyatli ishtirok etayotgani muxlislarni xursand qilyapti.

Rossiya sportini yoritib kelayotgan “Match TV” kanali 23-tur oldidan legionerimiz fikrlari bilan qiziqdi.

— Men mahoratimni oshirish va boshlang‘ich tarkib o‘yinchisi bo‘lishga intilyapman, lekin bu bosh muabbiyga bog‘liq masala. Kuchli beshlikka kirishni istaymiz va buning uchun maksimal darajada harakat qilyapmiz.

— Ro‘za tutib o‘ynash qiyinmi?
— Biz bunga ko‘nikib qolganmiz, og‘irlik qilmaydi, chunki ro‘zani bolaligimizdan beri tutib kelamiz.

— “Rubin”ning siri nimada?
— Hech qanday sir-sinoat yo‘q, biz mashg‘ulotlarda juda ko‘p ishlashga, murabbiyning ko‘rsatmalarini to‘liq bajarishga urinyapmiz. Rashid Rahimov mening faoliyatimdagi eng kuchli murabbiy.

Men bu mutaxassis haqida u hali “Rubin” klubiga kelmay turib eshitgandim, uni ko‘rdim, birga ishlash qiziqarli bo‘ldi va hammasi o‘xshayapti.

Rustam Ashurmatov “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Professional faoliyatini “Qo‘qon-1912” jamoasida boshlagan. Bu ikki jamoadan tashqari, Janubiy Koreya chempionatida “Kvandju” hamda “Kanvon” jamoalari sharafini himoya qilgan.

Iste’dodli himoyachi 2022 yili Koreyadan qaytganidan keyin bir mavsum Namanganning “Navbahor”ida to‘p tepdi.

2023 yilning boshida “Rubin” hamyurtimiz bilan erkin agent maqomida uch yarim yillik shartnoma tuzdi. Ashurmatov kelganida qozonliklar Rossiya chempionatining birinchi ligasida o‘ynardi. Legionerimiz jamoaning Premer-ligaga chiqishiga hissa qo‘shdi.

Joriy mavsumda Ashurmatov Premer-ligada 11 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ydi. Rossiya kubogida besh marotaba maydonga tushdi va raqib darvozasini bir bor ishg‘ol qildi.

“Rubin” ayni paytda musobaqa jadvalida sakkizinchi pog‘onani egallab turibdi. Qozonliklar 8 aprel kuni “Orenburg” jamoasi mehmoni bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Legionerimiz “sir”ni ochmadi