23:05 / 21.05.2024
417

Ilyos Zeytullayev: "Bugungi uchrashuvda 3-4 yillik umrimni yo‘qotdim. Men angrenlik Ilyos Zeytullayevman"

Ilyos Zeytullayev: "Bugungi uchrashuvda 3-4 yillik umrimni yo‘qotdim. Men angrenlik Ilyos Zeytullayevman"
Superliga 8-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor" – "Lokomotiv" (3:2) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O‘yin haqida

- O‘zim ichimga sig‘mayapman, men uchun juda ham emotsional holat. Yaratganga shukr bugun bizga g‘alabani taqdim etdi. Yigitlarga rahmat. Murabbiylar shtabiga ham katta minnatdorchilik bildiraman. Ular mening birinchi kunimdan beri to‘xtovsiz ishlashmoqda. Otam bugungi uchrashuvni stadiondan kuzatdi. Oilamga ham katta rahmat aytaman. Ular Italiyadan bugungi bahsni tomosha qilish uchun yetib kelishdi.

- Jamoaning birinchi va ikkinchi bo‘limdagi o‘yiniga baho berib o‘tsangiz? Tanaffusdan so‘ng jamoa o‘yini o‘zgardi.

- "Surxon"ga qarshi kechgan o‘yinda ham shunday holatda edik. Tanaffus vaqtida yigitlarning ko‘zidagi olovni ko‘rdim va o‘shanda g‘alaba qozonishimizni sezdim. Ikkinchi bo‘limda futbolchilarim "super" o‘yin namoyish etishdi. Men bosh murabbiy emas, muxlis bo‘lganimda bugungi uchrashuv menga yoqdi degan bo‘lardim.

- Demak jamoa ikkinchi bo‘limda ruhiyat va ishtiyoq evaziga raqibdan ustun keldimi?

- Barcha elementlar bizga yordam berdi deya olaman. Raqib jamoasi ham bizni yaxshi o‘rganib chiqqani ma’lum bo‘ldi. Birinchi bo‘limda maydon markazidagi hukmronlikni to‘liq raqibga berib qo‘ydik. Tanaffusdan keyin esa o‘yinchilarimiz maydon markazida yaxshiroq harakat qilishdi va shu sababli hujumga o‘tishimiz osonlashdi. Xarakter va jismoniy holatimiz katta rol o‘ynadi. "Lokomotiv" jamoasi ham bugun yaxshi harakat qildi.

- Bugungi g‘alaba "Bunyodkor"ning natijalarini yaxshilashga yordam bera oladimi? Bugungi g‘alabadan so‘ng o‘zingizni qanday his etmoqdasiz?

- Men futbol o‘ynagan vaqtlarimda bunday emotsiyalarni his etmaganman. Maydonda har doim o‘yin haqida o‘ylaysiz va bunchalik hissiyotlarga berilmaysiz. Bugun 3-4 yillik umrimni yo‘qotdim(kuladi), ammo bunday hissiyotlarni hech qayerdan topa olmaysiz. Bugungi g‘alaba jamoa uchun katta tramplin bo‘la oladi. Shu sababli, bugungi g‘alaba juda-juda muhim. Bugun g‘alaba qozonmaganimizda, poyezd yanada uzoqlashib ketar edi. Keyingi bahsga qadar tiklanib olishimiz kerak. Kiyinish xonasida yigitlarga ikkita xabar aytdim. Yaxshisi, biz bugun g‘alaba qozonganimiz. Ikkinchisi esa, keyingi bahs eng qiyini bo‘lishi.

- Hozirgi vaqtda "Bunyodkor" xarakter va kurash sababli ochkolarni qo‘lga kiritmoqda. Jamoaning o‘yinida sizning imzoingizni qachon ko‘rishimiz mumkin? "Bunyodkor" taktik tomonlama qachon o‘zgaradi? Siz Yevropalik mutaxassis hisoblanasiz va barcha muxlislar sizning uslubingizni ko‘rishga qiziqmoqda.

- Taktik uslub deganda aynan nimani nazarda tutayotganingizni bilmayman, balki chiroyli va hujumkor futbolni nazarda tutayotgandirsiz. Lekin men Pep Gvardiola emasman. Men Ilyos Zeytullayevman. To‘g‘ri, Italiyada ko‘p vaqt davomida istiqomat qildim. Jan Pero Gasperini va Mauritsio Sarri kabi mashhur murrabiylar bilan ishladim, ammo men Ilyos Zeytullayevman va mening futbolim boshqacha bo‘ladi. Men hali hamon angrenlik oddiy bir yigitman, faqatgina Italiyaga ko‘chib ketganman. Meva kutishdan avval daraxt ekish kerak. Mehnat qilishda davom etsak, o‘yinimiz ijobiy tomonga o‘zgarishi aniq. Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz deya olaman. Yaratgan egam bizni chiroyli futbol bilan siylashiga ishonaman. Lekin hozir ochkolar jamg‘arib turishimiz kerak.

- Darvozabon Marin Lyubich o‘tgan uchrashuvda qahramonga aylangandi, bugun esa u xatoga yo‘l qo‘ydi. Lyubichning o‘yiniga qanday baho berasiz?

- Lyubich bugun ajoyib o‘yin namoyish etdi. U gol o‘tkazib yuborgan bo‘lishi mumkin, ammo uning mahoratiga shubha qilmaymiz. U bizni ko‘pgina vaziyatlarda qutqardi. Ikkinchi darvozabonimiz Sarvar Karimov ham ajoyib darvozabon. Bizda teng darajali ikkita darvozabon bor.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ilyos Zeytullayev: "Bugungi uchrashuvda 3-4 yillik umrimni yo‘qotdim. Men angrenlik Ilyos Zeytullayevman"