date
views 270

Superkubok oldidan. "Andijon", "Metallurg", "Qizilqum", "Navbahor", "Neftchi" va "Surxon" matbuot kotiblari qanday fikrda?

Superkubok oldidan. "Andijon", "Metallurg", "Qizilqum", "Navbahor", "Neftchi" va "Surxon" matbuot kotiblari qanday fikrda?
Bugun "Paxtakor" va "Nasaf" o‘rtasida O‘zbekiston Superkubogi uchun o‘yin bo‘lib o‘tadi. Ushbu uchrashuvdan oldin Superliga klublarida ishlayotgan matbuot kotiblarining fikrlari bilan qiziqdik.

"O‘zbekiston Superkubogiga qiziqish katta. PFL ham bu o‘yinni yetarlicha va qiziqarli ko‘rinishda anons qilib berdi. Shunga yarasha bu o‘yin haqiqiy futbol shousiga aylanishini istardim.

Lekin unutmaslik lozimki, sovrin egasi faqat ushbu birgina uchrashuvda aniqlanadigan bahsda jamoalar baribir birinchi o‘ringa ehtiyotkor futbolni qo‘yadilar. Bu esa avvalo jamoalar uchun o‘z darvozasi dahlsizligini saqlash ustivor vazifaga aylanadi. Lekin kim birinchi gol ursa, o‘yin “ochilib” ketadi, deb o‘ylayman. “Paxtakor”ni ham, “Nasaf”ni ham hamma biladi. Tarkib va o‘yin sifati bo‘yicha Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi ustunroq.

Lekin bu bilan “Paxtakor”ning kuchiga shubha qilish yaxshi emas. Nazarimda, asosiy vaqtda hammasi hal bo‘ladi. Shu bilan birga murabbiylarning qanday taktika qo‘llashlari ham natijaga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Fikrimcha, kim g‘alaba qozonsa ham 2:1 natijasi qayd etilsa kerak
", - dedi "Andijon" matbuot kotibi Shuhratbek Jo‘rayev.

"Kubok uchrashuvlari natijasini bashorat qilish qiyin. Boisi bitta o‘yindan iborat uchrashuv taqdirini arzimagan xato hal etadi. Shu bois bugun men har ikkala jamoadan ehtiyotkorona o‘yin kutayapman.

Jamoalarning potensial imkoniyatidan kelib chiqsak, biroz ustunlik “Nasaf” tomonida. Jamoa o‘zagi yillar davomida shakllangan. “Paxtakor”da esa bu mavsum tarkib borasida muammolar yuzaga qalqib chiqdi.

Qolaversa, bugungi uchrashuvda jamoalardagi yo‘qotishlar o‘yin sifatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Taxminim, “Nasaf” kichik hisobda g‘alaba qozonadi
", - dedi "Metallurg" matbuot kotibi Komiljon Jumayev.

"Superkubok! Nomning o‘ziyoq futbolchi va muxlislar uchun ko‘p narsani beradi. To‘g‘ri, ayrimlar bitta o‘yindan iborat turnir va jamoalarga (xalqaro maydon uchun) hech narsa bermaydi, degan gap so‘zlarni ta’kidlashsada, futbol ommasi bu uchrashuvga qiziqish bilan qarashiyam ayni haqiqat, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Uchrashuvda shubhasiz, “Nasaf”ga muxlislik qilaman. Taxminimcha, “Nasaf” g‘olib chiqsa kerak, bahsni penaltilar seriyasigacha o‘yinni oborib bo‘lsada... Lekin “Paxtakor” bu har qanday holatda “Paxtakor”. Ular “Nasaf” bilan qanday o‘ynash kerakligini hammadan yaxshiroq bilishadi. Superliga-2024 dastlabki turlarida ham kuchsizlangan “Paxtakor” tarkib jihatdan hammadan kuchli ekanligi aytilayotgan “Nasaf” bilan qanday o‘ynaganligini ko‘rdik. Qolaversa, hamkasbimiz Narzulla Saydullayev ta’kidlaganidek, bu sovrin ushbu ikki jamoa mavsum yakunida 2024 yil uchun qo‘lga kiritadigan birinchi va oxirgi trofey ham bo‘lishi mumkin. Shu va boshqa sabablarga ko‘ra ham bugungi matchning ahamiyati juda yuqori. Nasib etsa, o‘yinni stadiondan kuzatamiz va jangovar futbol spektakliga guvoh bo‘lamiz
", - dedi "Qizilqum" matbuot kotibi Aziz Nuriy.

"Bitta o‘yindan iborat bo‘lgan har qanday hal qiluvchi bahslarda jamoalar ehtiyotkorlik bilan harakat qilib, natija uchun o‘ynaydi. Bo‘lajak uchrashuv ham bundan mustasno bo‘lmaydi, albatta.

“Paxtakor”ning tarkibi o‘tgan yilgiga qaraganda, kuchsizlangan bo‘lsa, “Nasaf” tarkibida yo‘qotishlar bor. Bu ham o‘yinga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Shu bois, ta’kidlaganimdek, bellashuv unchalik shiddatli tarzda kechmasligi, jamoalar faqat natija uchun o‘ynashi ehtimoli yuqori.

Menimcha, bo‘lajak bahsda “Nasaf”ning imkoniyatlari biroz yuqori va ushbu o‘yinda qarshiliklar g‘alaba qozonishsa kerak
", - dedi "Navbahor" matbuot kotibi Ulug‘bek Umarov.

"Bugungi uchrashuvda qarshiliklarni favorit deyish mumkin, ular alaqachon "Paxtakor" bilan finallarda qanday o‘ynashni biladi. Lekin Maksim Shatskix aytganidek, agar yoshlarga yaxshi motivatsiya berilsa, ularga faoliyatidagi birinchi katta yutug‘ini yutish yaxshi singdirilsa toshkentliklarning maqsadi amalga oshadi. Imkoniyatlarni foizda ko‘rsatadigan bo‘lsam "Paxtakor" - "Nasaf" 45%-55%", - dedi "Neftchi" matbuot kotibi Saidafzal Abdullayev.

"Professional Boks muxlislari Tayson Fyuri va Oleksandr Usik o‘rtasidagi jangni albatta tomosha qilishdi. Ukrainalik bokschi og‘ir vaznda mutlaq jahon chempioniga aylangan. Superkubok uchun bahs aynan shu toifaga kiradi. Bu o‘yinda xato qilish uchun imkoniyat yo‘q va g‘olib ramziy ma’noda mamlakatning mutlaq chempioniga aylanadi. So‘nggi yillarning eng yaxshi jamoalari superkubok uchun o‘ynashayotganida, boshqacha bo‘lishi mumkinmi? Albatta, yo‘q.

Qarshining “Nasaf” anchadan beri “Paxtakor”ga muntazam bosh og‘riq keltiruvchi jamoa sifatida o‘zini namoyon qilgan. Jamoaning o‘ziga xos uslubi, katta tajribaga ega murabbiyi, iqtidorli futbolchilari bor. Shu bilan birga, “Paxtakor” har qanday holatda ham faqat g‘alaba uchun kurashishini barcha skeptiklarga allaqachon isbotlab kelgan. “Paxtakor”ni bir qancha yetakchilar tark etishdi, ammo shunga qaramay jamoa “Nasaf” bilan taqqoslanadigan o‘yin ko‘rsatmoqda. Qolaversa, "sherlar"ning o‘zininng jokeri Dragan Cheran bor. U o‘zbekistonlik Zlatan Ibragimovichga o‘xshaydi: hamma uni nafaqaga jo‘natadi, lekin bunga javoban u gollar uradi va to‘xtab qolmoqchi emas

Balki uchrashuv penaltilar seriyasiga o‘tishi mumkin, bunda asosiy faktor futbolchilarning nafaqat futbol fazilatlari, balki psixologiyasi ham bo‘ladi. Ammo bu uchrashuvdan ko‘p narsa kutish mumkin, chunki ushbu ikki jamoada o‘yinning ma’lum bir nuqtasida uchrashuv natijasini hal qila oladigan ajoyib o‘yinchilar bor. Ikkala jamoada ham yo‘qotishlar bor, ammo "Nasaf"da ham, "Paxtakor"da ham ularning o‘rnini bosa oladigan futbolchilar zaxirasi bor. Masalan, “Surxon”ning “Nasaf”ga qarshi o‘ynaganini eslayman, Akmal Mozgovoy Qarshi jamoasida himoyada o‘ynagan. Bu omillarning barchasini hisobga olsak, Maksim Shatskix va Ro‘ziqul Berdiyev o‘rtasidagi jang yanada qiziqarli bo‘lib bormoqda.

Lekin bu o‘yin sermaxsul bo‘ladi deb o‘ylamayman. Bu nafaqat Superkubok g‘olibini aniqlaydigan jang. Bu o‘zbek futboli uchun o‘ziga xos reklama bo‘ladigan o‘yin. Ikki teng jamoa. Ikki buyuk kuch. Bitta kubok. Ko‘rish kerak bo‘lgan o‘yin. Chet el ommaviy axborot vositalarida aytilganidek - Must See
", - dedi "Surxon" matbuot kotibi Yevdokim Raimov.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superkubok oldidan. "Andijon", "Metallurg", "Qizilqum", "Navbahor", "Neftchi" va "Surxon" matbuot kotiblari qanday fikrda?